18:16 / 23.08.2018
5 308

Xayrullo Hamidov sheʻri: Hayit

Xayrullo Hamidov sheʻri: Hayit
Jakarta yerida oʻqidim hayit,
Birdan yorishiblar ketdi-ku zulmat.
Atrofga termulib qaradim, na yurt,
Na elat bor edi... Hamma bir millat.

Koʻrdim va angladim -- bori odam teng:
Bir yonimda malay, bir yonimda hind.
Tushuna olmadim shundan keyin men,
Ne uchun moʻminlar yurgan yoʻli tund?!

Tushuna olmadim, qay mahal oʻzi
Yiroqlashib ketdik asriy nidodan,
Faqat hayitdami tan olmagimiz
Tarqaganimizni Odam Atodan?!

Tushuna olmadim, qay bir ehtiros,
Qachon bahonaga oʻtmakda yoʻq vaj,
Nega boshqachamiz tugagach namoz,
Nega oʻzgaramiz masjiddan chiqqach?!

Nega, nega, degan savollar bilan
Osmonni toʻldirdim alamlarimga
Birdan qaytib qoldim hayoti bilan
Namozi bir boʻlgan gul damlarimga

Va otashni koʻrdim yurakda yongan,
Tulporlar uyuri. Uxroviy najot.
Yetib kelganimni xayolan tongga,
Navoiy ilkida uygʻondi ijod.

Birdan koʻrib qoldim birdamlik otliq
Kemaga tikilgan yelkanlarini,
Moʻminlarning oʻzi anglab qoldilar
Nechogʻlik katta kuch ekanlarini.

Koʻhna orzulardan soʻyladi roviy,
Totdim ezgulikning noyob isini.
Sen ham bir onamsan endi uxroviy,
Jakarta tuprogʻi, hidladim seni.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Xayrullo Hamidov sheʻri: Hayit