
Toshkent shahridagi tungi klub oldida sodir bo‘lgan zo‘ravonlik ishi bo‘yicha sud hukmi chiqarildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ma’lum qildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi tomonidan ko‘rilgan ishda fuqaro Akmal Shukurov aybdor deb topildi. Sud hujjatlariga ko‘ra, u qasddan og‘ir badan shikasti yetkazish, firibgarlik va bezorilik jinoyatlarini sodir etganligi uchun javobgarlikka tortildi.
Shukurovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “ye” bandi (qasddan og‘ir badan shikasti yetkazish), 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik), hamda 277-moddasi 3-qismi “g” bandi (bezorilik) bo‘yicha hukm chiqarildi. Sud uni 8-yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi.
Tayinlangan jazo umumiy tartibli koloniyalarda o‘taladi. Shu bilan birga, taraflarga hukm ustidan Toshkent shahar sudiga apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat berish huquqi borligi ham ma’lum qilindi.
Sud materiallariga ko‘ra, jinoyat 2025-yil 16-martga o‘tar kechasi, soat taxminan 2:30 atrofida sodir bo‘lgan. Yakkasaroy tumanida joylashgan restoranlardan biri oldida Akmal Shukurov va uning tanishi Xurshid o‘rtasida mojaro kelib chiqqan.
Nizo davomida ularni tinchlantirishga uringan 35 yoshli Borisni Shukurov urib, og‘ir jarohat yetkazgan. Jabrlanuvchi bosh miya jarohati, yuz qismidan yirtilgan jarohat va spirtdan zaharlanish tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Shifokorlar uning hayotini saqlab qolish uchun besh soatlik operatsiya o‘tkazgan va sun’iy komaga tushirgan.
Jinoyatdan so‘ng Shukurov voqea joyidan qochib, bir necha kun davomida yashirinib yurgan. Oradan ko‘p o‘tmay u Qozog‘iston hududida qo‘lga olingan va O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan.
Oliy sud rasmiy vakili Aziz Obidov ta’kidlashicha, bu ish jamoatchilik orasida katta qiziqish uyg‘otgan bo‘lsa-da, sud barcha tomonlarning huquqlarini ta’minlagan holda ishni adolatli tarzda ko‘rib chiqqan.
Huquqshunoslar fikricha, mazkur hukm jamoat joylarida zo‘ravonlik va bezorilik kabi jinoyatlarga nisbatan jazo muqarrarligini yana bir bor ko‘rsatdi. Bu, ayniqsa, yoshlar orasida huquqiy ong va javobgarlikni oshirishga xizmat qiladi.
Sud hukmi qonuniy kuchga kirmaguncha o‘zgartirilishi mumkin bo‘lsa-da, Akmal Shukurovning qilmishi bo‘yicha yig‘ilgan dalillar uning aybini to‘liq isbotlagan.
Huquqni muhofazv qiluvchi organlarning eslatishicha, jamoat tartibini buzgan, zo‘ravonlik yoki firibgarlikka qo‘l urgan har qanday shaxs qonun oldida javob beradi va jazodan hech kim qochib qutula olmaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!