Kecha bo‘lib o‘tgan Osiyo Chempionlar Ligasi-2 musobaqasining 3-turidan o‘rin olgan “Andijon” – “Al Haldiya” (0:0) uchrashuvidan so‘ng Sofascore nashri futbolchilar faoliyatini baholadi. Uchrashuvda mezbonlar ustun o‘yin ko‘rsatganiga qaramasdan, gol kiritishning iloji bo‘lmadi.
Eng yuqori ballga yarim himoyachi Muhammadkarim Toirov loyiq topildi. Uning harakatlari, uzatmalaridagi aniqlik va raqib hujumlarini to‘xtatishdagi fidoyiligi uchun 7,7 ball berildi. Bu ko‘rsatkich nafaqat jamoa, balki butun o‘yindagi eng yuqori baholardan biri bo‘ldi.
Darvozabon Erjan Tokotayev ham jamoa muvaffaqiyatida muhim rol o‘ynadi. Uning bir necha muhim seyvlari sababli “Andijon” o‘z darvozasini daxlsiz saqlab qoldi. Sofascore ustida ishlagan ekspertlar Tokotayevning o‘yinini 7,5 ball bilan baholashdi.
Jamoa sardori Damir Temirov va Doniyor Abdumannopov jamoa markazidagi o‘yinni tashkil etishda faol bo‘lishdi. Ular raqib hujumlarini buzish va tezkor qarshi hujumlarni boshlashda katta ish hajmini bajardi — har ikkalasi 6,7 ball bilan baholandi.
Himoya chizig‘ida Sardor Xamidjonov va Kristian Novak ishonchli o‘yin namoyish etdi. Ular jamoa orqasini qattiq nazorat ostida ushlab, xavfli epizodlarda aniq harakat qilishdi. Har ikkalasi ham 6,8 ball oldi.
Hujum chizig‘ida faol bo‘lgan Bahrom Abdumannonov va Otabek Juraqo‘ziyevning o‘yinida faollik ko‘p bo‘lganiga qaramasdan, gol urish imkoniyatlari yakunlanmadi. Ular mos ravishda 6,4 va 6,6 ball bilan baholandi.
Zahiradan maydonga tushgan o‘yinchilar orasida Saidumarxon Saidnurullayev faol harakatlari bilan ajralib turdi (6,5 ball). Shuningdek, Shohjaxon Yorqinboyev (6,4) va Ismahil Akinade (6,5) ham jamoaga yangi kuch qo‘shishga harakat qilishdi.
Umuman olganda, “Andijon” jamoasi yaxshi taktik intizom ko‘rsatdi va maydonda ustunlikni qo‘lga olgan bo‘lsa-da, g‘alabani rasmiylashtira olmadi. Endi jamoa keyingi uchrashuvlarda samaradorlikni oshirish va guruhdan chiqish uchun barcha kuchini safarbar etmoqchi.
Bu natijalarga qaraganda, “Andijon” tarkibida jamoaviy uyg‘unlik va himoyadagi ishonchli harakatlar borligi aniq, ammo hujum chizig‘idagi samaradorlikni oshirish bugungi asosiy vazifaga aylangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!