Bosh vazir birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov hamda elchi Darxon Satibaldi.
Foto: Xabar.uz
Qozog‘iston hamda O‘zbekiston o‘rtasidagi biror bir ziddiyat yoki kelishmovchilik mavjud emas, deydi qardosh mamlakatning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Darxon Satibaldi. Bu haqda u 16 dekabr – Qozog‘iston Respublikasining mustaqilligi kuni munosabati bilan Toshkentda tashkil etilgan tantanali marosimda gapirdi. Mustaqillikning 30 yillik tadbirida diplomatik missiya va xalqaro tashkilotlar rahbarlari, madaniyat va san’at namoyandalari qatnashdi. Marosimda O‘zbekiston hukumati nomidan bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov ishtirok etdi.
«Qozog‘iston va O‘zbekiston munosabatlarini strategik hamkorlik va qardosh-qo‘shnichilikning yuqori darajasi deb baholash mumkin. Mustaqillikka erishilgan yillardan buyon mamlakatlarimiz yaqin aloqalarni saqlab, mushtarak harakatlar borasida salmoqli mexanizmlarni yaratibgina qolmay, munosabatlarni yanada chuqurlashtirish borasida mustahkam poydevor qo‘ya oldi», – dedi elchi Darxon Satibaldi.
Diplomat O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga joriy yil dekabr oyi boshidagi davlat tashrifiga alohida munosabat bildirdi.
«Tashrif yakunlari mamlakatlarimizning yanada faol iqtisodiy aloqalar va siyosiy yaqinlashuv borasida mushtarak nuqtai nazarda ekanini tasdiqladi, ayni choqda, strategik hamkorlikning yangi ufqlarini ochish imkonini berdi. Ikki tomonlama salmoqli hujjatlar to‘plami (22 hujjat) imzolandi. Ular orasida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani alohida qayd etish joiz. Bu hujjat Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi ishonchga asoslangan munosabatlarning yangi bosqichiga shahodat beradi», – dedi Qozog‘iston elchisi.
6 dekabr kuni Oqo‘rda qarorgohida ikki davlat rahbari ishtirokida o‘tgan muzokaralar yakunida strategik sheriklik ittifoqchilik munosabatlari darajasiga ko‘tarilgandi.
«O‘zbekiston va Qozog‘iston – tabiiy iqtisodiy hamkorlar. Iqtisodiyotlarimiz raqobat qilmaydi, bir-birini to‘ldirib turadi», – degan edi prezident Shavkat Mirziyoyev.
«O‘ylaymizki, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar butun Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashning muhim omili bo‘lib xizmat qiladi», – deya hamkasbi fikrlarini qo‘llab-quvvatlagan edi Qozog‘iston yetakchisi Qosim-Jomart Toqayev.
Tashrif asnosida ikki davlat savdo aylanmasini 10 milliard dollarga yetkazish rejasi ham e’lon qilindi.
Darhaqiqat, savdo-iqtisodiy aloqalar o‘zaro robitalarning muhim jabhasi sanaladi. Qozog‘iston elchisiga ko‘ra, 2016 yildan buyon savdo aylanmasi 2 baravarga ortdi. Joriy yilning 10 oyi mobaynida esa bu ko‘rsatkich 3,2 milliard dollarni tashkil etdi.
Sarmoya bo‘yicha o‘zaro ko‘mak ham kengaymoqda. Qozog‘istonlik sarmoyadorlar asosan yurtimizda qurilish materiallar, metall konstruksiyalar, un ishlab chiqarish, shuningdek, savdo majmualarini rivojlantirish, ob’ektlar barpo etishga mablag‘ tikmoqda. O‘zbekistonlik investorlar esa qo‘shni mamlakatda avtomobilsozlik, to‘qimachilik, farmatsevtika va maishiy texnika ishlab chiqarish sohasida faoliyat yuritmoqda.
Diplomat o‘z nutqida munosabatlardagi nozik nuqtaga ham e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda ikki mamlakat iqtisodiyoti o‘zaro raqobat emas, balki bir-birini qo‘llab-quvvatlash, to‘ldirish yo‘lidan bormoqda.
Elchi D.Satibaldi Qozog‘iston mustaqillik yillarida erishgan asosiy yutuqlarga to‘xtalar ekan, mamlakat rejali iqtisodiyotdan bozor iqtisodiyotiga muvaffaqiyatli tarzda o‘tib, jahon iqtisodiy tizimining to‘laqonli a’zosiga aylanganini qayd etdi.
Diplomatga ko‘ra, 1991 yildan buyon Qozog‘istonda o‘rtacha maosh 17, pensiya 10, YAIM esa 18 baravarga ortdi. 1250 dan ziyod sanoat korxonasi tashkil etildi, 2700 dan ziyod bog‘cha, 1800 ga yaqin maktab va kollej barpo qilindi. Iqtisodiyot tarmoqlariga 370 milliard dollardan ziyod to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb etildi. Qozog‘iston dunyoning eng raqobatbardosh 50 mamlakati safiga qo‘shildi. Endilikda yanada katta marralar ko‘zlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 1991 yilning 16 dekabrida Qozog‘iston Oliy kengashi davlat mustaqilligi va suvereniteti haqidagi qonunni qabul qilgan. O‘shandan buyon 16 dekabr mamlakatning asosiy milliy bayrami – Mustaqillik kuni sifatida nishonlanadi.
S.Salim
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi