Boliviyada 19-oktyabr, yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarining ikkinchi turi mamlakat siyosiy sahnasida yangi sahifa ochdi. Markazchi yo‘nalishdagi Partido Democrata Cristiano partiyasidan nomzod — senator Rodrigo Pas Pereyra saylovda g‘alaba qozondi, deb xabar berdi dw.com.
Saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Pas taxminan 55 foiz ovoz to‘plab, raqiblarini ortida qoldirdi. Bu natija qariyb yigirma yil davom etgan so‘l lager hukmronligiga rasman nuqta qo‘ydi.
Boliviyada so‘nggi ikki o‘n yil ichida siyosiy sahna asosan ikki shaxs — sobiq prezident Evo Morales va amaldagi prezident Luis Arse o‘rtasidagi raqobat bilan belgilangan edi. Ikkalasi ham Movimiento al Socialismo (MAS) so‘l partiyasining yetakchi vakillari hisoblanadi.
58 yoshli g‘olib Rodrigo Pas La-Pas shahrida bo‘lib o‘tgan mitingda xalqqa murojaat qilib shunday dedi:
«Bugun Boliviya haqiqiy yechimlar taqdim etadigan hukumatga ega bo‘ldi. Biz bosqichma-bosqich mamlakatning xalqaro mavqeini tiklaymiz va fuqarolarning ishonchini qaytarishga kirishamiz».
Pasning raqibi, o‘ng konservativ Libertad y Democracia partiyasidan nomzod Xorxe Kiroga raqibini tabrikladi, biroq rasmiy natijalar e’lon qilinishi kutilmoqda, deb ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, Lotin Amerikasidagi eng mashhur so‘l siyosatchilardan biri Evo Morales konstitutsiyaviy cheklovlar tufayli yana prezidentlikka nomzodini qo‘ya olmadi. Luis Arse esa reytingining keskin pasaygani bois o‘z nomzodini saylov oldidan qaytarib olgandi.
Shunday qilib, Boliviyadagi siyosiy manzara yangicha tus oldi — mamlakat ko‘p yillik so‘l yo‘nalishdan keyin markazchi siyosatchilar qo‘liga o‘tdi. Bu natija Lotin Amerikasi siyosiy muvozanatida ham muhim burilish sifatida baholanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!