Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida 6–8 may kunlari III Xalqaro baxshichilik festivali boʻlib oʻtdi. Unda ishtirok etgan Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa san'ati instituti talabasi, namanganlik baxshi Sayyora Sultonova “Daryo” nashriga intervyu berdi.
“Baxshi dardi baxshi qildi...”
Yoshlik davrlarimni eslayman... Shomurod baxshi Togʻaev nomi bilan tanilgan Qashqadaryolik baxshi boʻlardi. Oʻsha baxshi bir terma aytar edi “Bigul”, degan. U termani men toʻliq bilmasdim, ammo bir eri menga juda qattiq ta'sir qilgan: “Otajon jilama, qachon kelasan”. Men otasiz oʻsganman, ikki yoshimdan onamning oʻzlari katta qilganlar. Ushbu termaning aynan oʻsha joyi menga ta'sir qilganligi uchun, men shu termani aytib yurardim. Men termani aytib yurardim-u, ammo u vaqtlarda baxshichilik degan san'atni bilmaganman. Lekin oʻsha kishining termalarini doim eshitardim, menga yoqardi. Eshitganimda butun vujudim larzaga kelardi. Qoʻshilib aytardim, huddiki, meni ham otam qaytib keladigandek...
Alpomish kinosini qayta-qayta koʻrganman. Oʻsha filmda baxshining doʻmbirasini olovga otib yuborardi.
Yoshligimda oʻzim bilmagan holda baxshichilikka qiziqqanman. Onam ham qiziqardilar, koʻp hirgoyalar qilardilar. Hadislaning kitoblarida toʻrt qator she'rlar boʻlardi paygʻambarlar haqida. Oʻsha she'rlarni hirgoya qilib turardi.
Qiziqishlarim avjiga chiqib san'atga boʻlgan ixlosim yildan yilga ortib boraverdi. Hosila Rahimova, Mahmud Nomozovning “Doʻmbira”, degan qoʻshigʻi bor. Koʻproq Hosila Rahimovaning “Qorajon”, “Alpomish kelyapti”, degan qoʻshiqlarini eshitardim.
Men bu sa'natga 26 yoshimda qadam qoʻydim. Birinchi aytgan termam, Shomurod baxshi Togʻaevning “Biyi gul” termasining kuyiga bastalangan onam haqida terma edi.
Surxondaryo viloyatida 2019 yilda baxshichilik festivali boʻldi. Festival jarayonida onam meni chaqirib, xorazmlik Otaxon Matyoqubov “Goʻroʻgʻli” dostonini aytyotganini koʻrsatgandi. Onam oʻsha festivalga borishni orzu qilgandilar.
“Baxshichilikka topshirmaganman...”
Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa san'ati institutida baxshichilik fakulteti ochildi. Men baxshilikka qiziqqanim bilan oliygohning boshqa yoʻnalishiga topshirmoqchi boʻlganman. Oʻsha vaqti folklor yoʻnalishiga hujjatlarimni topshirgani olib borganman. Lekin hujjat topshirishga navbatim kelmagani sababli qabuldagilar “Oʻzimiz topshirib qoʻyamiz, ketavering”, deyishganda qaytib ketgandim. Negadir qabuldagilar baxshilikka topshirib qoʻyishgan. Baxshilik yoʻnalishiga topshirganimni imtihon kuni bilganman. Oʻshanda menga qoʻngʻiroq qilib, “Siz baxshilikka topshirdingiz, dostondan parcha aytasiz”, deyishgan edi. Oʻshanda internetni titkilab, zoʻrgʻa Baxtiyor baxshining “Alpomish” dostoni ijrosini topganman. Ushbu dostondan ijro qilib berganman.
Imtihondan keyin qarasam, oʻqishga kirolmagan ekanman. Shartnoma asosida kirganlar roʻyxatining eng oxirida chiziqdan keyin turardim, bir ball etmay qolgan. Nimadir boʻldi, kimdir shartnomaga oʻqishni xohlamadi shekilli, uning oʻrniga meni oʻqishga qabul qilishdi.
Institutda ustoz baxshilarning dars jarayonida shu sohaga qiziqishim ortib, oʻzim bilmagan holda kirishib ketdim. Birinchi-ikkinchi kursligimda Otaxon Matyoqubov ustozimdan Xorazm yoʻnalishini Nuriddin Aminjonnov ustozimdan esa Fargʻona va Namangan yoʻnalishini oʻrganganman. Namanganda qissaxonlik boʻladi, deb qissaxonlikni oʻrgatishgan. Baribir Surxondaryo-Qashqadaryo meni oʻziga jalb qilavergan. Uchinchi kurs boʻlganimda baribir men Surxondaryo-Qashqadaryo yoʻnalishini oʻrganaman, deb jazm qilganman.
“Prezident e'tiboriga tushdim…”
Birinchi kursligimda Qoraqalpogʻistonda xalqaro baxshilar festivali boʻlgan. Oʻsha festivalda birinchi marta tanlovda doston ijro etganim tufayli unchalik yaxshi chiqmagan. Ammo faxriy yorliq olganman. Undan keyin 2021 yil yana festival tashkil qilindi. Ushbu festivalning ikkinchi mavsumiga qatnashdim. Namangan viloyatida boʻlib oʻtdi. Men oʻsha festivalda birinchi oʻrinni olib 10 million soʻm yutdim. Keyin Respublika bosqichida qatnashib yaxshi ishtirok etdim. Oʻsha joyda Prezidentimiz qoraqalpoq tilida qoʻshiq aytganimni eshitganlar. E'tiborlariga tushganman va sovgʻalarini olganman.
“Folbinlarning maktabi...”
Baxshiligimni eshitib qishlogʻimizda, viloyatimizda juda yaxshi qabul qilishgan. Ayniqsa tumanimiz hokimi Azamjon aka Sultonov baxshilikni juda yaxshi koʻrardi. Oʻshanda “Biyigul” termasini aytib berganimda yigʻlab yuborgandilar. Shu inson hozirgacha meni ham ota, ham homiy sifatida qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Baribir oʻz viloyatingiz qoʻllamasa hechkimsiz.
Vodiy tomonlardagi viloyatlarning odamlari yoʻlda uchrab qolsa, baxshiman deyishim bilan birdaniga boshqa ma'noga burib, “Endi folbinlarning ham oʻqishi ochilibdimi”, deyishgan. Ammo men ularga tushuntirib berganimdan keyin, “Ha, hayyarami”, deyishadi.
Kelajakda niyatimiz ham majburiyatimiz ham baxshilikni tiklash. Oliygohdagi ustozim Zafar aka Hayitov yangilik qilib Qoraqalpoq, Xorazm va Surxondaryo ansanbilini tashkil qilganlar. Men ham oʻz oldimga Namangan ansanbilini tashkil qilishni maqsad qilib qoʻyganman. Maktabma-maktab yurib boʻlsa ham, yoshlar orasidan eng talantlilarini terib olib, tayyorlab ansanbil tashkil qilmoqchiman. Bejizga bir maqol aytilmagan, “Yolgʻiz otning changi chiqmaydi, changi chiqsa ham dongʻi chiqmaydi”. Biz koʻpchilik boʻlsak, bir joyni yorib chiqamiz.
“Barmoqlarning koʻzi bor...”
Baxshi notani bilmaydi, doʻmbirada parada yoʻq. Baxshi yurakdan kuylaydi. Doʻmbirani chalganda barmoqlar oʻzi kuy topadi. Ustozlaning bir gapi bor — “Barmoqning ustida koʻzi bor”, deyishadi. Haqiqatan ham barmoqning oʻzi ohang topadi. Baxshi oʻsha ohang orqali yuragidagi kuyni chiqaradi.
Men doʻmbira chertsam tanam dam oladi, mazza qilaman. Ayniqsa avvallari siqilgan paytlarimda dutor chalganimda mazza qilardim. Shuning uchun dutor bilan doʻmbirani yaxshi koʻraman.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!