23:53 / 13.11.2021
2 123

Turkiy davlatlar tashkiloti kimni bezovta qilishi mumkin?..

Turkiy davlatlar tashkiloti kimni bezovta qilishi mumkin?..
Ijtimoiy tarmoqlarning rus segmenti kechadan beri qaynab yotibdi. Kimlardir Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (Turkiy kengash)ning nomi Turkiy davlatlar tashkiloti deb o‘zgarganidan, bu davlatlar Istanbulda yig‘ilib, sammit o‘tkazganidan bezovta. Emishki, bu tashkilot Rossiyadagi turkiy xalqlarning “fikrini buzib”, ularni mustaqillikka undarmish!..

Kechagi sammitda nutq so‘zlagan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an Turkiy davlatlar tashkiloti hech kimni bezovta qilmasligi kerak deganda, birinchi navbatda Rossiyani ko‘zda tutgan bo‘lsa ajab emas.

Sammit qardosh va tildosh davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqqanini ko‘rsatdi. Nihoyat, o‘zining betaraflik maqomini vaj qilib ko‘rsatib, shu paytgacha Turkiy kengashga qo‘shilmay kelayotgan Turkmaniston kuzatuvchi davlat bo‘lib qo‘shildi. Menimcha, Ashxabodning bunday qarorga kelishiga O‘zbekistonning 2019 yil oktabrida Turkiy kengashga rasman a’zo bo‘lgani ham ta’sir ko‘rsatgan. Zero, O‘zbekiston qo‘shilguncha kengashda katta kemtik bor edi. Turkiy kengashni turkiy ilm-fan va madaniyatning yorqin namoyondasi bo‘lmish O‘zbekistonsiz tasavvur qilib bo‘lmasdi, albatta. Shunday ekan, O‘zbekistonning Turkiy kengashga a’zo bo‘lishi tashkilot mavqeini mustahkamlagani shubhasiz.

Shu o‘rinda so‘nggi yillarda tashqi siyosatimizda qanchalik ko‘p o‘zgarishlar bo‘lganini eslab o‘tsak: qo‘shni davlatlar va Turkiya bilan aloqalarimiz yaxshilandi, bordi-keldilarimiz ko‘paydi. “O‘zbekiston geosiyosiy dixotomiyadan voz chekib, ko‘pvektorlilikka yuzlanib, o‘zining vaznini, salohiyatini va manfaatlarini jiddiy shaklda parvarishlashga muvaffaq bo‘lmoqda. Oldingi ma’muriyatning xalqaro maydonda o‘z salohiyatini yo‘qotish sabablaridan biri ichki siyosatdagi qattiqqo‘llik bo‘lsa, boshqa bir sabab – tez o‘zgaruvchan, bir yoqlama geosiyosat edi. Bugun O‘zbekiston turkiy davlatlar bilan – Turkiya va qo‘shni davlatlar bilan aloqalarni mustahkamlar ekan, o‘zining tabiiy strategik ittifoqchilari bilan yaqinlashmoqda. Chunki tabiiy, strategik ittifoqchilik zamirida, eng yaqin, mustahkam va ishonchli o‘zliklar turadi”, – deya yozdi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Uning fikricha, Turkiya O‘zbekiston uchun ishonchli ittifoqchi bo‘la oladi, “eng muhimi, Turkiya O‘zbekistonning geosiyosiy mustaqilligiga rahna solmaydi”.

Turkiy kengash (endilikda Turkiy davlatlar tashkiloti)ga qaytadigan bo‘lsak, uning asosiy maqsadi, Erdog‘an aytganidek, a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishdir. Ya’ni tashkilot qaysidir davlatga qarshilik ko‘rsatishni o‘z oldiga maqsad qilib olmagan. Kechagi sammitda ham iqtisodiy aloqalar, o‘zaro savdo-sotiqni rivojlantirish zarurligi haqida ko‘p gapirildi. Tashkilot doirasida hamkorlikni rivojlantirishning 2040 yilgacha bo‘lgan konsepsiyasi tasdiqlandi.

Sammit arafasida bo‘lib o‘tgan turkiy davlatlar tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li turkiy xalqlarni bir daraxtning shoxlariga o‘xshatib, “Kelajakka birgalikda qadam tashlaylik. Dunyoda o‘z so‘zimiz bo‘lsin, hodisalar bizlarni emas, biz hodisalarni yo‘naltiraylik”, dedi. Ya’ni Anqara hammamiz birga va kuchli bo‘laylik demoqda.

Nazarimda, turkiy davlatlarni birlashtiruvchi tashkilot ana endi ularning birgalikda rivojlanishi uchun platformaga aylanish sari amaliy qadamlar tashlanyapti. Endi to‘qsoninchi yillarning boshidagi eyforiya ham, tajribasizlik ham yo‘q. O‘tgan vaqt davomida bo‘lib o‘tgan xatolardan hamma o‘ziga tegishli xulosani chiqargan. Hamma birdamlik va rivojlanish tarafdori. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Istanbul sammitida ta’kidlaganidek, “hozirgi vaqtda dunyoda yuz berayotgan shiddatli jarayonlar, turli tahdid va xatarlar, pandemiya sinovlari, oziq-ovqat xavfsizligi, iqlim o‘zgarishi va ekologiya bilan bog‘liq muammolar barchamizning oldimizga yangi, dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda, bu esa davlatlarimizning hamkorlik borasida hali ishga solinmagan ulkan imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanishni taqozo etmoqda”.

Ubaydulloh Adhamov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Turkiy davlatlar tashkiloti kimni bezovta qilishi mumkin?..