Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSH va Rossiya prezidentlari Donald Tramp hamda Vladimir Putin o‘rtasida Budapeshtda bo‘lib o‘tishi kutilgan uchrashuvga qo‘shilishga tayyor ekanini ma’lum qildi, deb yozdi NBC News.
Jurnalistning “Siz sammitda qatnashishga tayyormisiz?” degan savoliga Zelenskiy shunday javob berdi:
«Men tayyorman. Bu haqda AQSH prezidentiga Oq uydagi uchrashuvimiz paytida ham aytganman. Men har qanday formatda ishtirok etishga tayyorman».
Uning ta’kidlashicha, Ukrainasiz hech qanday haqiqiy tinchlik kelishuvi amalga oshishi mumkin emas.
«Adolatli va barqaror tinchlik uchun har ikki tomon zarur. Bizsiz qanday kelishuv bo‘lishi mumkin?» — dedi Zelenskiy.
Prezidentga Rossiya bilan urushni to‘xtatish uchun Ukraina hududining bir qismidan voz kechish mumkinmi, degan savol ham berildi. Zelenskiyning javobi qat’iy bo‘ldi:
«Agar urushni zudlik bilan to‘xtatmoqchi bo‘lsak, biz turgan joyda qolishimiz kerak. Putinga hech qanday ortiqcha imtiyoz yoki hudud berilmaydi».
Ukraina rahbari suhbat davomida frontdagi vaziyat haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina urushni yutqazmayapti, ammo Rossiya ham g‘alaba qozona olmayapti. Shu bois Moskva so‘nggi haftalarda tinch aholiga qarshi havo hujumlarini kuchaytirgan.
«Putin qish mavsumida Ukrainada energiya inqirozini yuzaga keltirishni istayapti. Shuning uchun u havo hujumlarini kuchaytirmoqda», — dedi Zelenskiy.
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levittning ma’lum qilishicha, Vashington Zelenskiyning Budapeshtda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlaydi.
17-oktyabr kuni Tramp Vashingtonda Zelenskiy bilan uchrashuv o‘tkazdi. AQSH prezidentining aytishicha, Ukraina rahbari sammitga kelmasligi mumkin, ammo ular “doimiy aloqada bo‘lib turishadi”.
Shunday qilib, Kiyev va Vashington o‘rtasida diplomatik faollik yanada kuchaymoqda — Zelenskiyning tinchlik muzokaralariga tayyorligi mojaroni siyosiy yo‘l bilan hal etish yo‘lida muhim qadam sifatida baholanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!