Foto: Javohirbek Yodgoraliyevning shaxsiy arxividan
«Daryo» «Muhojirlar hayoti» loyihasi doirasida xorijda mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklarning hayotini yoritishda davom etadi. Bu galgi qahramonimiz — olti yildan buyon Rossiyada ishlayotgan Javohirbek Yodgoraliyev.
Javohirbek Yodgoraliyev 26 yoshda. Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida tug‘ilgan. Tumandagi iqtisodiyot kollejini tamomlagan.
2014 yil tumandagi kasb-hunar kollejini tamomlab, universitetga hujjat topshirdim — kirolmadim. Qishloqda bekor yurmaslik uchun qarindoshlarim bilan chetga ketdim.
Birinchi manzilim — Qozog‘iston bo‘ldi. Bir korxonada elektr payvandchi bo‘lib ishladim. Ishim davomida til o‘rgandim, qozoq birodarlardan tanishlar orttirdim. Ammo ish juda og‘ir edi. Bir yarim oy o‘tmay hammamiz ortga qaytdik.
Ota-onam Rossiyaga ketishimga qarshi bo‘ldi
Uyga qaytib, odatdagiday dala ishlarini qilib yuraverdim. Sovuq tushib, yumushlar kamaygan, bekorchilikdan zerika boshladim.
Bir tanishim Moskvadagi chiqindini qayta ishlash zavodida ish bor, dedi. U yerdagi ishchilar katta-katta oylik olishi, shart-sharoitlari ham zo‘rligini aytib, meni ko‘ndirdi. Lekin ota-onam ketishimga, aniqrog‘i, yolg‘iz o‘g‘lining allaqanday chiqindixonada ishlashiga qarshi bo‘ldi. Lekin gapimda qat’iy turaverdim. Oxiri chiptaga pul topib, oktabrdayoq Moskvaga uchib ketdik.
Meni aldaganlarning bari o‘zbekistonliklar edi....
Kechasi soat 10:00 larda Moskvaga qo‘ndik. Havo harorati chamasi -6 daraja sovuq edi. O‘rtadagi vositachining shaxsiy haydovchisi bor ekan. Aeroportda bizni kutib olib, ish joyigacha eltib qo‘ydi.
Borganimiz zahoti pasportlarimizni yig‘ishtirib olishdi. Bilsak, noqonuniy ish joyi ekan. Shart-sharoitlari ta’riflagandan battar edi. Yigitlarning gapi bilan elchixonaga telefon qildim. Hech kim ko‘tarmadi. Aslida u yerga telefonda bog‘lanish tugul, eshigi oldiga borib ham kirolmaysiz.
Umuman olganda, Rossiyada aldanib qolish o‘ta tabiiy hol ekan. Nachora, inson hammasiga ko‘nikadi. Ertasidan ishga tushdik. Shahardan tonna-tonna chiqindilar olib kelinardi. Ishimiz ularni saralash edi. Ba’zilarga omad kulib, tilla buyumlar, telefon va kompyuter topib olardi. Katta miqdorda pul chiqqanini ham eshitganman. Boshliqlar ko‘z olaytirishar, lekin olib qo‘yishmasdi. Kim nima topsa, bari yoniga qolardi. Afsuski, men bilan bunday baxtli hodisa sodir bo‘lmadi.
Uch oy deganda arzimagan pul bilan pasportimni qo‘limga berishdi. Ungacha juda ko‘p qiyinchiliklar ko‘rdim. Meni eng xafa qiladigani, aldaganlarning bari o‘zbeklar — yurtdoshlar edi.
Foto: Javohirbek Yodgoraliyevning shaxsiy arxividan
Pasportimni olganimdan keyin hech qayerga murojaat qilmadim, aniqrog‘i, qilolmasdim. Chunki bu ko‘cha qoidalariga to‘g‘ri kelmasdi. Krasnodarga ish qidirib bordim. Ko‘p o‘tmay turklarning qurilish firmasidan ish topdim.
Dastlab armatura to‘quvchi, betonchi, keyinroq qolipchi, kranga yuklarni ortib beruvchi va undagi yuklarni tushiruvchi (stropalshik), panoramali ballonlarda oyna (deraza) o‘rnatuvchi, xullas, juda ko‘p vazifalarda ishladim. Oyligim ham shunga yarasha edi. Oyiga 2 000 dollardan 4 000 dollargacha daromad topardim. Krasnodarda to‘rt yil ishlab, hatto o‘qishgayam kirdim.
Pandemiya tufayli o‘qishimni O‘zbekistonga ko‘chirolmadim
2018 yili Admiral Fyodor Fyodorovich Ushakov nomidagi davlat dengiz universiteti Boshqaruv va iqtisodiyot fakultetining sirtqi yo‘nalishiga o‘qishga kirdim. Ikkinchi bosqichni tamomlab, o‘qishimni O‘zbekistonga ko‘chirmoqchi bo‘ldim. Bu fikr qayerdan xayolimga keldi, bilmayman.
2020 yil ayni karantin payti Oliy ta’lim vazirligining elektron tizimiga o‘qishimni Farg‘ona davlat universitetiga ko‘chirish bo‘yicha onlayn ariza topshirdim. 2 sentyabrda elektron pochtamga 5 sentyabr kuni soat 8:00 da Farg‘ona politexnika institutida imtihon topshirishim haqida xabar keldi.
Uch kun ichida Farg‘onaga yetib borolmasligim aniq edi. Chunki O‘zbekiston yopiq, faqatgina charter reyslar qo‘yilgandi. Elchixonadagilar esa aviachiptalarni ochiqdan ochiq falon dollarga sotishardi. Men ololmadim.
O‘zbekistondagi «Transfer.edu.uz» elektron tizimiga bog‘lanib, vaziyatimni tushuntirganimda bir xodim: «Men oddiy operatorman. Qo‘limdan hech narsa kelmaydi», deb aloqani uzib qo‘ydi.
Tijoriy charter reyslar qo‘yilgach, zo‘rg‘a 23 sentyabrga bilet olib, O‘zbekistonga uchdim. Samolyot Buxoroga qo‘ndi. U yerda mutasaddilar 14 kun davomida uyda karantinda o‘tirishim, agar bunga amal qilmasam, eng kam oylik ish haqining 21 baravari miqdorida jarima to‘lashga roziligim haqida tilxat yozdirib olishdi. Xullas, imtihonga ulgurmadim, qaytishga esa yo‘l yopiq. Ruschasiga aytganda «kasha». Eslashni ham xohlamayman.
Keyin tezda ortga qaytishga harakat qildim. Chunki O‘zbekiston avvalgidan battar «Otangga bor — onaga bor» bo‘lib yotgandi.
Falokat oyoq ostidan chiqsa, yomon ekan...
2021 yil iyun oyida yana Rossiyaga qaytdim. Universitetga ariza berib, o‘qishimni qayta davom ettirishim mumkin edi, lekin xohlamadim.
Taqdir taqozosi bilan aylanib-aylanib, Chuvashiya Respublikasiga kelib qoldim. Avval taksichilik qilib, yaxshi pul topdim.
Afsuski, ko‘p o‘tmay avtohalokatga uchradim. Bir sutka uxlamay, mashina boshqargandim. Svetoforning qizilida o‘tib, bir mashinani urib yubordim. Ayb o‘zimda edi. Falokat oyoq ostidan chiqsa, yomon ekan... Mashinani tuzatib berishga yonimda pulim deyarli yo‘q, endi ko‘proq ishlashimga to‘g‘ri kelardi. Tanish-bilishlarning yordami bilan Yurma zavodiga ishga joylashdim.
Foto: Javohirbek Yodgoraliyevning shaxsiy arxividan
Bekor o‘tirishni yomon ko‘raman
Hozir fabrikada parranda go‘shtini qayta ishlash va qadoqlash bilan shug‘ullanamiz. Mehnat sharoiti Rossiya Mehnat kodeksiga muvofiq, lekin ish og‘ir, hamma ham chidab ketishi qiyin. Kuniga 12 soatlik rejimda ishlaymiz. Orada tushlik qilishga yarim soat vaqt beriladi.
Mehnat sharoitlari yaxshi, tushligi tekin, ish joyigacha avtobusda eltib qo‘yish xizmati bor.
Haftada 6/1 grafigi asosida ishlaymiz. Bo‘sh o‘tirishni yomon ko‘raman. Shuning uchun bir oyda ikki kun dam olishim mumkin. Boshqa kunlari tinimsiz ish. Har o‘n kunda bir maosh beriladi. Oyligim 500 dollar atrofida. Bundan tashqari yana qo‘shimcha ishlarim ham bor. Masalan, Telegram’da aviachiptalar sotaman. Bo‘sh vaqtlarimda kirakashlik qilaman. Xullas, iloji boricha ko‘proq ishlab, kattaroq daromad topishga intilaman.
Yashash joyimga kelsak, ishxona har bir ishchisini turar joy bilan ta’minlaydi. Ammo yotoqxonalarning sharoiti yaxshi bo‘lavermaydi. Shuning uchun ukalarim bilan o‘zimiz ijaraga kvartira olganmiz. Yangi ta’mirdan chiqqan, sharoitlar a’lo, birinchi qavatda, panoramali balkoni bor uy. Oyiga har birimizga 100 dollardan ham tushmaydi. Eng muhimi, o‘zimiz xohlaganday yashaymiz, hech kim xo‘jayinmas.
O‘zbeklarga faqat og‘ir mehnat sharoitlaridagi ish bor
Umuman olganda, Rossiyaning barcha hududida o‘zbeklar ko‘p. Shu qatori men hozir ishlayotgan Cheboksar shahrida ham. Ularning aksariyati talabalar, o‘qishga kelishgan. Darsdan bo‘sh paytlari ishlashadi.
Menimcha, muhojirlarga asosan ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, qurilish kabi og‘ir mehnat sharoitlaridagina talab bor. Chunki Rossiyada ishchi qatlam, asosan, alkogol ishqibozlari, sobiq mahbuslar yoki hayotda o‘rnini yo‘qotganlardan tashkil topgan. Masalan, ichuvchi ishga kirgach, qo‘liga pul tushishi bilan ichib, yo‘qolib ketadi. O‘g‘rini ishga olsa, bor-budidan ayriladi. Noiloj avvaliga o‘zbek yoki boshqa millat muhojirlari xizmatidan foydalanishadi.
Xorijda ishlash jarayonida hech kimning yordamiga muhtoj bo‘lmaganman. Rus tilida maqtansam arzigulik darajada gaplasha olaman, undan tashqari turk tilini ham bilaman.
Elchixonaga ishim tushishidan esa Xudo asrasin. Tashkilot hech qachon ishlamagan, hech kimga foydasi tegmagan. Bundan keyin ham shundayligicha qoladi! 10 ballik shkaladan ularga nol ball qo‘yaman!
Foto: Javohirbek Yodgoraliyevning shaxsiy arxividan
Vatanga qaytmasligim sababi pul bilan bog‘liq emas
Oilamiz uncha katta emas: ota-onam, singlim va men. Singlim turmushga chiqib ketgan. O‘zim bu yil uylanish niyatidaman. Ota-onam hech qayerda ishlashmaydi. 13 sotix yerimiz bor, shundan to‘rt sotixi issiqxona. Uyda dehqonchilik bilan shug‘ullanishadi.
O‘zbekistonda yashash qiyin deyishadi. Lekin men bor qiyinchilikni vatanimda emas, shu yerda ko‘rdim. Olti yil davomida ishlamagan, bosh suqmagan joyim qolmadi. Xudoga shukr, hozir hammasi o‘z joyida. Topish-tutishim yaxshi, nolimayman.
Begona yurtlarda orttirgan pulimni o‘z yurtimda topolmaymanmi? Albatta, yaxshilab harakat qilsam, O‘zbekistonda ham shuncha daromad qila olishimga ishonaman.
Biroq Vatanga qaytmasligim sababi pul bilan bog‘liq emas. Chunki hozir hamma narsam: uy-joy, mashina, eng muhimi, sevimli oilam bor. Nazarimda, men sarguzashtparast bo‘lsam kerak, sababi bir joyda ko‘p vaqt tura olmayman, doim yangiliklarga oshiqaman. Balki, shuning uchun muhojirlikda yurgandirman, bilmayman. Agar bugun O‘zbekistonga qaytish istagi paydo bo‘lsa, ertagayoq uyda bo‘laman.
Muallif: Xonzodabegim A’zamova “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi