Angliyaning Liverpul shahrida davom etayotgan boks bo‘yicha 2025 yilgi jahon chempionatida bugun, 13 sentyabr sanasida yarimfinal bosqichi bellashuvlari o‘tkaziladi. Musobaqaning eng muhim bosqichlaridan biri bo‘lgan bu kun yurtdoshlarimiz uchun juda katta ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekistonlik sportchilar ishtirok etadigan bahslar ro‘yxati va vaqtlar quyidagicha belgilandi:
Ayollar yarimfinallari. 13 sentyabr (shanba):
-
51 kg vazn toifasida: Feruza Kazakova – Buse Naz Chaqirug‘lu (Turkiya) / soat 22:00
-
70 kg vazn toifasida: Aziza Zokirova – Lekeysha Pergoliti (Avstraliya) / soat 23:00
Erkaklar yarimfinallari. 13 sentyabr (shanba):
-
65 kg vazn toifasida: Asadxoja Mo‘ydinxojaev – Lasha Guruli (Gruziya) / soat 18:45
-
80 kg vazn toifasida: Javohir Ummataliev – Gabriel Veochich (Xorvatiya) / soat 19:00
Shu bilan birga, kecha o‘tkazilgan chorakfinal bellashuvlarida Nigina O‘ktamova, Sitora Turdibekova, Oltinoy Sotimbaeva, Humorabonu Mamajonova, Mirazizbek Mirzaxalilov va Shavkatjon Boltaev musobaqani tark etishdi. Shuningdek, juma kuni Shodiyor Meliquziyev ham o‘z ishtirokini yakunlagan edi.
Ma’lumot uchun, World Boxing shafeligida kattalar o‘rtasida ilk bor tashkil etilgan mazkur jahon chempionati O‘zbekiston uchun tarixiy ahamiyat kasb etmoqda. Kechagi bahslardan keyin yurtimiz terma jamoasi jami 11 ta medalni naqd qildi. Bu ko‘rsatkich mamlakatimizga umumjamoaviy medallar hisobida yetakchilik qilish imkoniyatini beradi.
Shubhasiz, bugungi yarimfinal janglari nafaqat medallar sonini ko‘paytirish, balki final yo‘llanmalari orqali milliy terma jamoaning nufuzini yanada yuksaltirish imkoniyatidir.