09:05 / 23.02.2018
5 445

Zararli odatdan voz kechish oson bo‘lmadi

Zararli odatdan voz kechish oson bo‘lmadi
Aksar zamonaviy hind filmlari boshida chekish inson salomatligiga zararli ekanini uqtiruvchi ijtimoiy reklama bilan boshlansa-da, kinokartinalarda aktyorlarning chekayotgani tasvirlangan kadrlar uchrab turadi. Bundan Bollivud yulduzlarining hammasi shu zararli odatga berilgan, deb xulosa chiqarish noto‘g‘ri. Zero, ashaddiy kashanda bo‘lganiga qaramay, o‘zida bu zararli odatdan voz kechishga kuch topa olgan aktyorlar ham kam emas.

“Chekishni tashlashning oson yo‘li”

Ritik Roshan ko‘plab besamar urinishlardan so‘ng nihoyat 2012 yilda chekishni batamom tashladi. “Zararli odat bilan uzoq kurashishimga to‘g‘ri keldi, — deb eslaydi Ritik. — Men nikotin patchlarini va boshqa usullarni sinab ko‘rdim, ammo hech nima yordam bermasdi: yana sigaretga qo‘l uzatardim. O‘z hayotimni tamakisiz tasavvur qilolmasam-da, bu xavfli odatni tashlash umididan voz kechgim kelmasdi. Samara berishi mumkin bo‘lgan usullarni izlashdan to‘xtamasdim: bu qaramlikdan qutulishga erishgan odamlar bilan gaplashardim, ilmiy maqolalarni o‘qirdim, “YouTube”dagi videoroliklarni tomosha qilardim. Nihoyat, Allen Karrning “Chekishni tashlashning oson yo‘li” kitobiga duch keldim va bu aynan menga kerakli narsa bo‘lib chiqdi. Kitobni buyurtirdim va diqqat bilan o‘qidim. So‘nggi sahifani yopgan kunim qo‘limda sigaret tutgan so‘nggi kunim bo‘ldi”.

“Yaqinlarim uchun voz kechdim”

Amir Xon 2011 yilda, oila a’zolarining qat’iy qistovidan so‘ng chekishni tashladi. Aktyor kuniga 40talab sigaret chekishi mumkin edi, ammo o‘g‘li Ozod tug‘ilgandan keyin bu zararli odatdan voz kechishga qaror qildi.

“Navbatdagi filmim ekranga chiqayotganda, har doim qattiq asabiylashardim, — deb tan oladi Amir. — Sigaret menga tinchlantiruvchi ta’sir ko‘rsatardi, zo‘riqish va ziqlikdan xalos qilardi. Ammo tamaki hidi bolalarim — o‘g‘lim Junaid va qizim Ayraga umuman yoqmasdi. Xotinim Kiran va oyim ham doim mendan sigaretlarni yo‘qotishimni talab qilishardi. Nihoyat, 2011 yil 1 yanvarda yangi hayot boshlashga qaror qildim. Aytishim kerakki, bu zararli odatdan asosan yaqinlarim uchun voz kechdim”.

Film uchungina yana qo‘lga oldi…

Saif Ali Xon 2006 yilda, og‘ir kasallikdan so‘ng tuzalayotganda chekishni tashlashga qaror qildi. Saifni ko‘ksida kuchli og‘riq bilan kasalxonaga yotqizishdi. Tekshiruvdan so‘ng shifokorlar unga yuragida muammo borligini, bunga haddan tashqari ko‘p chekishi ham sabab bo‘layotganini aytishdi.

Zararli odatdan voz kechgach, aktyor “Rangun” (“Rangoon”, 2017) filmida suratga tushayotganda yana eski odatga qaytishga majbur bo‘ldi. Chunki ssenariy bo‘yicha shunday qilish talab etilayotgandi. Xonning qahramoni — kinematografchi Rustam Rusi bir nechta sahnada sherigi Rabekka bilan chekishi kerak edi. Saifning aytishicha, u sigaretni yana faqatgina rol uchun qo‘lga oldi, suratga olish ishlari tugagach, bu zararli odatni tark etadi.

“Hayot tamakisiz qanchalar yaxshi!”

Ranbir Kapurning chekishni tashlashiga “Barfi” (“Barfi”, 2012) filmida suratga tushayotganda rejissyor Anurag Basu bilan o‘ynagan garovi yordam berdi. Garovda yutish uchun Kapur suratga olish ishlari tugaguncha sigaretga umuman yaqinlashmasligi kerak edi. “Gap faqat bahsda emasdi, — deydi Ranbir. — Men sog‘lom bo‘lishni va muxlislarimga yaxshi o‘rnak bo‘lishni istardim. Yomon odatdan qutulgach, men — ashaddiy kashanda, birdan hayot tamaki tutunisiz qanchalik yaxshiligini his qildim. Bo‘sh vaqting ko‘payadi va sen bu vaqtni sigaret tutatishdan ko‘ra, ancha qiziq va foydali ishga bag‘ishlashing mumkin. O‘zimni hozir ancha tetik va g‘ayratli his qilyapman”.

Manba: tasvir.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Zararli odatdan voz kechish oson bo‘lmadi