13:20 / 06.02.2022
1 401

Ta’lim dargohi ko‘zimga gadoy bo‘lib ko‘rindi

Ta’lim dargohi ko‘zimga gadoy bo‘lib ko‘rindi
Talabalar OTMni bitirayotganda aylanma varaqani to‘ldirishi tartibi prezident farmoni bilan bekor qilingan, shunga qaramay, oliygohlarda bu varaqani talab qilish holatlari davom etyapti.

Prezident farmoni bilan, 2021 yil may oyidan boshlab OTMni tugatganda yoki boshqa joyga ko‘chirganda aylanma varaqani to‘ldirish bekor qilingan.

Talabalar tilida “obxodnoy list” deyiladigan aylanma varaqa talabalar OTMni tugatganda yoki boshqa joyga ko‘chirganda quyidagi ma’lumotlarni mas’ul xodimlardan tasdiqlatib olgani bildiradi:
  • to‘lov shartnomasi bo‘yicha majburiyat bajarilgani;
  • axborot resurs markazidan qarzi yo‘qligi;
  • o‘quv bo‘limidan akademik qarzdor emasligi;
  • talabalar turar joyidan qarzdor emasligi kabilar.

Prezident farmoniga ko‘ra, bu ma’lumotlar OTM tomonidan ichki idoralararo elektron hamkorlik yoki o‘zaro axborot almashinuvi yo‘li bilan olinishi, o‘quvchi-talabalardan talab qilinmasligi kerak. Biroq hanuzgacha talabalar shu varaqa deb “eshikma eshik” sarson.

Kuni kecha Koreya Respublikasida o‘qib, ishlab yurgan yaqin tanishim O‘zbekistonga mehmonga kelib, shu muammoni ko‘tarib qoldi. Uning aytishicha, Samarqand viloyati davlat arxitektura-qurilish institutini bitirayotgan kelinini universitet “obxodnoy list” to‘ldirishga “mahkum qilgan”.

Haqiqatda “mahkumlik” bu. Chunki shu dargohda 4 yil ta’lim olgan, hamma ma’lumotlari shu muassasaning o‘zida bo‘lgan talabani homilador holida sovuqda rosa yugurtirishgan.

Tanishimning hikoyasidan “obxodnoy list” tagida kimlarningdir manfaati borligiga ishonch hosil qildim. Sababi “muqaddas” imzolar va muhrlar qo‘yilishidan oldin ikkita joyda mas’ul xodimlar pul talab qilishgan, biri 20 ming so‘m (“kutubxona fondini rivojlantirish”), boshqa biri 5 ming so‘m (“arxiv uchun”) talab qilgan. Davlat uchun millionlab kontrakt to‘laganda, 25 ming so‘m pulmi...

Aylanma varaqa bilan tanishib, haqiqatda uni to‘ldirib yurgan talaba, universitet uchun “o‘rtoq” ekan degan xulosaga keldim. O‘rtoq deb odatda begonalarga murojaat qilamiz. Talaba bu dargoh uchun begonami? Hujjatda naq 11 ta bo‘linmaning tasdig‘i talab qilinmoqda. Ayrim bo‘linmalarning tasdig‘i nima uchun kerakligini tushunish qiyin.

Kadrlar bo‘limi (talaba xodim emas-ku), choyshabchi (millionlab kontraktlardan boyigan univesitet uchun talabaga bir yilda bitta choyshabni qurbon qilish shunchalar qiyin, “narxi qancha choyshabni ayting?”), kafedra mudiri, fakultet dekani (mabodo, shaxsiy adovati bo‘lsa, sarson qilib, bir-ikki ishini bitirib olishi uchunmi?).

Moliya va iqtisodiyot ishlari bo‘yicha prorektor imzosining talab qilinishiga rosti, yig‘lagim keldi. Avvaliga hisobxona qarzdorligi yo‘qligi haqida tasdiq olasiz (aslida, bir tiyin qarzi bor talabani nafas oldirishmaydi, hatto imtihonlarga ham kiritishmaydi). Keyin prorektor imzo qo‘yadi. Baraka topkur, hisobxona tasdiqlagandan keyin prorektorni bezovta qilishni nima keragi bor? Ha birrovga kirib chiqish zarar qilmas, shu bahonada tanib olish kerakmikan?! Janob prorektorni esa ish joyida topish mushkul.

Prezident hujjati bilan yuqorida tilga olingan sarsongarchilikka chek qo‘yilishi belgilangan bir paytda, mansabdor shaxslarning “qilyapmiz, sekin-sekin hammasi bo‘layapti” qabilidagi e’tiborsizligi islohotlarga ishonchni susaytiradi, chunki bu – islohotlardan maqsad inson qadrini ulug‘lash ekani haqidagi g‘oyaga zid.

Muammo katta pul, alohida dasturlar ishlab chiqadigan darajadagi muhim yechimni talab qilmaydi. Shunchaki, “kalla”ni ishlatib, talaba bitirayotganda uning eng asosiy majburiyatlari bajarilganini tasdiqlovchi bo‘linmalar bitiruvchilarning ro‘yxati bo‘yicha o‘z ma’lumotlarni elektron shaklda tayyorlab, diplom berishga mas’ul marketing bo‘limiga taqdim qilishsa bo‘ldi.

Marketing bo‘limi bu ishlar bilan o‘zi shug‘ullansa, diplom oluvchilar ro‘yxatini shakllanttirib, tegishli ma’lumotlarni o‘zi ko‘rsa ham bo‘ladi. Shunchaki, talabani osongina yugurtirish mumkin bo‘lgan vaziyatda, o‘zini qiynashga ne hojat?

Arzimagan 5 ming, 20 ming uchun xorijda yashayotgan vatandoshlargina emas, oddiy o‘zbek xalqining nigohida ta’lim dargohini gadoyga aylantirib qo‘yish kerak emas.

Bu – ta’lim sohasida ishni tashkillashtirishdagi birgina muammo emas, balki tizimli ravishda qotib qolgan salbiy amaliyotning “isitma”laridan biri. Yana bir farmon bilan aholidan talab qilinishi bekor qilingan bir qator hujjatlar hali ham olinayotgani, ushbu hujjatlar taqdim qilinmasa fuqarolarning talablari ko‘rib chiqilmayotgani kabi holatlar ham bor. Jumladan, quyidagi rasmda berilgan o‘rindoshlik asosida ishga qabul qilish uchun talab qilinadigan hujjatlar ro‘yxati ham Toshkenti azimning OTMlaridan birida kadrlar bo‘limi tomonidan ishga talabgor shaxsga berilgan.

Bu ro‘yxatdagi hujjatlarni yig‘ib kelgunga qadar fuqaroning ishga bo‘lgan moyilligi o‘lib bo‘ladi-ku? Prezidentimiz farmoni bilan davlat organlari va tashkilotlari jismoniy shaxslarga ishga qabul qilish jarayonida pasport ma’lumotlari, shaxsning fotosurati, soliq to‘lovchi jismoniy shaxslarning davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yilgani to‘g‘risida ma’lumotlarni mustaqil ravishda, shu jumladan “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali so‘rab olishi belgilangan.

Prezidentimizning 2021 yil iyul oyidagi yana bir farmoni bilan oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom ma’lumotlarini, jismoniy shaxslarning oxirgi 12 oydagi ish haqini tasdiqlovchi ma’lumotnomalarni talab qilish ham bekor qilingan.

Rivojlangan davlatlar kishilarga ularning ism-sharifini bilish va zarurat bo‘lganda, birgina barmoq izi orqali xizmat ko‘rsatilayotgan davrda biz hamon o‘tgan asrdagi tartiblarda ish ko‘rishimiz qanchalik mantiqqa to‘g‘ri keladi? Aytilmagan va yozilmagan bo‘lsa ham mayli, aytilgan, yozilgan, hujjatda belgilab bergan tartibda ishlaylik, odamlar. Nahotki shu gapni tushunish qiyin?

Shu o‘rinda qonunlarni ochiqcha mensimaslik kayfiyatidagi mulozimlarga “keng ko‘chani” ko‘rsatging keladi. Lekin ketganning o‘rniga yaxshisini topguncha, esing ketadi. Qolaversa, tizimli muammoni faqat kadr almashtirib hal qilish imkonsiz. Eng to‘g‘ri yo‘l – bu davlat xizmatining falsafasini to‘g‘ri tushunish va qo‘l ostidagilarga tushuntirishdir.

Salgina o‘zgarish, salgina mehnat, salgina yumshoq joyni kreslodan uzish kifoya. Shuni ham qilmasangiz, davlat xizmatida nima bor sizga? Bu o‘z nomi bilan xizmat – harakat degani, fuqaroni to‘pdek tepish davlat xizmati emas!

P.S. : Respublika bo‘yicha barcha ta’lim muassasalarida bitiruv “sezoni” yaqinlashayotgani sababli, aylanma varaqa muammosini bugundan hal etish lozim.

Huquqshunos MUNIS

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ta’lim dargohi ko‘zimga gadoy bo‘lib ko‘rindi