O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Germaniya poytaxti Berlin shahrida “Qovun sayli” deb nomlangan bayramona festival o‘tkazildi. Ushbu tadbir Berlindagi yirik savdo markazlaridan biri sanalgan Intermarkt JUBY bilan hamkorlikda tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA .
Festival doirasida mahalliy aholi, shuningdek, Germaniyada istiqomat qilayotgan va o‘qiyotgan vatandoshlarimiz o‘z oila a’zolari bilan ishtirok etdi. Ertalabdan o‘zbek milliy kuy-qo‘shiqlari sadolari bilan boshlangan sayil kechga qadar davom etdi.
Yurtimizdan olib kelingan turli navdagi shirin qovun va tarvuzlar nemis iste’molchilari tomonidan katta mamnuniyat bilan tatib ko‘rildi. Tashrif buyurgan mehmonlar nafaqat serquyosh O‘zbekiston ne’matlaridan bahramand bo‘lishdi, balki mamlakatimizdagi gastronomik turizm imkoniyatlari haqida ham ma’lumot olishdi.
Festival chog‘ida milliy matolar, an’anaviy hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Bu esa Germaniyaliklar uchun nafaqat o‘zbek mevalari, balki madaniyatimiz va san’atimizni yaqindan anglash imkonini berdi.
Shu bilan birga, “Qovun sayli” Intermarkt JUBY savdo uyi faoliyat boshlaganining to‘rt yilligiga to‘g‘ri kelib, ushbu sana ham bayramona tarzda nishonlandi.
Berlinda o‘tkazilgan ushbu tadbir nafaqat o‘zbek qovunlarini keng targ‘ib qildi, balki ikki mamlakat o‘rtasida madaniy va iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamladi.
Foto: Dunyo
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!