
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkor idoralar bilan birgalikda Samarqand, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi yirik operatsiyalar o‘tkazdi.
Samarqand viloyati Urgut tumanida 1998 yilda tug‘ilgan shaxs Tojikistondan aylanma yo‘l orqali 8,8 kg “opiy”ni olib kirishga uringan. DXX Chegara qo‘shinlarining to‘xtash talabiga bo‘ysunmagan u qochmoqchi bo‘ldi, ammo tezkor chora natijasida ushlandi. Tergovda uning sherigi ham aniqlanib, hibsga olindi.
Surxondaryo viloyatida esa avval narkotik savdosi uchun sudlangan shaxs yana “opiy” bilan qo‘lga tushdi. Uning yonidan 31 gramm modda, hamrohidan esa 1,4 kg dan ziyod “opiy” ashyoviy dalil sifatida musodara qilindi.
Xorazm viloyati Gurlan tumanida ikki marta sudlangan shaxs 877 gramm “gashish”ni 14 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan paytda qo‘lga olingan. Ma’lum bo‘lishicha, bu moddalar ham Tojikistondan noqonuniy yo‘l bilan olib kirilgan.
Hozirda barcha shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.
DXX ma’lumotiga ko‘ra, mazkur choralar mamlakatda giyohvandlik vositalarining tarqalishiga qarshi kurashda muhim qadam bo‘ldi.