18:23 / 21.11.2020
3 373

Milliy seriallarning bir seriyasi uchun qancha pul sarflanishi ma’lum qilindi

Milliy seriallarning bir seriyasi uchun qancha pul sarflanishi ma’lum qilindi
Kuni kecha O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekfilm» studiyasi faoliyati bilan tanishgan edi. «O‘zbekkino» Milliy agentligi rahbari Firdavs Abduholiqov Davlat rahbarining tashrifi haqida fikr bildirib o‘tdi.

Tashrif haqida
Biz bu tashrifni uzoq vaqt kutdik va Prezident bizga ulkan xushxabarlar bilan keldi. Yaxshi bilamiz, avvalgi «Kinochilar uyi» Toshkent Siti qurilishi tufayli buzilib ketgan edi. Endi «O‘zbekkino» hududida yangi «Kinochilar uyi» quriladigan bo‘ldi.

Bu hali hammasi emas. Shuningdek ijodkorlarga ham e’tibor kuchaytiriladi. Prezidentimiz buni alohida ta’kidlab o‘tdi. «O‘zbekkino» hududida ikkita ko‘pqavatli uy quriladi va kinochilarga topshiriladi. Shuningdek kino akademiyasi ham tashkil etish rejalashtirilgan. Hududlarda ham kinochilar uylari tashkil etiladi.

O‘zbekistonda iqtidorli ijodkorlar juda ko‘p. Mana shunday yoshlar Rossiya davlat kinematografiya institutida o‘qishga yuboriladi. Markaziy Osiyoda kinoning ilk qadamlari O‘zbekistondan boshlangan. 1910 yilda Xudoybergan Devonov kamera ko‘tarib, birinchi tasvirlarni olgan edi. Biz munosib izdosh bo‘lishimiz kerak.

Seriallar haqida
Davlat rahbari tomonidan milliy seriallarimizni ko‘paytirishga ko‘rsatma berildi. Bu bo‘yicha ishlar olib borilyapti, ayni vaqtda 12 ta serial yaratish harakatidamiz. Buning uchun xususiy telekanallar bilan hamkorlik qilinadi. To‘rtta telekanal uchtadan serial yaratishi bo‘yicha kelishuvga erishganmiz. Moliyaviy ta’minot ham kelishilgan. Telekanalning o‘zi bitta seriya uchun 15 million so‘m sarflaydi, shuningdek «O‘zbekkino» ham 15 million ajratadi.

Ya’ni, harajatning yarmi davlat tomonidan qoplab beriladi.Bu ishlarning barchasi ikki oy ichida — noyabr-dekabr oylarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Kechi bilan 2021 yilning boshidan seriallar namoyishi boshlanadi. Biz shifokorlar va o‘qituvchilar haqida serial olishni rejalashtirganmiz.

Ssenariylar saviyasi haqida
Albatta har qanday kino yoki serialning sifati eng avvalo ssenariyga bog‘liq. Yaxshi ssenariy bo‘lmasa, yaxshi mahsulot ham bo‘lmaydi.

Ikki oyda saviyali ssenariy yozish mumkinmi? Gap shundaki, biz ishni allaqachon, avgust oyidayoq boshlab yuborganmiz. O‘tgan vaqt davomida seriallar saralab olindi va mutaxassislar tomonidan kuchaytirildi. Qolaversa, har qanday kinosanoatning «oltin papkasi» bo‘ladi va unda zaxira ssenariylari saqlanadi.

Albatta biz qiladigan ish muxlis va mutaxassislar tomonidan ijobiy baholanishi ham, tanqid qilinishi ham mumkin. Bu bizning birinchi ishimiz, ilk qadamlarimiz. Shunday ekan, hamma bilan hamkorlik qilishga tayyormiz. Masalan, shifokorlar haqida olinadigan serialda albatta sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislari maslahatchi sifatida ishtirok etishi kerak. O‘qituvchilar haqida olinadiganida esa xalq ta’limi vazirligidan vakil bo‘lsa, xursand bo‘lardik.

Xorijdan ssenariy olish bo‘yicha
Butun dunyo tajribasida ommalashgan ssenariylar asosida qaytadan serial olish amaliyoti mavjud. Biz ham shunday yo‘l tutish haqida o‘ylab qo‘yganmiz.

Xorijda sevib tomosha qilinadigan seriallarning o‘zbekcha varianti ham chiqib qolishi mumkin. Ammo yaxshi bilasiz, buning uchun yuridik jihatdan juda katta ish olib borish kerak. Hozir faqat shuni aytishim mumkin, bu bo‘yicha ish boshlangan. Ammo tafsilotlarni ochiq ayta olmayman.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Milliy seriallarning bir seriyasi uchun qancha pul sarflanishi ma’lum qilindi