09:29 / 11.10.2021
2 179

Boshliqning “namoz o‘qimaslikni nazorat” qilishi qonuniymi?

Boshliqning “namoz o‘qimaslikni nazorat” qilishi qonuniymi?
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i tomonidan Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i nomiga yozilgan kafolat xati tarqaldi.

Ushbu kafolat xatida Yakkabog‘ tumani tibbiyot birlashmasi boshqaruvidagi muassasalar hududida bemorlar va tibbiyot xodimlari tomonidan diniy urf-odat va toat-ibodat ishlarini amalga oshirmaslik, namoz o‘qimasligi nazoratini ta’minlanishini kafolatlash qayd etilgan.

Bu borada to‘liq ma’lumotga ega bo‘lish uchun Yakkabog‘ tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i o‘rinbosari Mahmud Rajabov bilan bog‘landik. Mahmud Rajabov bu ishdan xabari yo‘qligini, endi eshitayotganini, rahbari esa majlisda ekanligini ta’kidladi. Shundan so‘ng Qashqadaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ul xodimi bilan bog‘landik, u barcha savollarimizga boshqarma matbuot kotibi javob berishini aytdi. Lekin ikki soatga yaqin urinishlarimiz samarasiz bo‘ldi: matbuot kotibi Nuriddin Egamov qo‘ng‘iroqlarimizga javob bermadi.

Bu kafolat xati qanchalik to‘g‘ri ekanligi hamon mavhum bo‘lib qolmoqda. Shunday bo‘lsa-da, ushbu kafolat xati yuzasidan ba’zi bir masalalarga to‘xtalib o‘tsak.

Xo‘sh, shaxsning e’tiqod erkinligi deganda nima tushuniladi? Fuqarolarning xodim sifatida ibodatlarini qilishiga (namoz o‘qishiga) huquqiy jihatdan qanday qarash mumkin?

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31-moddasiga ko‘ra, har bir inson uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Har bir shaxsning vijdon erkinligi kafolatlanishi nafaqat ma’lum bir dinni tanlashi mumkinligini, qolaversa, shu dinning ko‘rsatmalariga amal qila olish erkinligini ham bildiradi. Ya’ni namoz o‘qish dinning ko‘rsatmalariga amal qilish hisoblanib, bu ham o‘z navbatida shaxsning e’tiqod erkinligi hisoblanadi.

Bu holat 1991 yil 30 sentabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy soveti tomonidan ratifikatsiya qilingan Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasining 18-moddasida ham o‘z aksini topgan.

Shuningdek, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasi 1-qismiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari dinga munosabatidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar. Rasmiy hujjatlarda fuqaroning dinga munosabati ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Fuqarolarning dinga munosabatiga qarab ularning huquqlarini har qanday cheklash va ularga bevosita yoki bilvosita imtiyozlar belgilash, dushmanlik va adovat uyg‘otish yoxud ularning diniy yoki dahriylik e’tiqodi bilan bog‘liq his-tuyg‘ularini haqoratlash qonunda belgilangan javobgarlikni keltirib chiqarishi ta’kidlangan. Bundan tashqari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarda namoz o‘qish taqiqlanmagan va bunga hech qanday cheklovlar ham mavjud emas.

Shunday ekan, xodimlarga nisbatan ibodat qilishda cheklovlar qo‘yish huquqiy jihatdan asosga ega emas.

Islohotlar, erkinliklar va respublikamizda bo‘layotgan o‘zgarishlar tumanlarga yetib bormayapti. Hali ham eskicha ishlash tizimi chekka tumanlarda saqlanib qolmoqda. Tibbiyot xodimining namoz o‘qishi asosiy ishiga xalaqit bermasa (qancha vaqt ham ketardi, bir-ikki mahal namoz uchun), ularni Konstitutsiyada belgilangan erkinligidan qaytarishga, to‘sishga hech kimning ham ma’nan, ham qonunan haqqi yo‘q!

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Boshliqning “namoz o‘qimaslikni nazorat” qilishi qonuniymi?