9 713
O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi rahbarlariga qattiq zarba berdi
Ertaga Bo‘stonliqning so‘lim oromgohlaridan birida respublika yosh ijodkorlarining 1 forumi ish boshlaydi. Bir necha kun avval respublika yosh ijodkorlar assotsiatsiyasi rahbarlaridan bo‘lmish oydin qizim meni ham ushbu tadbirda ishtirok etishimni so‘radi. Mening she’riyat va tarjima yo‘nalishida dars berishim ko‘zlangani haqida xabar berib, forumning tasdiqlangan dasturini ham yubordi.
Bu haqda birinchi taklif aytilganda, eng avvalo «Kimlar qatnashadi?» degan savolni berdim. Menga murojaat qilgan qizimning yozishicha, forum ishtirokchilarining aksariyati men bilan uchrashish istagini bildirgan ekan.
O‘tgan kuni pochtamga yuborilgan forum dasturini olib, tanishib chiqdim. Ajoyib tadbirligiga ishondim. Ammo, oxir-oqibat assositsiyadan murojaat qilgan oydin qizimga sukut bilan javob berdim. Mening bu sukutim forum ishlarida qatnashmaslik javobi edi. Ayni shu sukutim uchun oydin qizimdan uzr so‘rayman.
Alloh shohid, men yosh ijodkorlar bilan uchrashuvga intizoru tayyor edim. Ularga aytadigan gaplarim ham bor edi. uzoq yillar davomida Zominu Do‘rmon uchrashuvlariga taklif etilmaganim o‘rnini to‘ldirish imkoni tug‘ilgan edi.
Ochig‘i, «Nega sizni Zomindagi yoshlar anjumanlariga taklif etishmaydi?» degan savollar uzoq yillar davomida tinmay pochtamga kelardi. Holbuki, faqat meni emas, Usmon Azim, Yo‘ldosh Eshbek, Xurshid Do‘stmuhammadu Erkin A’zamni, Murod Muhammad Do‘stniyam taklif etishmasdi. Uzoq yillar davomida Zominga bir xil rangsiz shoirlaru bedard nosirlar, aosan uyushmani egallagan uyushgan to‘da maishat uchun borardi.
Mana, endi birinchi bor taklif etishdi. Oydin qizim menga «Sizni ishtirokchilar so‘rashyapti» deb yozdi. Ammo men sukut saqlab javob bermadim. Bo‘stonliqdek chiroyli joyga borib, mamlakatning to‘rt tomonidan kelgan yosh ijodkorlar bilan uchrashishni qanchalik istamayin, yana forumni ochadigan o‘sha Fantomas basharasini ko‘rishni, uning yolg‘on va soxta gaplarini eshitishni istamadim.
Baribir «Nima uchun bormasligim» haqida o‘sha Xudo yorlaqur oydin qizim meni noto‘g‘ri tushunmasin degan maqsadda javob berishni istadim.
Bormasligimning sababi bitta: toki bugun O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi boshida Muhammad Ali va uning nomard o‘rinbosarlari turar ekan, Men – O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron mamlakatdagi rasmiy tadbirlarda ishtirok etishdan saqlanaman.
Biron bir uyushma a’zosini himoya qila olmagan, unga ko‘mak bera olmagan, faqat va faqat o‘zini o‘ylagan tashkilot rahbarlari, qolaversa, tashkilotning o‘zi o‘zgarmas ekan men o‘zimni bunday tashkilot a’zosi deb hisoblamayman va uning biron bir joyda qo‘llamayman va undan hech nima kutmayman.
Bu tashkilot katta zabardast shoirlar o‘lib ketganidan bexabar, Amir Temur haqidagi bir tiyinlik pentalogiyani targ‘ib etuvchi, faqat va faqat shu bemazalikni maqtaydigan xodimlar ishlaydigan Muhammad Alining shaxsiy korxonasidir. Bu tashkilot faqat havaskorlikdan past Zulfiyachi shoiralaru ulardan rohatlanadigan rais o‘rinbosarlarining qo‘shma korxonasidir.
O‘zbekistonda bugungi bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlarga monand, erkin va mustaqil yozuvchilar tashkiloti (birligi, birlashmasi, ammo uyushmasi emas) tashkil topmas ekan, men o‘zimni o‘z erki, huquqini himoyalashga qodir shaxs hisoblab, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga aloqam yo‘q deb bilaman.
Mabodo, O‘zbekiston xalq shoiri unvonini menga berilganiga kelsak, bu ishga O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining mutlaqo aloqasi yo‘qligini qat’iyan aytaman. Bu unvon menga 25 yil davomida Xalqaro «Sharq taronalari» musiqa festivali, har yili bo‘lajigan mustaqillik tadbirlarini, Amir Temurning 660 va Mirzo Ulug‘bekning 600 , Buxoroning 2500, Samarqandning 2750 yilligi ayyomlarini va boshqa bir qator adabiy anjumanlarni tayyorlashda ishtirok etgan ijodkor – ssenariy muallifi sifatida berilganini ma’lum qilaman.
Mening adabiyotga aloqador birgina mukofotim – «Turkiy she’riyatdagi xizmati uchun» tasnifi bilan berilgan Mushfiq mukofotidir. Uniyam menga Ozarbayjon bergan.Oltin Qalam mukofoti bilan televideniye sohasidagi xizmatlarim uchun, ochig‘i g‘olib topilgan telekanal rahbari sifatida taqdirlanganman. Mening 1993 yili Turkiyaning Bursasida Turkcha yozadigan shoirlarning ilk anjumanida Erkin Vohidov, Rauf Parfi, Azim Suyun bilan ishtirok etishim ham Turkiy olam tomonidan qadrlananimni bir e’tirofi deb bilaman.Yagona o‘zbek shoiri sifatida AQShda bo‘lib o‘tgan Osiyo adiblari kongressida ishtirok etganimni ham mening adabiyotdagi arzimas xizmatimning belgisi deb bilaman.
Eng avvalo, «O‘zbekiston xalq shoiri» unvoni adabiyotga va asl shoirlikka mutlaqo aloqasi yo‘qligini aytishim kerak. Buni anglash uchun bitta savolimga javob izlab ko‘ring: she’ri devoriy gazetada e’lon qilinishiga arzimaydigan To‘lan Nizom, Mahmud Toir, Enaxonlar sazovor bo‘lgan bu unvon nega Shavkat Rahmon, Cho‘lpon Ergash, Muhammad Rahmonlarga berilmagan?
Xullas, bugundan e’tiboran toki Muhammad Ali kabi notavon va yebto‘ymas kimsa mazkur tashkilot rahbari ekan men o‘zimni bunday tashkilotga mutlaq aloqam yo‘qligini, uning a’zosi emasligimni e’lon qilaman. Mabodo bu tashkilot kitoblarim nashr etilishiga to‘sqinlik qilishi mumkin deb aytadiganlar paydo bo‘lsa, ularga Mustaqillik yillarida, demak 26 yil davomida O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tizimidagi10 dan ortiq nashriyotda birontayam kitobim nashr etilmaganini aytaman va bundan «o‘lib qolmaganim»ni ham ma’lum qilaman.
Men yozuvchilar bir toifa odamlar bo‘lmasligini, ular turli maslakdagi shaxslar ekanligini yaxshi anglayman. Demak O‘zbekistonda o‘z maslaklari atrofida birlashgan yozuvchilar tashkilotlari kerak. Faqatgina o‘shanda Muhammad Aliga o‘xshagan manfaatparastlardan qutulib, har birimizni himoya qilishga qodir ijodiy ittifoqlar tarkibidagi maslakdosh jamolar sifatida birlashmog‘imiz mumkin.
Bu ittifoq bugunga o‘xshab tepadan tayinlanadigan va bosh maslahatchiga o‘xshagan xudbinlarning ixtiyoridagi qo‘g‘irchoq kimsalar emas, yozuvchilar qurultoyida erkin saylov natijasida saylanadigan ishonchli Shaxslar tomonidan boshqarib boriladi.
Bu ittifoq ijodkorlar mehnati oqibatida milliardlab pul to‘plangan Ijod fondini emib yurgan uyushgan to‘da-yu ularning laganbardorlari uchun emas, MILLAT VA VATAN uchun faoliyat yuritadi.
Davlat ham bu ittifoqqa pul berib, seni boqyapman degan bepisand nazar bilan emas, yillar davomida yozuvchi mehnatidan davlat xazinasida jamg‘arilgan foydani qisman egasiga qaytaryapman degan ruhda siyosat yurgizishi kerak.
Yozuvchi va Ijodkor bu eng avvalo Millat, So‘z va Maslak odamidir. U bir toifadagi odam emas. U YaGONA MILLAT g‘ami bilan yashagan TURLI FIKR odamidir.
Shu o‘rinda qat’iy aytish lozimki,mamlakatda bitta yozuvchilar tashkilotining borligi sobiq sho‘ro imperiyasidan qolgan bir sarqit tushunchadir. Yozuvchilar tashkiloti hamma hayvon qamalgan zoopark emas. Sho‘rolar tuzumining hammani bir xonaga tiqishdan maqsadi nazoratni oson qilish edi. Bugungi yangicha islohotlar bunday badbin va sarqit amaldan voz kechish payti kelgani ko‘rsatmoqda.
Yana bir achchiq haqiqatni aytmasam bo‘lmaydi: O‘zbekistonda yozuvchi qadri bilan bog‘liq , adabiyot muzeylari-yu uy muzeylari bor bo‘lsa barchasi SSSR davrida paydo bo‘lgan. Mustaqillik yillarida esa birgina «Bu uyda Muhammad Yusuf yashagan» lavhidan yoki yomg‘ir yog‘sa to‘kilib ketadigan haykallardan boshqa hech nima yaratilgan emas.
Yozuvchi mehnati ko‘chadagi gado ahvoli bilan bab-barobar. Qalam haqi tushunchasi mosuvo etilgan. Yozuvchi bir necha yillar davom etgan zahmati evaziga nashriyotdan 3-4 kitob oladi xolos.
Yaqinda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda qalam haqini oshirish haqidagi gaplarga men mutlaq ishonmayman. Bularning barchasi populizm uchun aytilyapti. Qalam haqi tushunchasi eng avvalo xalq turmushidagi holat bilan bog‘liq. Odamlar yaxshi oylik olsa, ortiqcha puli paydo bo‘lsa, ana shu ortiqcha daromad evaziga kitob olishi mumkin. Aholi kitob ola boshlasa, nashriyotda muallifga beradigan mablag‘, ya’ni qalam haqi manbai paydo bo‘ladi. Boshqa qalam haqini oshirish haqidagi har qanday va’da demagogiyadan boshqa narsa emas.
Bu masalada o‘tlab ketmay, yana asosiy mavzuga qaytaylik.
Davlat rahbariyati tarixga nazar tashlab eng og‘ir va tahlikali pallalarda amaldorlar emas, millatning yuzi va ko‘zi bo‘lgan insonlar najotkor bo‘lganini o‘ylab ish tutishi kerak. O‘sh, Bo‘ka va boshqa qonli fojialar paytida o‘rtaga davlat rahbarlari emas, e’tiborli yozuvchilar tushganini unutmasligi kerak.
So‘nggi chorak asr, ochig‘ini aytsam, mustaqillik yillarida davlat rahbariyati ijodkor shaxslarning millat va jamiyatdagi o‘rnini rad etib ish ko‘rdi, ularni xalq va jamiyat ishidan chetlashtirdi. Chunki zamon tinch edi. Ilohim tinch bo‘lsin. Ammo, xudo saqlasin, biron notinchlik ro‘y bersa amaldor uchun sichqonning ini ming tanga bo‘ladi, o‘rtaga yana Millat tan oladigan Shaxs chiqishiga zarurat paydo bo‘ladi.
Bugun O‘zbekistonda shunday Shaxs bormi, degan savol javobsiz qoladi, deb o‘ylayman. 25 yillik Shaxsga qarshi kurash shaxssiz olomon jamiyatini yaratdi. Bu achchiq haqiqatdir.
Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev boshlagan islohotlar yana Shaxs tushunchasini tiriltirishga qaratilmoqda. Bu jarayonda yozuvchilar tashkilotining o‘rni sezilishi kerak. Jamiyatdagi Yozuvchi o‘rnini va Shaxsning tirilishini istamaydigan amaldorlar hali-hanuz Prezidentning shundoq yonginasida, unga maslahatlar berib, davralarda qo‘r to‘kib o‘tirishibdi. Bunday shaxslar Prezident bilan ziyolilar uchrashuvini tashkil etish paytida asl basharalarini ko‘rsatib, tadbirga asosan soqov va kar ijodkorlarnigina taklif etib, so‘z aytishga jur’ati va fikri bor Shaxslar ishtirokini qatag‘on etishdi.
Shaxsan men o‘sha uchrashuvda ishtirok etmaganimdan alamzada emasman; chaqirishmadimi, demak mening fikrimdan, munosabatimdan qo‘rqadiganlar borligini bildim, demak, tor davrada emas, Vatan va millat davrasida o‘rnim borligini angladim. Buni anglash uchun O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining a’zosi bo‘lish shart emas, buni anglash uchun millat bilan barobar yashash kerak. Sohibqiron bobomiz vasiyat qilganidek, millat dardi bilan yashash kerakligini esa, «Mustaqillik sharofati bilan emas», qo‘limga qalam ushlagan kunimdan anglaganman.
Yana bir bor respublika yosh ijodkorlarining 1 forumi ishtirokchilaridan va meni umid bilan bu forumga chorlagan oydin qizimdan uzr so‘rayman.
Xurshid Davron
O‘zbekiston xalq shoiri
Adibning Facebook sahifasidan “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Isroil HAMAS va “Hizbulloh” raketalarini lazer quroli bilan urib tushirmoqchi. U qanday ishlaydi?
Qozog‘istonda yana 1 mlrd dollar noqonuniy aktivlar davlatga qaytarildi