Foto: somanyhorses.ru
YHXBB boshlig‘i mashinani mast holda boshqarish Jinoyat kodeksiga kiritilishi kerakligini aytdi. Darhaqiqat, mast holda rulga o‘tirganlar haydovchilik huquqidan mahrum bo‘lsa ham, mashinani YPX xodimlaridan yashirincha boshqarib yuribdi.
IIV YHXBB boshlig‘i polkovnik Olim Saidov mashinani mast holda boshqarish jinoyat ekanligi, bu borada Ma’muriy va Jinoyat kodekslariga jazoni og‘irlashtiruvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar kiritilganini aytib o‘tdi.
Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov spirtli ichimlik iste’mol qilib rul boshqarayotgan haydovchilarga nisbatan 15 sutka qamoq jazosi va haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilishni taklif etdi.
Ayni paytda mast holatda transport vositasini boshqarish O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 131-moddasiga ko‘ra, transport vositasini boshqarish huquqidan bir yil-u olti oydan uch yilgacha muddatga mahrum qilib, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari (6 mln 750 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ayrim davlatlarda mast haydovchilarga darhol jinoiy javobgarlik qo‘llanadi.
Rossiyada mast holda transport vositasini boshqarganlik uchun 30 ming rubl jarima solinadi, shuningdek, 2 yilgacha haydovchilik huquqidan mahrum qilish bilan jazolanadi. Depututlar jarima miqdorini 100 ming rublgacha ko‘paytirish, haydovchilik huquqidan mahrum qilishni uch yilgacha uzaytirishni taklif etishmoqda.
2010 yil avgustida AQSHda jahonda ilk bor mast haydovchi umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Bungacha Texas shtatida yashovchi Bobbi Stovall rulga to‘qqiz marta mast holatda o‘tirib qo‘lga tushgan. Okrug prokurori Jon Bredli o‘z qarorini shunday tushuntirgan: «U kimnidir o‘ldirib qo‘yishidan avval, biz uni to‘xtatishga qaror qildik».
Qo‘shma Shtatlarda qoida tariqasida avtomobilni mast holatda boshqarish jarima bilan jazolanadi. Shtatiga qarab, o‘rtacha 750 dollar jarima to‘lash yoki 30 kundan 6 oygacha qamoqxonada o‘tirishga to‘g‘ri keladi. Qoidabuzarlar haydovchilik huquqidan ham mahrum etiladi. Birinchi marta tushganlarning «prava»si 90 kunga, ikkinchi marta — 1,5 yilga, uchinchi marta — umrbod olib qo‘yiladi. Ayrim shtatlarda qoidabuzarlik takrorlansa, avtomobil musodara qilinadi.
Buyuk Britaniyada rulga mast holda o‘tirgan haydovchi ilk qoidabuzarlik uchun 6 oy qamoq jazosiga hukm qilinadi, u shuningdek, 5 ming funt-sterling jarima to‘lab, haydovchilik huquqidan 3 yilgacha mahrum etiladi.
Germaniyada hammasi haydovchining qonida aniqlangan alkogol miqdoriga bog‘liq. Agar u 1,1 promilledan yuqori bo‘lsa, jinoyat kodeksi doirasida jazoga mubtalo bo‘ladi. U haydovchilik huquqidan mahrum etiladi, 3 oylik ish haqi miqdorida jarimaga tortiladi yoki 5 yilga ozodlikdan mahrum etiladi.
Singapurda bunday qoidabuzarlik uchun 1 yilga haydovchilik huquqidan mahrum etish jazosi qo‘llanadi. Shuningdek, haydovchi katta miqdorda jarima to‘laydi yoki yarim yilcha qamoqda o‘tiradi. Qayta qoidabuzarlik uchun qamoq jazosi 3 yil etib belgilangan.
Bizda ham jazo choralari o‘ta qat’iy qilinishi kerak. Iloji bo‘lsa, bir yo‘la ham qamoq, ham jarima, ham uzoq muddatga transport vositasini haydash huquqidan mahrum qilish qo‘llanishi kerak. Mast holatda boshqarilgan transport vositasi esa (asl egasi kim bo‘lishidan qat’i nazar) «jinoyat sodir etish vositasi» sifatida uzoqroq (3-6 oy) muddatga jarima maydonchasiga kiritib qo‘yish lozim. Ishonavering, mashinadan ma’lum muddatga «ayrilish» eng samarali jazo chorasi bo‘ladi.
DYHXX belgilangan jazo choralarini aholi o‘rtasida kengroq targ‘ib etishi lozim. Toki rulga o‘tirgan har bir haydovchiga yetib borsin.
Shuhrat Shokirjonov, jurnalist
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi