Qosimov durangni baholab imkoniyatlar va kamchiliklarni ochiqladi

Superliganing 11-turida OKMK va «Neftchi» oʻrtasidagi 0:0 hisobidagi durangdan soʻng mezbonlar bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov matbuot anjumanida ishtirok etib, oʻyin haqida oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi. Taҗribali mutaxassis bahs kutilganidek shiddatli va murosasiz oʻtganini taʼkidladi.
— Kutilgan oʻyin boʻldi. Qarshimizda amaldagi chempion — kuchli va malakali futbolchilarga ega jamoa. Ular ochiq futbol koʻrsatishga harakat qiladi, biz ham shunday uslubni yoqtiramiz. Bugungi uchrashuv kurashlarga boy, qiziqarli kechdi. Oʻylaymanki, muxlislar ham mamnun boʻlishdi. Bizda ham gol urish uchun imkoniyatlar boʻldi, agar ulardan foydalanganimizda natija boshqacha boʻlishi mumkin edi. Lekin oʻyin oxirida yutqazib qoʻyish xavfi ham bor edi. Futbolning goʻzalligi ham shunda, — dedi Qosimov.
Mutaxassis birinchi boʻlimda jamoasi ustunlik qilganini, ammo ikkinchi boʻlimda oʻyin surʼatini saqlab qolishda qiyinchiliklar yuzaga kelganini izohladi.
— Ishtiyoq kuchli boʻlganda baʼzan qaror qabul qilishda xatolarga yoʻl qoʻyiladi. Biz raqibni toʻpsiz qoldirib, tezkor hujumlarga chiqishimiz kerak edi. Bir nechta yaxshi imkoniyatlarimiz boʻldi, ammo ulardan samarali foydalana olmadik. Ayrim vaziyatlarda oddiy qarorlar qabul qilinmagani oʻzimizga qiyinchilik tugʻdirdi, — deya qoʻshimcha qildi u.
Qosimov chempionatda hujumchilarning samaradorligi pasayib borayotgani haqidagi savolga ham javob berdi. Uning fikricha, ligada raqobat kuchaygani har bir oʻyinni murakkablashtirmoqda.
— Chempionat juda ogʻir oʻtmoqda. Qaysi jamoaga qarshi oʻynashingdan qatʼi nazar, hamma kuchli qarshilik koʻrsatyapti. Bu yerda nafaqat mahorat, balki ruhiy tayyorgarlik ham muhim. Futbolchilar oʻz ustida koʻproq ishlashi, oʻzini psixologik jihatdan toʻgʻri tayyorlashi kerak, — dedi murabbiy.
Shuningdek, u jamoada har bir chiziq boʻyicha alohida mutaxassislar boʻlishi foydali ekanini tan oldi, ammo bu masala moliyaviy imkoniyatlarga bogʻliqligini taʼkidladi.
Matbuot anjumani davomida Qosimov jamoaning zich taqvimdagi natijalariga ham toʻxtalib oʻtdi. U aprel oyida qayd etilgan natijalarga baho berishni muxlislar va mutaxassislar ixtiyoriga qoldirdi.
Anjuman soʻngida u «Neftchi» klubi afsonasi Abdusamad Doʻrmonovning vafoti munosabati bilan chuqur taʼziya bildirdi.
— Bu xabarni eshitib juda qattiq iztirob chekdik. Juda samimiy, ochiq koʻngilli inson edi. U bilan «Paxtakor»da ham, milliy terma jamoada ham birga toʻp surganmiz. Alloh rahmat qilsin, joyi jannatdan boʻlsin. Yaqinlariga sabr tilaymiz, — dedi Qosimov.
Qisqacha aytganda, OKMK ustozi jamoasi oʻyinidan qoniqish bildirgan boʻlsa-da, foydalanilmagan imkoniyatlar va ayrim xatolar ustida ishlash zarurligini tan oldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!