63
Toshkentda Ibn Battutaning Oʻzbekistondagi sayohatlari toʻgʻrisida interaktiv koʻrgazma tashkil etiladi

Toshkentda oʻtayotgan Oʻzbekiston madaniy meros haftaligida ma'lum qilinishicha, taniqli sayohatchi Ibn Battutaning Oʻzbekiston hududidagi sarguzashtlari, bosib oʻtgan yoʻli, koʻrgan shaharlari me'morchiligi va urbanistikasiga bagʻishlangan zamonaviy texnologiyalar asosidagi interaktiv mediya koʻrgazma tashkil etiladi.
Bu haqida Buyuk Britaniyaning Sent Endryu universiteti professori Abbos Panakkal ma'lum qildi. Unga koʻra, bu borada Oʻzbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi bilan kelishuvga erishilgan boʻlib, Ibn Batutta sayohatlariga doir ekspozitsiyani markaz muzeyida tashkil etish, zamonaviy texnologiyalar asosida Ibn Battuta nigohidagi shaharlarni koʻrsatib berish koʻzda tutilmoqda.
Kelib chiqishi marokashlik boʻlgan Ibn Battuta umrining 30 yilini sayohatga bagʻishlagan. XIV asrlarda yashab oʻtgan sayyoh dastlab Haj safarini amalga oshirish uchun yoʻlga chiqadi, keyinchalik bu maqsad Afrika, Yaqin Sharq, Markaziy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo va Xitoyning ba'zi qismlari boʻylab hayratlanarli 120 ming kilometrdan ortiq yoʻlni bosib oʻtishga turtki boʻladi. Uning asarlarida oʻrta asrlar islom olami va uning boshqa madaniyatlar bilan oʻzaro aloqalari haqida qimmatli ma'lumotlar berilgan. Uning sayohatlari oʻrta asrlarda geografiya tushunchasi yanada koʻproq anglanishiga hissa qoʻshdi, qit'alar boʻylab savdo yoʻllari va madaniy almashinuvlarni xaritada aks ettirdi.

Buyuk Britaniyadagi Ibn Battuta xalqaro madaniyatlararo tadqiqotlar markazi direktori Abbas Panakkal bu borada shunday dedi:
– Hozir biz Markaziy Osiyoda muhim ahamiyatga ega Islom tsivilizatsiyasi muzeyini qurish ostonasidamiz. Bu muzey tadqiqotchilarni islomning yashiringan durdonalarini ochishga undamoqda. Arab sayyohi va tarixchi Ibn Battuta Markaziy Osiyoning bir qator shaharlari boʻylab sayohat qilib, mashxur Samarqand qogʻozi, hudud tabiati, odamlarining turmush tarzi, me'morchiligi, madaniy vaziyat haqida yozib qoldirgan. U daryolar haqida yozarkan, Jayxunni kesib oʻtganini aytadi. Biz avgust oyida oʻtkazilgan kongressda Islom tsivilizatsiyasi markazi bilan memorandum imzoladik. Uning asosida Ibn Batutta sayohatlariga doir ekspozitsiyani markaz muzeyida tashkil etish, zamonaviy texnologiyalar asosida Ibn Battuta nigohidagi shaharlarni koʻrsatib berishni rejalashtiryapmiz.

Ekspozitsiyada Battuta nigohi bilan Samarqand, Buxoro, Toshkent va Termiz shaharlarini virtual koʻrish imkoni taqdim etilishi aytilmoqda. Shu va yana bir qator ilmiy madaniy yangiliklar 18 oktyabr kuni boshlangan Oʻzbekiston madaniy merosi haftaligi davomida e'lon qilinmoqda. Hozirgacha haftalik davomida Temuriy malika qoʻli bilan yozilgan Qur'on qoʻlyozmasi va Oʻzbekxonga atalgan ilk Qur'on mushafi topilgani katta yangilik boʻldi. Shuningdek, Berlin kutubxonasidan Boburiylarga oid hashamatli albom topilgani ma'lum qilingan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar