date

Abduqodir Husanov sog‘aydi, “Manchester Siti” derbiga tayyorlanmoqda

Abduqodir Husanov sog‘aydi, “Manchester Siti” derbiga tayyorlanmoqda

O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov “Manchester Siti”ga qo‘shilgandan buyon yurtdoshlarimiz orasida bu jamoaga bo‘lgan qiziqish yanada ortib bormoqda. Hozirgi mavsumda ham Xosep Gvardiola boshqaruvidagi “shaharliklar” ishtirok etadigan barcha musobaqalarda oltin medal uchun kurashishi kutilyapti. Biroq oldinda juda murakkab va sermas’uliyat sinovlar turibdi.

“Siti” qisqa muddat ichida — bor-yo‘g‘i besh kun davomida Angliya Premer-ligasi va Yevropa Chempionlar ligasida uchta hal qiluvchi bellashuv o‘tkazishi kerak. 14 sentyabr kuni “Etixad” stadionida “Manchester Yunayted”ga qarshi derbi bo‘lib o‘tadi. Shundan so‘ng, 18 sentyabr kuni Yevropa maydonlarida Italiya chempioni “Napoli”ga qarshi sinov kutmoqda. Keyin esa 20-sentyabr kuni jamoa Londonga yo‘l olib, ashaddiy raqib “Arsenal”ga mehmon bo‘ladi.

Oxirgi haftalarda “shaharliklar” bir qator jarohatlar va jismoniy holat muammolariga duch kelgandi. Bu esa nafaqat ichki chempionatdagi natijalarga, balki futbolchilarning milliy terma jamoalar safarlariga ham ta’sir ko‘rsatdi.

Xususan, Jazoyir termasi himoyachi Rayan Ayt-Nurini yig‘inga chaqirmadi, Angliya termasi esa Riko Lyuis va Jon Stounzni orqaga qaytardi. “Brayton”ga qarshi o‘yinda jarohat olgan Abduqodir Husanov ham O‘zbekiston termasi bilan “CAFA Nations Cup 2025” musobaqasida ishtirok eta olmadi.

Biroq vaziyat tobora ijobiy tomonga o‘zgarmoqda. Xalqaro tanaffusdan keyingi ilk mashg‘ulotlarda Savio, Fil Foden, Yoshko Gvardiol, Abduqodir Husanov, Riko Lyuis, Kelvin Fillips, Niko O’Reyli va Markus Bettinelli qaytadan safga qo‘shildi. Bu Gvardiolaga taktik imkoniyatlarni kengaytirish, himoya va hujumda yangi rotatsiyalar uyushtirish imkonini bermoqda.

Ayniqsa, Husanov va Gvardiolning sog‘ayishi himoya chizig‘idagi bo‘shliqlarni to‘ldirsa, Fil Foden va Savio hujumda turli sxemalarda hal qiluvchi kuch sifatida maydonga tushirilishi mumkin.

Cityxtra.co.uk nashri jurnalisti Freddi Payning ta’kidlashicha, millionlab muxlislar aynan shunday quvonchli yangiliklarni intiqlik bilan kutardi va bu “Siti”ning mavsum boshidagi qiyinchiliklarni yengib o‘tishiga katta yordam berishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Premer-liganing 4-turidan o‘rin olgan “Manchester Siti” – “Manchester Yunayted” derbisi 14-sentyabr kuni soat 20:30 da start oladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Abduqodir Husanov sog‘aydi, “Manchester Siti” derbiga tayyorlanmoqda