Eron qo‘llab-quvvatlayotgan yamanlik husiychilar Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning yana 20 nafar xodimini ushlab qoldi. Bu haqda Yamandagi BMTning doimiy koordinatori Jan Alam ma’lum qildi, deb yozdi Associated Press.
Ma’lumotlarga ko‘ra, xodimlar Yaman poytaxti Sanoning janubi-g‘arbiy qismidagi BMT muassasasida qo‘lga olingan. Bir kun avval husiychilar shaharning boshqa tumanidagi BMT ofisiga ham bostirib kirgani aytilmoqda.
Jan Alamning so‘zlariga ko‘ra, ushlanganlar orasida besh yamanlik va 15 nafar xorijlik mutaxassis bor. Shu kuni so‘roqdan keyin isyonchilar BMTning 11 xodimini qo‘yib yuborgan, ammo qolganlarning taqdiri hozircha ma’lum emas.
«Biz bu jiddiy vaziyatni iloji boricha tez hal qilishga harakat qilyapmiz. Barcha xodimlarni ozod etish va Sanodagi muassasalarimiz ustidan to‘liq nazoratni tiklash uchun husiylar hamda boshqa taraflar bilan doimiy muloqotdamiz», — dedi Jan Alam.
Associated Press agentligiga ma’lum qilgan anonim BMT rasmiysining so‘zlariga ko‘ra, husiylar amalga oshirgan reyd paytida inshootdagi barcha aloqa vositalari — telefonlar, serverlar va kompyuterlar musodara qilingan.
Ma’lum bo‘lishicha, ushlanganlar BMTning bir necha tuzilmalari — Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP), Birlashgan Millatlar Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) va Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish idorasi (OCHA) xodimlaridir.
So‘nggi oylarda Yamanda xavfsizlik holati yanada yomonlashib, xalqaro tashkilotlar xodimlari uchun vaziyat tobora xatarli tus olmoqda. Xusiychilarning bunday xatti-harakatlari xalqaro hamjamiyat tomonidan keskin qoralanmoqda.
BMT vakillari hozirda barcha asirlar xavfsizligini ta’minlash hamda xalqaro gumanitar qonunlarga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!