date

AQSH Rossiya neft kompaniyalariga kuchli sanksiyalar joriy etdi

AQSH Rossiya neft kompaniyalariga kuchli sanksiyalar joriy etdi

AQSH Rossiyaga nisbatan yangi va hozircha eng keskin iqtisodiy choralarni ko‘rdi — Vashington 22-oktyabr kuni Moskvaga tegishli ikki yirik neft gigantiga qarshi sanksiyalar joriy etdi. Bu haqda AQSH Moliya vazirligi ma’lum qildi.

Yangi cheklovlar «Rosneft» va «Lukoyl» kompaniyalarini qamrab oladi. Rasmiy izohda qayd etilishicha, maqsad — Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlarini moliyalashtirish imkoniyatlarini cheklash. Sanksiyalar e’lon qilingan kun Moskva va Vashington o‘rtasida rejalashtirilgan Tramp–Putin sammitining bekor qilinganidan so‘ng bo‘ldi.

Donald Tramp jurnalistlarga shunday dedi:

«Bu uchrashuv menga to‘g‘ri tuyulmadi. Biz kerakli natijaga yetisha olmasligimiz aniq edi. Shu bois uni bekor qildim».

Shundan so‘ng Tramp sanksiyalar haqida qisqacha izoh berdi:

«Buni qilish uchun to‘g‘ri vaqt edi, shunday his qildim», — dedi AQSH prezidenti.

AQSH Moliya vaziri Skott Bessent ham o‘z chiqishida bu qaror Rossiyaning urushni to‘xtatish borasidagi «sadoqatsizligi»ga javob ekanini ta’kidladi:

«Endi qon to‘kishni tugatish va darhol sulh e’lon qilish vaqti keldi», — dedi u.

Reuters agentligi yozishicha, bu qaror Tramp ma’muriyati siyosatining keskin burilishi bo‘ldi. Oq uy so‘nggi oylarda Rossiya bilan murosaga kelish yoki bosimni kuchaytirish orasida ikkilanib turgandi. Faqat bir hafta oldin Tramp Moskvaga nisbatan yangi sanksiyalarni joriy etishga shoshmaslik tarafdori edi.

Shundan so‘ng neft bozorida ham keskin reaksiya kuzatildi — barrel narxi ikki dollardan ko‘proq oshdi.

Trampning fikricha, urushning chegarasi yo‘qoldi va Moskva tinchlik muzokaralariga jiddiy yondashmayapti. Shu sabab u Rossiyaga nisbatan qattiqroq chora ko‘rish zarurligini ta’kidladi. Shu bilan birga, u hozircha Ukrainaga «Tomahawk» qanotli raketalarini berishga tayyor emasligini bildirdi:

«Bu raketalarni ishlatishni o‘rganish uchun ukrainaliklarga kamida olti oy kerak bo‘ladi», — dedi u NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuvda.

Shu kuni u Xitoy prezidenti Si Jinping bilan bo‘lajak sammit arafasida «Si o‘z ta’siridan foydalanib, Putinni jangni to‘xtatishga undashini» ham umid bilan ta’kidladi.

Eng kuchli sanksiyalar

Bu choralar AQSH tomonidan Rossiya energetika sektoriga nisbatan urush boshlangandan buyon joriy etilgan eng katta bosim hisoblanadi. Bayden ma’muriyati davrida Vashington ittifoqchilarning Rossiya neftini sotib olishiga ruxsat berib kelgan bo‘lsa, endilikda Tramp ma’muriyati to‘g‘ridan to‘g‘ri kompaniyalarni nishonga oldi.

Atlantika Kengashi tahlilchisi Daniel Tannebaumning ta’kidlashicha:

«Bu sanksiyalar jiddiy qadam, ammo samaradorlikni ta’minlash uchun AQSH endi Rossiya bilan savdo aloqasini saqlab qolayotgan uchinchi mamlakatlarga nisbatan ham ikkilamchi sanksiyalar qo‘llashi kerak».

Trampning so‘zlariga ko‘ra, bu choralar Rossiya iqtisodiyotini zaiflashtirishga va uni tinchlik muzokaralariga majbur etishga qaratilgan:

«Bu nihoyatda kuchli sanksiyalar. Ular Rossiyaning eng katta ikki neft kompaniyasiga qarshi yo‘naltirilgan. Urush tez orada yakunlanishiga umid qilamiz».

Moskva va Kremlning javobi

Vashingtonning sanksiyalariga javob tariqasida Kreml ham o‘zining harbiy qudratini namoyish qildi. Rossiya Mudofaa vazirligi Putin ishtirokida strategik mashg‘ulotlar o‘tkazilgani haqida videolavha e’lon qildi. Unda yerda, suv osti kemalarida va havodagi qit’alararo raketalar uchirilgani ko‘rsatilgan.

Mutaxassislar fikricha, bu qadam G‘arb va Kiyevga siyosiy ogohlantirish sifatida qilingan. Ukrainadagi urushning har bir hal qiluvchi bosqichida Kreml yadro qudrati haqidagi signallar orqali bosim o‘tkazishni odat qilgan.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqi ham bu hafta Rossiyaga qarshi 19-sanksiyalar paketini ma’qulladi. Unga ko‘ra, Rossiyadan suyultirilgan tabiiy gaz importi to‘liq taqiqlanadi.

Shvetsiya esa Ukrainaga «Gripen» qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish niyatini bildirdi. Prezident Volodimir Zelenskiyning ta’kidlashicha, Kiyev kelasi yilgacha kamida 100 dona samolyot qabul qilishni rejalashtirmoqda.

Yevropa Ittifoqi rahbarlari esa Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini garov sifatida ishlatib, Ukrainaga 163 milliard dollarlik moliyaviy yordam berish rejasini muhokama qilmoqda. Moskva bu rejani «ochiq o‘g‘rilik» deb baholadi va javob choralari ko‘rishini ma’lum qildi.

Hozirgi vaziyat shundan dalolat bermoqdaki, urush nafaqat maydonda, balki iqtisodiy frontda ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH Rossiya neft kompaniyalariga kuchli sanksiyalar joriy etdi