date

Tramp Putin bilan Budapesht uchrashuvini nega bekor qildi?

Tramp Putin bilan Budapesht uchrashuvini nega bekor qildi?

AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan Budapeshtda o‘tkazilishi rejalashtirilgan uchrashuvni bekor qilganini ma’lum qildi. Bu haqda Oq uyning rasmiy YouTube kanalidan e’lon qilingan prezident nutqida so‘z borgan, deb yozdi Topnews.

Trampning ta’kidlashicha, u qarorni qabul qilishda vaziyatni atroflicha baholagan va “hozirgi paytda bu uchrashuv to‘g‘ri qadam emasdek tuyulganini” aytgan. Uning fikricha, AQSH hozir Rossiyaga nisbatan “ancha qat’iyroq pozitsiyada turishi” lozim.

“Men bu uchrashuv natija bermasligini his qildim, shu sababli bekor qildim. Ammo kelajakda albatta amalga oshirish niyatim bor”, — dedi Tramp.

Amerika yetakchisi shunday bo‘lsa-da, Moskvaga nisbatan bosimni kuchaytirish niyatida ekanini yashirmadi. “Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etish vaqti keldi”, — dedi u nutq davomida.

Shu bilan birga, Tramp Vladimir Putin ham, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham “mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishni xohlashini” ta’kidladi. “Agar men prezident bo‘lgan paytimda bu mojaro boshlanganida, u umuman sodir bo‘lmasdi”, — dedi u, Ukrainadagi urushning “to‘rtinchi yilga yaqinlashib qolgani”ni eslab.

Amerika rahbari har ikki tomonni “otishmani to‘xtatib, mavjud chiziqda qolish va uylariga qaytishga” chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashingtonning asosiy maqsadi “so‘zsiz tinchlik” va “keskinlikni pasaytirish” bo‘lib qolmoqda.

Qurollanish masalasiga ham alohida to‘xtalar ekan, Tramp faqat AQSH “Tomagavk” qanotli raketalarini boshqarish texnologiyasiga ega ekanini ta’kidlab, “ularni boshqa davlatlarga berish niyati yo‘qligini” bildirdi. “Biz faqat zarurat tug‘ilganda ularni ishga solishimiz mumkin, ammo buni qilishni istamaymiz”, — dedi u.

Avvalroq Amerika matbuoti AQSHning Ukrainaga “Tomahawk” raketalarini yetkazib berishni texnik sabablarga ko‘ra kechiktirayotganini ma’lum qilgandi.

Tramp Budapesht sammiti haqidagi yakuniy qarorni “yaqin ikki kun ichida qabul qilishini” aytgan bo‘lsa-da, natijada uchrashuv bekor qilindi. Shu bilan birga, Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto “Rossiya va AQSH prezidentlari uchrashuvi shubhasiz bo‘lib o‘tadi, masala faqat uning sanasida”, — deya izoh berdi.

CNN telekanali manbalariga ko‘ra, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va AQSH davlat kotibi Marko Rubio o‘rtasidagi suhbatdan so‘ng Vashington “Moskva pozitsiyasi deyarli o‘zgarmaganini” anglab yetgan. Shu bois, yaqin haftalarda sammit o‘tkazilishi “kam ehtimol” deb baholanmoqda.

RIA Novosti agentligi Oq uy manbalariga tayanib, Tramp maslahatchilar bilan uchrashuv masalasini muhokama qilgani, biroq “hozir muzokaralarni olib borish vaqti emas” degan qarorga kelganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, 16-oktyabr kuni Tramp va Putin ikki soat davomida telefon orqali suhbatlashishgan edi. Prezident Tramp “suhbat samarali kechganini” bildirib, Budapeshtda uchrashuv o‘tkazish niyatini bildirgandi.

Shu bilan birga, AQSH moliya vaziri Skott Bessent prezident muzokaralar jarayonidan “hozircha qoniqmaganini” ta’kidladi. “Prezident hozirgi jarayondan hafsalasi pir bo‘lganini yashirmadi”, — dedi u.

Tramp esa oxirida shunday xulosa qildi: “Biz mojaro yakunlanishiga umid qilamiz. Ammo bu bosimsiz, so‘zsiz va kuch ishlatmasdan bo‘lishi kerak.”

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp Putin bilan Budapesht uchrashuvini nega bekor qildi?