Ish haftasi davomida mamlakat bo‘ylab issiq va quyoshli ob-havo saqlanishi kutilmoqda, deb ma’lum qildi O‘zgidromet.
Sinoptiklar xabariga ko‘ra, hafta davomida yog‘ingarchilik ehtimoli juda past. Havo harorati odatdagidan 4–6 darajaga yuqori bo‘ladi.
Kechalari havo +8…+13 daraja atrofida, kunduz kunlari esa +23…+28 daraja oralig‘ida bo‘lishi kutilmoqda. Bunday iliq fonida, ayniqsa, kechqurunlar yengil shamol esishi ehtimol qilinmoqda.
Poytaxt Toshkentda ham hafta davomida osmon asosan ochiq bo‘ladi. Vaqti-vaqti bilan bulutlar paydo bo‘lishi mumkin, ammo yomg‘ir yog‘ishi kutilmaydi.
Shamol sharq tomondan 3–8 metr/soniya tezlikda esadi. Dushanba kuni kunduzgi harorat +21…+23 darajani tashkil etishi, keyingi kunlarda esa harorat yana biroz ko‘tarilib, kechalari +10…+13 daraja, kunduz kunlari esa +24…+28 daraja bo‘lishi taxmin qilinmoqda.
Sinoptiklar aytishicha, ayni kunlardagi ob-havo kuzning so‘nggi iliq haftalaridan biri bo‘lishi mumkin. Demak, quyoshli kunlardan bahramand bo‘lish uchun aynan shu hafta qulay fursat hisoblanadi.
Tabiat hali uzoq vaqtgacha tinchlik bermoqchi — shamol yengil, osmon ochiq, havo iliq. Ob-havo mutaxassislari faqat ertalab va kechqurun paytlarda yengil kiyim bilan chiqmaslikni tavsiya qilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!