Bir paytlar ko‘pchilik bo‘lib “Yoshlar” telekanalida efirga uzatilgan hind serialini to‘xtatgan edik. Tabiiyki, o‘shanda ayrim yurtdoshlarimizga bu yoqmagandi. Ularning fikricha, seriallar odamlarni buzmaydi, bu tarbiyaga bog‘liq. Uning ustiga serial efirdan olib tashlansa odamlar diskini qidirib topadi, internetdan tomosha qiladi va hokazo. Ammo ba’zilar seriallar millat hayotiga, ma’naviyati, sodda qilib aytganda turish-turmushi, kiyinishi, odob-axloqi, turli qadriyatlar, masalan oila, turmush qurish, farzandlarni tarbiyalash, jinsiy hayotga nisbatan munosabati, qarashlarini o‘zgartiradi, deb hisoblaydi. Albatta, har ikki tomonning ham seriallarning efirga qo‘yilishi yoki qo‘yilmasligi borasida o‘z qarashi, dalil va argumentlari bor. Fikr erkinligi, fikrlar qarama-qarshiligi, rang-barangligining borligi katta gap. Oxirgi paytlar ijtimoiy tarmoqlarda seriallar haqidagi mulohazalar, kesatiqlarga ko‘p duch kelayotganim uchun men ham yana bir bor shu haqdagi fikrlarimni o‘rtoqlashishga qaror qildim.
Indallodan aytay: men axloqiy qadriyatlarni yemirishga xizmat qiluvchi seriallarga qarshiman. Fikrlarimning sizga yoqmasligi ularning noto‘g‘ri va asossiz ekanini yoki ularga qo‘shilishga majbur ekanligingizni anglatmaydi.
Xo‘sh, nima uchun bunday seriallar efirga uzatilmasligi kerak? Birinchidan, efirlarimizda hali tanlash imkoniyati yo‘q. Agar bir vaqtning o‘zida to‘rt-besh yo‘nalishda: diniy-axloqiy, ijtimoiy-maishiy mazmundagi seriallar efirga uzatilganida, odamlar o‘zlari xohlagan mahsulotni qabul qilishlariga hech narsa demagan bo‘lar edim. Marhamat, “Zo‘rTV”mi – “Islom TV”, “Sevimli”mi – “Iymon TV” kanallari bo‘lsin. Odamlar shunda qaysi telekanal, qaysi serial, qaysi kinoni tomosha qilishni o‘zlari bilib tanlayveradi. Hozirchi? Hozir barcha telekanallar deyarli bir xil mazmundagi sayoz seriallar efirga uzatilib, aholi chet elning “mag‘zavasi”ni iste’mol qilishga majburlanmoqda.
To‘g‘ri, aqlini tanigan odam televizorni o‘chirib qo‘yib, kitob o‘qishi, vaqtini mazmunli, foydali va unumli o‘tkazishi mumkin, shunday qilishayapti ham. Ammo aholining shunday qatlamlari ham borki, ularning ma’naviyati, oilaviy, diniy-axloqiy qadriyatlarga rioya qilishlari uchun millat ziyolilari mas’ul va javobgar. Chunki bu qadriyatlarga qay darajada rioya qilish o‘sha millatning yashovchanligi, ko‘payishi, bardavom hayot kechirishi uchun muhim. Endi tasavvur qiling: faqat qadriyatlarni yemirish, an’analardan voz kechish, tiyiqsiz istak-xohishlarga ergashib yengil-yelpi hayot kechirishni ochiqchasiga va yashirincha targ‘ib qilayotgan seriallar butun efirni egallasa ahvolimiz nima kechadi (vahimaga solmoqchi emasman)? Ma’lumoti yo‘q, hech qayerda ishlamaydigan uy bekasi bu kabi seriallarda qarasa kimnidir qattiq sevib qolsa, eriga xiyonat qilish mumkinmi? Go‘yoki hamma uni tushunishi kerak. Qarabsizki er bilan ortiqcha yashay olmasligini aytadi va ajrashishga qaror qiladi. Yoshlar esa hech qanday mas’uliyatsiz, javobgarlik va majburiyatlar bo‘lmagan, nikohsiz, vaqtinchalik munosabatlarga asoslangan turmushni odatiy hol deb qabul qila boshlashadi. Axir hamma joyda shunday-ku, nima qilibdi? Bolalar kattalarning aytganini qilishga majbur emas, tungi klublar, ichkilikbozlik, chekish, maishat, aysh-ishrat.... Kiyinish masalasida ham erkinlik o‘z hukmini aytadi: istagan me’yorlarni buzishing mumkin...
Yaqinda Azon.uz saytida milliy telekanallarda efirga berilayotgan seriallar haqida e’lon qilingan maqola ijtimoiy tarmoqlarda keskin va qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Uning aks-sadolari hamon davom etmoqda. Maqolani tanqid qilgan, kesatib, haligacha kulib yurganlar bir narsani unutmasliklari kerak: sayt o‘z ishini bajarayapti, musulmon ziyolisining munosabatini yoritib, auditoriyasiga uning mulohazalarini yetkazdi xolos. Shunday ekan, seriallar haqida, ularning jamiyatga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi yoki hech narsani o‘zgartirmasligi haqida istagancha yozing, xohlagan tarmoq, sayt yoki gazetada e’lon qilavering. Ehtimol sizni qo‘llab-quvvatlovchilar topilib qolar, ular bilan bemalol mulohazalaringizni o‘rtoqlashavering. Ammo hech qachon o‘zgalarning ustidan kulmang, bunga huquqingiz yo‘q!
Sanjar SAID, Sietl
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi