15:46 / 10.03.2021
1 528

COVID-19 bilan kasallanganlarni davolashda sink va vitamin C foyda bermasligi ma’lum bo‘ldi

COVID-19 bilan kasallanganlarni davolashda sink va vitamin C foyda bermasligi ma’lum bo‘ldi
Foto: EPA
Sink glyukanat va askorbin kislota, ya’ni vitamin C retseptsiz beriladigan qo‘shimcha preparatlar hisoblanadi (ro‘yxat raqami 3200-son 06.12.2019). Sink qon tarkibidagi ko‘p shaklli yadroga ega bo‘lgan neytrofil, eozinofil, bazofil leykotsitlarining infeksiyaga qarshi kurashish qobiliyatini oshiradi.

Askorbin kislota esa antioksidant bo‘lib, immunitet faollashishida muhim rol o‘ynashi mumkin. Ushbu xususiyatlarga asoslanib, shifokorlar sink va vitamin C preparatlari COVID-19’da qo‘shimcha davo sifatida foyda berishi mumkin, degan xulosaga kelishgan edi.

Yaqinda COVID-19 bilan kasallanganlarni davolashda sink va vitamin C ta’siri haqida ilmiy tadqiqot o‘tkazildi. Tadqiqot natijalari JAMA Open Network ilmiy jurnalida nashr etildi.

Ilmiy tadqiqot uchun savol quyidagicha qo‘yildi:
COVID-19 bilan kasallangan bemorlarga yuqori dozadagi sink va yuqori dozadagi askorbin kislotasi berilganda yoki ikkalasi ham bir vaqtda berilganda SARS-CoV-2 o‘tkir respirator sindromining belgilari kamayadimi?

Tadqiqot uchun SARS-CoV-2 infeksiyasi tasdiqlangan, kasallikning turli darajalaridagi 4 guruh bemorlar orasidan tasodifiy tanlash orqali 214 nafar bemor ajratib olindi. Shuningdek, bu bemorlarning barchasi ambulator sharoitda tekshirilgan. Kuzatuv 2020 yil 27 apreldan 2020 yil 14 oktabrgacha bo‘lgan muddatda olib borildi. Bemorlarga 10 kun mobaynida har kuni sink glyukanatdan 50 mg, askorbin kislotadan 8000 mgdan berib borildi.

Yakuniy tekshiruv va xulosalar shuni ko‘rsatdiki, ushbu preparatlar bemorlarda SARS-CoV-2 simptomlariga oz miqdorda bo‘lsa ham sezilarli ta’sir qilmagan.

Ushbu sinov Clinical Trials.gov’da ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Identifikatsiya raqami: NCT04342728

«Tadqiqotni boshlaganimizda COVID-19 bilan kasallanganlarni qo‘shimcha davolash va profilaktikasi haqida tadqiqotlar mavjud emas edi» – deydi tadqiqot muallifi doktor Milind Desay (Milind Desai). Pandemiya dunyo bo‘ylab tarqalib, millionlab odamlar zararlana boshlagach, shifokorlar kasallik oldini olishi yoki kasallik simptomlarini yengillashtirishi mumkin deyilgan qo‘shimchalarni sinab ko‘rishga harakat qilishdi. Lekin tadqiqotimiz sink va vitamin C qo‘shimcha davolash uchun effektiv emasligini ko‘rsatdi. Biz esa boshqa qo‘shimcha davolash usullari ustida ish olib boryapmiz».

«Bilamizki barcha COVID-19 bilan kasallanganlarni kasalxonalarga joylashtirish imkoni yo‘q. Shuning uchun imkon qadar uyda qo‘shimcha davolanish uchun kerak bo‘ladigan preparatlarni topishimiz kerak» – deydi tadqiqot mualliflaridan yana biri doktor Suma Tomas (Suma Thomas).

Fazliddin Mo‘minov tayyorladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » COVID-19 bilan kasallanganlarni davolashda sink va vitamin C foyda bermasligi ma’lum bo‘ldi