date

Grem Potter rasman Shvetsiya terma jamoasiga bosh murabbiy bo‘ldi

Grem Potter rasman Shvetsiya terma jamoasiga bosh murabbiy bo‘ldi

Shvetsiya futbol ittifoqi kutilmagan qaror qabul qildi — yangi bosh murabbiy etib angliyalik Grem Potter tayinlandi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 50 yoshli mutaxassis bilan tuzilgan kelishuv Jahon chempionati–2026 saralash bosqichi yakunlangunga qadar amal qiladi.

Potterning Shvetsiyaga kelishi mamlakat futbolida yangi bosqichni boshlab berishi kutilyapti. Chunki jamoa hozir qiyin ahvolda — to‘rt turdan keyin "B" guruhida bor-yo‘g‘i 1 ochko bilan oxirgi o‘rinda joylashgan. Shu bilan birga, ular Millatlar Ligasining C divizionida yetakchilikni qo‘ldan boy bermagan va hali ham pley-off orqali mundialga chiqish imkoniyatini saqlab qolgan.

Yangi bosh murabbiy oldidagi asosiy vazifa — jamoani psixologik jihatdan qayta tiklash va sarlashdagi so‘nggi o‘yinlarda g‘alaba ruhini qayta jonlantirish. Agar Shvetsiya terma jamoasi Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritsa, Potter bilan tuzilgan shartnoma avtomatik ravishda uzaytiladi.

Eslatib o‘tamiz, shvedlarning ilgari bosh murabbiyi bo‘lgan daniyalik Yon Dal Tomasson 14-oktyabr kuni Kosovoga qarshi kechgan o‘yindagi mag‘lubiyatdan so‘ng lavozimini tark etgan edi. Shu bilan u terma jamoa tarixidagi ilk xorijlik murabbiy sifatida yodda qoldi.

Grem Potterning so‘nggi ish joyi “Vest Xem” klubi bo‘lgan. Ammo u bu lavozimda uzoq turmadi — atigi 24 kundan so‘ng jamoani tark etgan edi. Endi esa uning oldida butun millatning umidi turgani sir emas.

Shvetsiya futboli muxlislari yangi murabbiy bilan yangi nafas va yangi ruhiyatni kutmoqda. Potter esa bu ishonchni oqlab, so‘nggi yillarda g‘alabalarga chanqagan jamoani yana yuqori pog‘onalarga qaytarish niyatida.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Grem Potter rasman Shvetsiya terma jamoasiga bosh murabbiy bo‘ldi