Eron milliy terma jamoasi 2026 yilgi jahon chempionati arafasida bosh murabbiy masalasini jiddiy ko‘rib chiqmoqda. Turli manbalarga ko‘ra, jamoani tajribali xorijlik mutaxassisga ishonib topshirish ehtimoli kun tartibida turibdi.
Italiyaning Footmercato nashri yozishicha, 66 yoshli mashhur murabbiy Luchano Spalletti Eron milliy jamoasi bosh murabbiyi lavozimi uchun asosiy nomzodlardan biriga aylanishi mumkin. Ma’lumotlarga qaraganda, italiyalik mutaxassisning agentlari uning xizmatini Eron futbol federatsiyasiga rasman taklif etgan.
Spalletti joriy yil iyun oyida Italiya milliy terma jamoasini JCH-2026 saralash bosqichida Norvegiyaga qarshi uchrashuvdagi mag‘lubiyatdan so‘ng lavozimini tark etgan edi. Ammo shunga qaramay, tajribali murabbiy yaqinda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida ishtirok etish va o‘z so‘zini aytishni istamoqda.
Eronning Tasnim axborot agentligi xabar berishicha, jamoaning hozirgi bosh murabbiyi Amir G‘alenoyi bilan yo‘llar ajralishi mumkin. So‘nggi o‘yinlarda qayd etilgan qoniqarsiz natijalar va maydondagi o‘yin sifati ommaviy axborot vositalarida qattiq tanqid qilinmoqda. Muxlislar ham milliy jamoani JCH-2026da tajribaga ega xorijlik murabbiy boshqarishini talab qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Spalletti 2023-yilda «Napoli»ni 33-yillik tanaffusdan keyin A Seriya chempionligiga olib chiqqan va shu orqali katta e’tirofga sazovor bo‘lgandi. Shundan so‘ng u Italiya milliy jamoasi bosh murabbiyiga aylangan edi.
Endilikda esa italiyalik mutaxassisning nomi Eron terma jamoasi bilan jiddiy ravishda bog‘lanmoqda va yaqin kunlarda bu masalada muhim qarorlar qabul qilinishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!