7 528
Shavkat Mirziyoyev xonandalar to‘yma-to‘y yurish bilan bilan ovvoraligiga alohida to‘xtaldi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 avgust kuni ijodkorlar ziyolilari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda bugungi kun estrada ijodkorlari faoliyatini keskin tanqid qilib, ularning ko‘plari to‘yga o‘ralashib qolganini, unvon olguncha elib-yugurib, unvonli bo‘lgach, uni oqlamayotganini ochiq-oydin gapirdi.
“Bizning xalqimiz – san’atsevar xalq, o‘zi sevgan, yoqtirgan ijrochilarni nafaqat televizor yoki sahnada, balki o‘zining yaxshi kunlarida, to‘y-hashamlarida ham ko‘rgisi keladi. Buni hammamiz to‘g‘ri tushunamiz. Ming afsuski, bugungi estrada xonandalarining aksariyati hali Yangiyo‘lga, hali Shovotga, hali Yangiqo‘rg‘onga, hali Chiroqchiga to‘yga qatnash bilan ovora. Boshqa biron masala bilan ishi yo‘q.
Albatta, san’atkorda ham oila, bola-chaqa bor, ularning ham hayotiy ehtiyojlari bor. Buniyam to‘g‘ri tushunamiz. Lekin ijodni pulga, mol-dunyoga almashtirgan odamdan san’at shafqatsiz o‘ch oladi. Oxir-oqibatda har qanday yorqin iste’dod ham so‘nib, el-yurt nazaridan qoladi”, deydi Prezident.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ko‘plab uchrashuvlarda respublika hayotida ro‘y berayotgan har bir voqea-hodisadan xabardorligini, vaqti-vaqti bilan muammolarga echim topilishini, undan hech narsani yashirishning hojati yo‘qligini bot-bot takrorlaydi. Bundan san’at sohasi, xususan telekanallarda efirga uzatilayotgan bemaza kliplar, ma’no-mazmunsiz qo‘shiqlar ham mustasno emas. Davlat rahbari ijodkorlarning bugungi faoliyatiga nazar tashlar ekan, TV orqali efirga uzatilayotgan ayrim kliplar yoshlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishini alohida ta’kidladi:
“Shu o‘rinda, yana bir masalaga sizlarning e’tiboringizni qaratmoqchiman. Gap san’atkor odobi, ularning yurish-turishi, kiyinish madaniyati, muomalasi bilan boshqalarga, eng avvalo, yoshlarimizga o‘rnak bo‘lishi zarurligi haqida bormoqda.
Xushovoz xonanda Sanobar Rahmonovaning bir paytlar kuylagan dilbar qo‘shiqlarini tomoshabinlar hozir ham sog‘inib eslaydilar. Bu san’atkor teleekranda ham, sahnada ham iboli, hayoli, haqiqiy o‘zbek qizining qiyofasini, chinakam obrazini yaratib, qancha-qancha qizlarimizga ibrat bo‘lgan edi.
Afsuski, bugun televidenie orqali berilayotgan ba’zi kliplarni oila, farzandlar davrasida tomosha qilib bo‘lmay qoldi. Har bir harakatida g‘arbga taqlid sezilib turadigan, ochiq-sochiq kiyingan yoshlarni ko‘rib, nahotki shular ham bizning farzandlarimiz, bizning millatimiz vakillari bo‘lsa, deb o‘ylab qolasan kishi”.
Prezident nutqi davomida “O‘zbekiston xalq artistlari” klubini tashkil etish taklifini bildirdi.
“Albatta, bunday muammolar san’atni muqaddas deb biladigan ustoz ijodkorlarimizni ham qiynayotgani tabiiy. Shundan kelib chiqqan holda, “O‘zbekkonsert” qoshida “O‘zbekiston xalq artistlari” klubini tashkil etsak, nima deysizlar?
Ushbu klub a’zolari muntazam yig‘ilishib, yurtimiz va jahon san’at olamida yuz berayotgan ijodiy jarayonlarni muhokama qilib borsa, yuqorida tilga olingan kamchilik va muammolarni echish, yosh iste’dodlar tarbiyasi, madaniyatimizni ravnaq toptirish bo‘yicha yangi g‘oya, tashabbus va takliflar bildirib borsa, o‘ylaymanki, foydadan xoli bo‘lmasdi. Klubning eng faol a’zolari bo‘lgan Xalq artistlarini yil yakuni bo‘yicha e’tirof etib, rag‘batlantirib borishni ham yo‘lga qo‘yish lozim”.
Shavkat Mirziyoyev hammasini juda yaxshi biladi. Hatto, aksariyat xonandalar lisenziya uchun to‘lanadigan pulni bitta to‘yning o‘zidan topa olishini ham. Bu mavzuda gapirarkan, ularning soliqlardan ozod qilinishlariga yarasha javob bo‘lmayotganiga to‘xtaldi.
“Sizlarga ma’lumki, sobiq ittifoq hududidagi boshqa davlatlardan farqli o‘laroq, faqat O‘zbekistonda estrada ijodkorlari aholiga madaniy xizmat ko‘rsatishdan topadigan daromadlari bo‘yicha soliq to‘lash majburiyatidan ozod qilingan. Aytaylik, xonandalarimiz o‘zining gastrol-konsert faoliyatini amalga oshirish uchun bir yilda bir marta belgilangan tartibda ma’lum miqdordagi mablag‘ni to‘lab, lisenziya oladi. Bo‘ldi. Boshqa soliq yo‘q. Aksariyat qo‘shiqchilar mana shu lisenziyaga to‘laydigan pulini bitta to‘yda topishi ham sir emas.
Shuning uchun ba’zan moliya va soliq idoralari tomonidan estrada xonandalarini, boshqa davlatlardagi kabi, daromad solig‘iga tortish bo‘yicha takliflar bildiriladi. Lekin biz azbaroyi san’atimiz, madaniyatimiz rivojini, xalqimizning ma’naviy saviyasini yuksaltirishni o‘ylab, bu takliflarga rozilik bermay kelayapmiz.
Hammangiz tushunasiz, salomga yarasha alik ham bo‘lishi kerak. Xalqimiz san’atkorlardan yaratilgan ana shunday imkoniyat va imtiyozlarga yarasha javob kutishga haqli, albatta.
Shu munosabat bilan bugun bir fikrni alohida ta’kidlab aytishni zarur, deb hisoblayman.
O‘zbekistonda adabiyot va san’at, madaniyat, ommaviy axborot vositalari, ma’naviyat va ma’rifat biznesga aylanmasligi shart va biz bunga hech qachon yo‘l qo‘ymaymiz.
Kimda-kim bu sohalarga faqat pul ishlash, faqat iqtisodiy foyda ko‘rish maqsadida kirayotgan bo‘lsa, ular, marhamat, tadbirkorlik, biznes sohasiga borsin. Mana, bu borada qancha-qancha imkoniyat va imtiyozlar yaratib beryapmiz – shu sohaga o‘tib ishlasin. Lekin ijodiy ishlarga aralashib, o‘zini ham, san’at degan muqaddas tushunchani ham beobro‘ qilmasin. Buni hech kim hech qachon unutishga haqqi yo‘q”.
Manba: Qalampir.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»