date

Arne Slot Vinisius haqida: “Bu — kamdan kam futbolchilarda uchraydigan iqtidor”

Arne Slot Vinisius haqida: “Bu — kamdan kam futbolchilarda uchraydigan iqtidor”

Yevropa Chempionlar ligasining to‘rtinchi turida “Liverpul” o‘z maydonida Madridning “Real” jamoasini qabul qiladi. Bu jahon futbolidagi eng intiqlik bilan kutilgan uchrashuvlardan biri sanaladi. Musobaqaning bu bosqichida har bir ochko muhim ahamiyat kasb etayotgan bir paytda, jamoalar nafaqat g‘alaba, balki obro‘ uchun ham maydonga tushishadi.

Uchrashuv oldidan “Liverpul” bosh murabbiyi Arne Slot jurnalistlar bilan suhbatda “Real”ning yetakchi hujumchisi Vinisius Junior haqida fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Vinisiusning o‘yini raqiblar uchun doim katta tahdid hisoblanadi.

“Men uchun “El-Klasiko”dagi Vinisiusning almashtirishga reaksiyasi emas, balki o‘yinning o‘zi esda qolgan. Ikkala jamoa ham juda kuchli, bir-birini to‘liq sinovdan o‘tkazgan. Vinisius esa o‘sha kechada yana bir bor o‘zining darajasini ko‘rsatdi. Ikkinchi daqiqada u juda xavfli vaziyat yaratdi va hatto penalti ishlab olgandi, faqat VAR qarorni bekor qildi”, — dedi Slot.

Murabbiyning so‘zlariga ko‘ra, “Liverpul” Vinisiusga qarshi alohida tayyorgarlik ko‘rmoqda, chunki u yakkama-yakka vaziyatlarda tengsiz futbolchi.

“Biz shunday epizodlarga tayyor bo‘lishimiz lozim. Vinisiusning tezligi va to‘p bilan ishlashi juda yuqori darajada. U ikki, uch, hatto to‘rt himoyachiga qarshi ham maydonda yo‘l topa oladi. Bu — kamdan kam futbolchilarda uchraydigan iqtidor. “Yuventus”ga qarshi o‘yinda besh nafar himoyachi uni to‘xtata olmadi, shundoq ham zarba berib, to‘pni ustunga tekkizgan va keyin u darvozaga kirgan. Uning shunday irodasi va ishtiyoqi hurmatga loyiq”, — deb qo‘shimcha qildi Arne Slot.

Murabbiy shuningdek, “Real” jamoasi bilan bo‘ladigan to‘qnashuv “Liverpul” uchun jiddiy sinov ekanini qayd etdi. “Bu faqat Vinisius emas, butun “Real” haqida gap. Ular jamoaviy harakat bilan o‘ynashadi, hujumda esa har bir futbolchi xavfli. Bizga faqat intizom va yuqori temp kerak bo‘ladi. Shundagina g‘alabaga yetish mumkin”, — dedi u.

Shu tariqa, Arne Slotning fikricha, “Real” bilan duel nafaqat jamoaviy, balki individual mahorat jihatidan ham o‘ta qiziqarli kechishi kutilmoqda. To‘qnashuv bugun tun, Toshkent vaqti bilan soat 01:00 da start oladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Arne Slot Vinisius haqida: “Bu — kamdan kam futbolchilarda uchraydigan iqtidor”