00:02 / 23.02.2021
3 435

"Oluvrilar, yerimiz kamayib iolmaydi"mi?

"Oluvrilar, yerimiz kamayib iolmaydi"mi?
O‘zbekiston chegaralarini xalqqa bildirmasdan delimitatsiya qilish ishlari davom etyapti. "Nega imi-jimida"mi? Chunki, Farg‘ona vodiysida tortishuvli hududlar ko‘p bo‘lib, hozirgi chegaralar kirdi-chiqdi shakldaligi sababli, ularni o‘zaro yer almashuv orqali belgilashga to‘g‘ri kelyapti. Lekin, O‘zbekiston tarafi bergan tuproqlar evaziga Qirg‘iziston bizga nima bergani haqida aniq bilgi yo‘q.

Kuni-kecha yana tuproq almashish bo‘yicha kelishuvga erishilibdi. Kelishuvga erishish qanchalik qiyin kechganini muzokaralar yarim kechasigacha davom etib, bitimga sahar soat uchda qo‘l qo‘yilganini Sof.uz sayti Qirg‘iziston Davlat xavfsizlik qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashevga tayanib xabar qilgan.

Faqat, yomon tomoni shunda-ki, bu haqda O‘zbekiston davlat rasmiy organlari hech qanday xabar bermayapti. Holbuki, yerga egalik va milliy o‘zlikni anglash tuyg‘usi o‘zbeklardan ancha yuqori bo‘lgan Qirg‘izistonda bu masala yuzasidan har qanday tortishuv va aholi noroziliklari barcha OAV va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinadi.

Xususan, sovet davrida Namangan viloyatidagi O‘ng‘or tog‘i cho‘qqisiga Jalolobobod viloyatiga qarashli aloqa minoralari va teleretranslyatorlar o‘rnatilgandi. 2015-yillardan boshlab shu cho‘qqi yuzasidan ikki davlat orasidagi aloqalar juda taranglashganini O‘zbekistondagi aksariyat kishilar bilishmaydi. Hamma xaritalarda cho‘qqi O‘zbekistonga tegishli ekanligi yaqqol ko‘rinib turgan bo‘lishiga qaramay, qirg‘izlar qattiq ayuhannos ko‘tarishib, cho‘qqi o‘zlariga tegishli ekanligini iddao qilib turaverishgandi.

O‘sha davrlar prezidenti Islom Karimov qo‘shni davlatlarni mensimaslik siyosati yuritgandi. U kishi 1990-yillar so‘nggida televideniye orqali chegaralar masalasida qilgan nodir chiqishlaridan birida ayrim yo‘llar qo‘shni davlarlar hududiga kirib-chiqishi sababli hudud almashmasdan chegaralarni delimitizatsiya qilib bo‘lmasligini aytgandi. Afsuski, undan keyin chegaralar va anklav-eksklavlar masalasini OAVlarda yoritishga yuqoridan taqiq qo‘yildi.

Qirg‘iz tomoni O‘ng‘or cho‘qqisi o‘zlariga tegishli ekanini iddao qilganida Islom Karimov hech ikkilanmasdan, cho‘qqiga vertolyotda o‘zbek harbiylarini chiqarib qo‘ygan. Ular qirg‘izistonlik aloqa xizmati xodimlarini tekshirib, xizmat yeriga o‘tkazishgan. Bundan qirg‘iz tomoni jazavaga tushib, "qo‘shni davlat bizni bosib oldi" degan xabar tarqatgandi.

Qirg‘iziston hududida qolib ketgan Kosonsoy suv omboridan O‘zbekiston foydalanib kelgan, suv ombori yaqinidagi kichik aholi punkti bizga qarashli bo‘lib, sovet davridan qolgan "O‘zbekiston SSRga xush kelibsiz" degan katta lavha ham bor edi. Cho‘qqi voqeasidan keyin, qirg‘iz chegarachilar o‘zbek xizmatchilar Kosonsoyga borish yo‘lini to‘sib qo‘yishdi. Keyinchalik, O‘zbekistonga tegishli aholi punkti ham imi-jimida qo‘shni davlat ixtiyoriga berib yuborildi.

Chegaralar borasidagi siyosiy uquvsizlik o‘zbeklarga juda qimmatga tushdi va bu holat haligacha davom etyapti. O‘ng‘or tog‘idagi cho‘qqi keyinchalik Qirg‘izistonga berib yuborilgan. Ammo, bu haqda o‘zbek jamoatchiligiga hech qanday xabar berilmadi. Evaziga O‘zbekistonga birorta hudud berilganmi-yo‘qmi -- xalq bilmaydi. Lekin, hozirgi kunda google internet-xaritasiga qarasangiz cho‘qqidagi aloqa-uzatkich minoralari Qirg‘iziston tomonda qolgani, chegara esa shundoqqina texnik jihozlardan bir necha qadam naridan o‘tishini ko‘rish mumkin.

Asosan tog‘li hududlardan tuzilgan Qirg‘iziston janubidagi shaharlarni bir-biriga bog‘lovchi ko‘pgina yo‘llar O‘zbekiston hududidan o‘tardi. Yo‘llardan birgalikda foydalanish mexanizmi ishlab chiqilmagani sababli, oxir-oqibatda qo‘shni davlat tog‘larda muqobil aylanma yo‘llar qurishga majbur bo‘ldi. Qirg‘izlar uchun eng yomoni -- o‘zbek tarafi O‘shdan Xonobod orqali Jalolobodga olib boradigan yo‘lni to‘sib qo‘yib, hatto, soy ustidagi ko‘prikni ham buzib tashladi.

O‘zbekiston to‘siq qo‘yish sohasida ancha ilgarilab, Tojikistonni aylanib o‘tish uchun Qamchiq dovoni orqali juda qimmatga tushgan temir yo‘li ham qurdirdi. Juda uzun tunnellardan iborat bu dabdabali qurilish o‘zini oqlaydimi-yo‘qmi, hali ma’lum emas. Lekin, hozirgi dunyoda o‘z qobig‘iga o‘ralgan davlatlar emas, balki qo‘shi va boshqa davlatlar bilan ochiq aloqa qilganlar tezroq ilgarilashini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Lekin, o‘ziga bino qo‘ygan yakkahokimlar uchun bu muhim emasdi.

Andijon viloyatida qo‘shni davlatning Barak anklavi bor edi. Karimov davrida ana shu anklavga boriladigan yo‘l O‘zbekiston tomonidan to‘sib qo‘yilishi holatlari ko‘p bo‘lardi. Sababi -- So‘x va Shohimardon eksklavlariga olib boradigan yo‘lni, o‘z navbatida, qirg‘izlar yopib qo‘yishardi. Men 2018 yili Xonobod shahriga borganimda hudud almashtirish hisobiga Barak muammosi hal qilinishi haqida ish olib borilayotganini aytib berishgandi. Ana shu paytda ham o‘zbek OAVlari bu masalani xalqqa yetkazmagandi. Hozir google xaritasida Barak Qirg‘izistonda ko‘rinadi. Lekin, bizga buning evaziga qaysi tuproqlar berilganini bilmaymiz.

Barak va O‘ng‘or cho‘qqisini o‘ziniki qilib olgan Qirg‘iziston hozirgi kunda So‘x va Shohimardon eksklavlarimizga olib boradigan yo‘lda o‘zini xuddi qaroqchidek tutishni davom ettirmoqda. Men qirg‘iz chegara, bojxona va militsiya xodimlari o‘zbekistonliklarni talayotgani, xatto, urib, ta’magirlik qilib qamab qo‘yishi holatlarini 2000-yillar boshlarida ikki marta Shohimardonga borganimda o‘z ko‘zim bilan ko‘rib, eshitganman.

O‘sha paylar "Internyus" xalqaro tashkilotining Toshkent ofisi yangiliklar dasturi uchun videolavha tayyorlagani Shohimardonga borgandim. Olingan tasvirlardan o‘zimning "Yoshlar" telekanalidagi "Huquq va burch" ko‘rsatuvimda ham foydalanganman. "Davr hafta ichida" dasturiga ham besh daqiqalik lavha tayyorlab berganman. Lekin, chegara mavzusi OAVlarda yoritilmagani uchun efirga uzatilishiga ishonmagandim. Shunga qaramay, boshlovchi Nuriddin uni ikki baravar qisqartirib bo‘lsa ham efirga berilishiga erishgan. Bundan tashqari, "Orolda qolgan o‘zbeklar" nomli bir betlik maqolam "Mohiyat" gazetasida chop qilingan.

Qirg‘izlar qo‘ygan turli noqonuniy to‘siqlar natijasida so‘lim dam olish maskani Shohimardonga boradiganlar soni keskin ozayib ketgan. Bu esa ishsizlar soni sakson foizga ko‘tarilishiga olib kelgan. O‘ttiz yildan oshdi-ki, o‘quvchilarning o‘nlab yozgi dam olish maskanlari huvillab, tashlandiq bo‘lib yotibdi. Bu haqda "Davr hafta ichida"gi lavhamda aytilgan.

Dam oluvchilar sanatoriylarga yetib olishini qo‘yaturing, xodimlarning ishga qatnashi ham jahannam azobiga aylangan. Hozir sanatoriylar ishlaydimi-yo‘qmi, unisi menga qorong‘u. Darvoqe, Shohimardonni mamlakatning asosiy qismi bilan bog‘laydigan yigirma kilometrdan ortiq uzunlikdagi yo‘l O‘zbekiston tomonidan ta’mirlanishi haqida videolavhalarimda aytilgan.

So‘x va Shohimardonda yuz mingdan ortiq aholi yashaydi. Ularning hozirgi ahvoli ikkinchi jahon urushi yillarida 900 kun qamalda qolgan Leningrad fojiasini eslatadi. Shunga qaramay, O‘zbekiston hukumati muammoni yechish uchun o‘ziga berilgan vakolat doirasida yetarli ish qilmayapti. Qamalda qolgan o‘zbekistonliklar esa o‘z yog‘iga o‘zlari qovrulib, ta’magir va qo‘pol qirg‘iz kuch ishlatish tizimlari qo‘liga ishlab topgan pullarini qo‘sh-qo‘llab topshirib, taqdirga tan berib yashashni davom ettirmoqdalar.

O‘rusiyaning Kaliningrad viloyati mamlakatning asosiy qismidan oradagi Belarus va Litva sabab, ajralib qolgan. Litva Ovro‘pa Birligiga a’zoligi uchun, O‘rusiya yurtdoshlari mamlakat hududiga kirish uchun viza oishlari zarur. Lekin, ikki davlat orasidagi kelishuvga asosan, buning chorasi topilgan. Kaliningradliklarning 30 foizi Litva hududiga kirish huquqini beradigan Shengen vizasiga ega. Shuning uchun, ular bemalol harakat qilaverishadi.

Qalovini topsa qor yonar. Shuning uchun, "O‘zbekiston Ovrosiyo iqtisodiy birligiga a’zo bo‘lsa o‘zbek eksklavlariga borib-kelish muammosi hal bo‘ladi" degan gap, qo‘pol qilib aytganda "o‘siraqqa arpa uni bahona" degan naqlni eslatadi...

"Yon qo‘shning -- jon qo‘shning" degan naql ham bizga tegishli emasga o‘xshaydi. Yuksak minbarlardan turib, do‘stlikni madh etuvchi siyqasi chiqqan gaplar esa ko‘pchilikning ensasini qotiradi. Xalq jips bo‘lib, bir yoqadan bosh chiqarmasa bunday ahvol kelajak yillarda ham o‘zgarmasligi aniq.

PS: Shohimardon muammolari haqida "Yoshlar" telekanalida efirga uzatilgan lavhalarimni youtube saytidagi kanalimda tomosha qilishingiz mumkin.

Eslatma: Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.

Muallif: Baxtiyor Shohnazar

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » "Oluvrilar, yerimiz kamayib iolmaydi"mi?