date

Taylor Svift Billboard chartining barcha 10 pog‘onasini egalladi

Taylor Svift Billboard chartining barcha 10 pog‘onasini egalladi

Amerikalik pop yulduz Taylor Svift yana bir tarixiy rekordni yangiladi. Uning “The Life of a Showgirl” nomli yangi albomi dunyodagi eng nufuzli chartlardan biri bo‘lgan Billboard Hot 100 reytingida ilk 10 ta pog‘onani to‘liq egalladi.

Chartning birinchi o‘rnidan albomning yetakchi singli — “The Fate of Ophelia” joy oldi. Shu bilan birga, 11 va 12-o‘rinlarda ham Sviftning ushbu albomdagi qo‘shiqlari joylashdi.

Teylor Sviftning bu yutug‘i uning 12-sonli studiya albomi bilan bog‘liq. Ushbu disk 2025-yil 3-oktyabrda rasman sotuvga chiqdi va unda 12 ta qo‘shiq jamlangan. Ular orasida xonanda Sabrina Karpenter bilan hamkorlikda yaratilgan kompozitsiya ham bor. Musiqa tanqidchilari albomni asosan pop va soft rock janridagi zamonaviy va ilhomli asar sifatida baholamoqda.

Albomni yaratish jarayonida Svift o‘zining ilgari “Shake It Off” va “Blank Space” kabi xitlarini yaratgan mashhur prodyuserlar Maks Martin va Shellbek bilan yana hamkorlik qildi. Bu kreativ jamoa yana bir bor Taylorning ijodiy cho‘qqilarga chiqishiga hissa qo‘shgani aytiladi.

“The Life of a Showgirl” taqdim etilganidan so‘ng qisqa vaqt ichida barcha treklar Billboard chartida yuqori o‘rinlarga ko‘tarildi. Birinchi haftadayoq millionlab nusxalarda sotildi va striming platformalarida rekord darajada tinglandi.

Shu bilan birga, albom bilan bog‘liq videoloyihalar, kliplar va Taylor Sviftning intervyulari ijtimoiy tarmoqlarda virusli tarzda tarqaldi. Uning sahnadagi obrazi, musiqiy g‘oyalari va fanatlar bilan munosabati yana bir bor jahon ommasi diqqat markazida bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, Taylor Svift bugungi kunda nafaqat musiqiy rekordlar sohibi, balki iqtisodiy jihatdan ham yetakchi sanoat namoyondalaridan biri hisoblanadi. U Ginnes rekordlar kitobiga tarixdagi eng daromadli konsert turi tashkil etgan xonanda sifatida kirgan.

2023-yilda “Yil odami” deb tan olingan, 2024-yilda esa Forbes nashri uni dunyodagi eng badavlat milliarderlar qatoriga kiritgan. Mutaxassislar fikricha, Sviftning yangi albomi nafaqat uning ijodiy salohiyatini, balki zamonaviy musiqa bozoridagi ta’sirini yana bir bor namoyon etdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Taylor Svift Billboard chartining barcha 10 pog‘onasini egalladi