date

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 19-paket sanksiyalarni yakdil qabul qildi

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 19-paket sanksiyalarni yakdil qabul qildi

Yevropa Ittifoqi davlatlari Ukrainadagi harbiy mojaroda tajovuzkor tomon sifatida ayblanayotgan Rossiyaga qarshi navbatdagi — 19-paket sanksiyalarni ma’qulladi. Bu qaror 22-oktyabr kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan Yevropa kengashi yig‘ilishi arafasida qabul qilindi, deb xabar berdi Reuters agentligi Daniya hukumatining rasmiy bayonotiga tayanib.

«Biz xursandmizki, YEIning barcha a’zo davlatlari 19-sanksiya paketi bo‘yicha yechimga keldi va e’tirozlarini olib tashlashga rozi bo‘ldi. Yozma tartibdagi rasmiy tasdiq jarayoni boshlandi. Agar qarshilik bo‘lmasa, paket ertaga soat 8:00 gacha qabul qilinadi», — deyiladi bayonotda.

Bryusseldagi manbalarning ma’lum qilishicha, Moskvaga qarshi cheklovlar yakdillik bilan ma’qullangan. So‘nggi bo‘lib qarshilikni Slovakiya qaytarib olgan bo‘lsa, Avstriya ham avvalroq paketni to‘smasligini bildirgan edi. Shu bilan Yevropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan iqtisodiy va siyosiy bosimni yanada kuchaytirishga qaror qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Vengriya bosh vaziri Viktor Orban majlisga kechikib kelgan va o‘z ovozini Slovakiya bosh vaziri Robert Fitsoga topshirgan.

Yevrokomissiya 19-paketni sentyabr oyining o‘rtalarida tayyorlagan va unda energetika sohasiga oid jiddiy cheklovlar belgilangan. Xususan, 2027-yil 1-yanvardan boshlab Rossiyadan suyultirilgan tabiiy gaz (LNG) importini butunlay taqiqlash rejalashtirilgan. Shuningdek, «soyadagi flot» deb ataluvchi Rossiyaga tegishli kemalar ro‘yxati kengaytiriladi.

Yangi sanksiyalar nafaqat Moskva kompaniyalariga, balki Rossiya energoresurslarini chetlab o‘tib savdo qilayotgan uchinchi mamlakatlar va ularning firmalariga ham qo‘llaniladi. Bu, ayniqsa, kriptovalyuta orqali amalga oshirilayotgan operatsiyalarga taalluqli bo‘ladi.

Kutilishicha, paket «Rosneft» va «Gazprom neft» bilan har qanday bitimlarni taqiqlaydi hamda Rossiya neftiga qo‘yilgan narx chegarasini yanada pasaytiradi. Bu orqali Yevropa Ittifoqi Rossiya iqtisodiyotining asosiy manbai bo‘lgan energiya eksportini bosim ostida ushlab turishni maqsad qilgan.

YEIda muhokama davomida rossiyalik fuqarolarga turistik Shengen vizalarini berishni cheklash taklifi ham ko‘rib chiqilgan, biroq yakunda vizaviy cheklovlar ro‘yxatga kiritilmadi.

Shunday qilib, Yevropa Ittifoqi yangi sanksiyalar orqali Rossiyaga nisbatan uzoq muddatli bosim siyosatida yana bir muhim qadam tashladi. Mutaxassislar fikricha, bu qaror nafaqat iqtisodiy jihatdan, balki siyosiy nuqtayi nazardan ham Moskva uchun jiddiy signal hisoblanadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 19-paket sanksiyalarni yakdil qabul qildi