2 418
«Adliya vazirligi nega mujmal iboralarni qo‘llashni boshlayapti?» yoxud korrupsiyaga qarshi kurashda ro‘molning o‘rni...
Kuni kecha Adliya vazirligi tomonidan «davlat xizmatchilarining odob-axloq kodeksi» loyihasi muhokamaga qo‘yilgan. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 iyuldagi PF–6257-son Farmoni bilan tasdiqlangan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturining 2-bandida belgilangan vazifalarni inobatga olib hamda O‘zbekiston Respublikasida davlat xizmatchilarining odob-axloqining yagona qoidalarini belgilash, davlat xizmatida suiiste’molchiliklarning oldini olish va korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish asosiy maqsad sifatida belgilangan.
Biz ushbu “davlat xizmatchilarining odob-axloq kodeksi”ning barcha moddalari bilan tanishib chiqdik. Haqiqatdan ham korrupsiyaga qarshi kurashish uchun yaxshi loyiha shakllantirilgan.
Lekin bizni kodeks loyihasining 32-moddasida keltirilgan talablar hayron qoldirmoqda. Unda «Davlat tashkilotlarida barcha xodimlarga ish joyida bir xilda ularning siyosiy va mafkuraviy qarashlarini yoki dinga munosabatini aks ettiruvchi liboslarda bo‘lish yoki belgilarni taqib yurish taqiqlanadi» deyiladi. Biz bu moddani qay yo‘sinda talqin qilish kerakligiga aniqlik kiritish maqsadida Adliya vazirligi bilan bog‘landik.
Bizga vazirlik matbuot kotibi Sevara Urinbayeva shunday javob berdi: «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi Qonunda O‘zbekiston Respublikasida din davlatdan ajratilgan. Shuningdek, Davlat turli dinlarga e’tiqod qiladigan va ularga e’tiqod qilmaydigan fuqarolar, turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro murosa va hurmat o‘rnatilishiga ko‘maklashadi, diniy aqidaparastlik hamda ekstremizmga, munosabatlarni qarama-qarshi qo‘yish va keskinlashtirishga, turli konfessiyalar o‘rtasida adovatni avj oldirishga qaratilgan xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaydi.
Konstitutsiyaning 12-moddasiga asosan hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emas. Shuningdek ichki tartib qoidalar bor. Unga asosan ayrim joylarda dress kod talab etiladi”.
«Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi Qonunda «diniy libos» tushunchasi olib tashlangan edi, lekin «davlat xizmatchilarining odob-axloq kodeksi»ning 32-moddasida «dinga munosabatini aks ettiruvchi liboslarda bo‘lish» jumlasi kiritilgan. Buni qanday izohlash mumkin? Davlat tashkilotlarida ishlaydigan ayollarimizning ro‘mol o‘rashi ham ushbu kodeks bilan endi taqiqlab qo‘yiladimi? Bu savollarga ham Sevara Urinbayevadan javob oldik. «Davlat tashkilotlarida faqat shunaqa bo‘ladi. Bu davlat xizmatchilariga qo‘yilgan talab», - dedi Sevara Urinbayeva.
Bundan shuni anglash mumkinki agar hech bir o‘zgartirishlarsiz ushbu «davlat xizmatchilarining odob-axloq kodeksi» tasdiqlansa yana davlat ishida ishlaydigan ro‘mol o‘raydigan ayollarimizga qiyin bo‘ladi. Aynan biz muhokama qilayotgan «dinga munosabatini aks ettiruvchi liboslarda bo‘lish» jumlasi to‘g‘risida Azon guruhi xodimi G‘ayratxo‘ja G‘afforxo‘ja o‘g‘li feysbukdagi o‘z sahifasida shunday izoh qoldirgan: «Davlat xizmatchilarining yagona odob-axloq qoidalari» bo‘yicha 2 muhim nuqta: 1. Ushbu qoidalar korrupsiyaga qarshi kurash doirasida ishlab chiqilgan. 2. Ma’lum bir xorijiy davlatlar tajribasidan foydalanilgan.
1. Xodimlarning kiyinishini korrupsiyaga umuman aloqasi yo‘q. Agar kamtarroq kiyinish kerak deyilsa, tushunamiz, ozgina odobdan dars o‘tilibdi, deb, lekin o‘zi zo‘rg‘a qutulganimiz, shu vaqtgacha hech kim tariflab berolmagan «diniy libos» o‘rniga yangi «dinga munosabatni aks ettiruvchi libos» tushunchasini kiritib, nimaga erishilmoqchi? Parlament majlisi haqida «insonlar ularni qonunlar asosida boshqarishlarini istaydilar» nomli maqola chiqargan Adliya vazirligi nega yana yangi mujmal iboralarni qo‘llashni boshlayapti?
2. O‘rganilgan xorijiy davlatlar kodekslarini ko‘rib chiqdik, aynan AQSH, Rossiya, Qozog‘iston, Moldova va, hatto, Bolgariya hujjatlari, lekin HЕCh BIRIda «dinga munosabatni aks ettiruvchi libos»ga yaqin jumla ham topolmadik! Kiyinish madaniyati haqida ularda yo umuman gapirilmagan, yo boshqa narsa aytilgan.
Nega korrupsiyani yengib bo‘lmaydi desa, mas’ul tashkilotlar bu «kurash»ga boshqa narsalarni ham qo‘shib yuborishlarini va shuning oqibatida asosiy masala qolib ketishini aytish mumkin, afsus!
Hurmatli ushbu loyiha mas’ullari, muammo xodimlarning kiyimida emas. Buni tushunishingizni so‘raymiz. Vijdon (e’tiqod) erkinligini chin dildan hurmat qilaylik! Hech bo‘lmasa o‘zingiz tomoningizdan ko‘p bora ko‘tariladigan gender tengligining rioyasini qiling. Davlat organlarida mas’ul lavozimlarda ayollar sonini ko‘paytirishga «ro‘molli»larning bo‘shatish orqali erishmoqchimisizlar? Nega bir tashabbus bilan chiqsangiz qo‘shimcha muammo yaratasiz? Korrupsiyaga qarshi shunday kurashiladimi? Tanish-bilishchilik, mahalliy urug‘-aymoqchilikka qarshi shunday yo‘l tutiladimi? Davlat mablag‘larini talon-taroj qilinishi to‘xtatish «ayollar kiyimi» bilan hal qilinadimi?”.
Biz bu masalaga oydinlik kiritish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lgan, har bir chiqayotgan qonun va farmonlarga o‘z fikr va mulohazalarini bildirib boradigan yurtdoshlarimiz fikri bilan qiziqdik. Shulardan biri feysbuk foydalanuvchisi Mahfuza Nazarova ushbu kodeks loyihasi haqida bir qator tanqidiy, lekin asosliy fikrlarni bildirgan. “Savol: davlat xizmatchisining ish formasi bormi va bu forma qaysi format hamda tamoyillar asosida tanlangan va joriy etilgan?
Diniy libos deganda nimani tushunishimiz kerak?
Agar ro‘mol nazarda tutilgan bo‘lsa, ro‘mol - diniy libos emas, u shunchaki bosh kiyim. Salla, rohibalarning libosi, yepiskoplarning libosini, osib yuradigan xochini diniy libos desa bo‘ladi.
Liboslar bo‘yicha cheklovlar Konstitutsiyada belgilangan normalar hamda "Vijdon erkinligi to‘g‘risida"gi Qonunning moddalariga zid emasmi?
Keyin nima uchun aynan diniy libos, boshqa har qanday liboslar mumkinmi shunda?! Masalan, miniyubka, shorti, jinsi shim, yirtiq shimlar, tor, o‘ta ochiq ko‘ylaklar...
Mumkin bo‘lmasa, nega ular haqida hech narsa deyilmagan?..
Bundan tashqari, spirtli ichimliklar va mast qiluvchi moddalar qabul qilishi, sayoq yurishi, turmushi bo‘la turib, yashirincha ishqiy munosabatlarda bo‘lishi, so‘kinib gapirishi, qo‘l ko‘tarish, zo‘ravonlik qilish mumkinmasligi bo‘yicha bandlar nega yo‘q?!
Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan bo‘lsa, chindan ham, qayta ko‘rib chiqishsin.
Ha, aytgancha, xizmatchilarning majburiyatlari yozilganida huquqlariniyam eslab o‘tish kerak. Davlat xizmatchisiyam mundoq olib qaraganda - oddiy fuqaro, faqat ish payti xizmatchi” deb yozadi Mahfuza Nazarova.
Ushbu kodeks loyihasi aholi muhokamasiga qo‘yilgandan buyon yurtdoshlarimiz tomonidan kodeks loyihasiga berayotgan takliflarini ham o‘rgandik. Achinarlisi shundaki, xalqimiz chiqarilayotgan qonunlardan norozi bo‘lishadi, lekin qonunlar tasdiqlanishidan oldin aholi muhokamasiga qo‘yilganda bunga ko‘pchilik befarq qaramoqda. Birgina «davlat xizmatchilarining odob-axloq kodeksi» loyihasini oladigan bo‘lsak kodeks loyihasi muhokamaga qo‘yilganiga besh kun bo‘lsada bor yo‘g‘i beshta taklif berilgan. Bu takliflarning to‘rttasi kodeksning 32-moddasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida.
Kodeks loyihasiga berilgan takliflarni keltirib o‘tsak:
G‘ayratxo‘ja Saydaliyev (tadbirkor):
«32-modda. Davlat xizmatchisining tashqi ko‘rinishiga oid talablar» bo‘limidagi «...Davlat tashkilotlarida barcha xodimlarga ish joyida bir xilda ularning siyosiy va mafkuraviy qarashlarini yoki dinga munosabatini aks ettiruvchi liboslarda bo‘lish yoki belgilarni taqib yurish taqiqlanadi» bandini aniqroq ochib bersangiz. Ushbu band bilan davlat ishlarida xizmat qiluvchi ayol-qizlarimizga ro‘mol o‘rash taqiqlanishi mumkinmi?».
Xadicha Ramazon qizi Erdonova (davlat xizmatchisi):
«32-modda. Davlat xizmatchisining tashqi ko‘rinishiga oid talablar» bilim va salohiyatli, chinakam kasbiga sadoqatli kadrlarni ko‘paytirish kerak bo‘lgan bir vaqtda bunday norma birmuncha ayollar uchun to‘siq bo‘liq qoladi. Ro‘mol masalasi og‘riqli nuqtaligicha qolmoqda... Imkoniyat berib ish salohiyatini nazorat qilgan foydaliroq”.
Qalandar Beknazarov (tadbirkor):
«Konstitutsiyada din, e’tiqod erkinligi belgilangan. Davlatimizning aksariyat fuqarolari islom diniga e’tiqod qiladi. Islom diniga e’tiqod qiluvchi shariat (din) talabiga tushadigan libosni kiyishi shart. Ushbu qabul qilinayotgan hujjat 32 moddasi 2-bandida libosga nisbatan quyilayotgan talab Konstitutsiyamizning mohiyatiga zid emasmi».
Bobir Muratov (tadbirkor):
«Manfaatlar to‘qnashuvi, korrupsiya bo‘yicha yaxshi tavsiyalar berilgan. Hamma uchun bir xil ishlasa bo‘ldi.
Faqat xalqimizni asosiy qismi musulmon ekanligini bila turib, diniy atributlarni qo‘shib ketilgani sal g‘alati. Bunga ko‘proq izoh berilishi kerak.
Demokratiyada xalqning ko‘pchilik qismining qiziqishlari hisobga olinmaydimi?».
Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqqan holda muhokamaga qo‘yilgan kodeks loyihasining 32-moddasi qaytadan ko‘rib chiqilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Bu kodeks loyihasini aholi muhokamasiga qo‘ygan Adliya vazirligi endi «ayollar huquqlarini kuchaytirish bo‘yicha qator jiddiy takliflar»ni ilgari surmoqda. To‘g‘risi bu vazirlikning qilayotgan ishlari tushunarsiz.
Nurbek G‘ofurov
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas