14:39 / 09.05.2017
43 289

“Yoshartiruvchi o‘simlik” — selderey tarkibida qanday vitaminlar bor?

“Yoshartiruvchi o‘simlik” — selderey tarkibida qanday vitaminlar bor?
Seldereyning bargi ham, ildizi ham oshpazlar, xo‘randalar va hatto parhezshunoslarning hurmatiga sazovor.
Seldereyni haqiqatan ham bemalol yoshartiruvchi sabzavot deb atash mumkin. Uning barglarida qarish jarayonini sekinlashtiruvchi va o‘ziga xos oqsil hosil bo‘lishini — kollagenlarni stimullovchi S vitamini mavjud. Ma’lumki, teri qoplamalarining qayishqoqligi va egiluvchanligi ko‘p jihatdan kollagenlarga bog‘liq.

Selderey tarkibiga kiruvchi E vitamini (tokoferol) — to‘qima va hujayralarga kislorod va oziq etkazib beruvchi, ularni oksidlanuvchi mahsulotlar bilan ifloslanishdan saqlovchi va yuz rangi tiniqlashuvi va teri silliqlanishi yaxshilanishiga yordam beruvchi yagona antioksidant.

Tokoferol, ayniqsa, ayollar organizmi uchun juda foydali bo‘lib, tuxumdonlar va boshqa endokrin bezlari ishini me’yorlashtiradi.
Quvvat bilan ta’minlash, jismoniy va aqliy ishchanlikni kuchaytirish xususiyatiga ega selderey barglari va poyasi — efir moyi ombori.
Selderey sharbati yo‘qotilgan kuchni tiklash va to‘plashda tengi yo‘q vosita. Uning o‘zi ham, sabzi, olma, shivit sharbatlari bilan aralashtirilgan holda juda foydali. Charchagan paytlaringizda selderey va sabzi sharbatini teng miqdorda aralashtirib ichsangiz, juda yaxshi yordam beradi.

Selderey — jinsiy maylni stimullovchi va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlovchi vosita. Uning xushbo‘y, biroz achchiq mazasi hid sezish qobiliyatida qo‘zg‘atuvchi ta’sir ko‘rsatadi, o‘ziga xos efir moyi esa qon tomirlarini kengaytiradi.
O‘rta asrlarda yashagan ajdodlarimiz behudaga selderey solingan ovqatni bayramona taom sifatida sevib iste’mol qilishmagan. Shuningdek, fransuzlar ham tansiq taomlar bilimdonlari va ishqibozlari sifatida g‘oz, baliq, parhez sho‘rvalar, qaylalar va salatlar tayyorlashda xushbo‘y seldereydan keng foydalanshgan.

Quvnoq va hamisha hayotdan mamnun qiyofada yuradigan gallar avlodlari ham seldereyning mo‘’jizakor sabzavot sifatida yoshartirish va kayfiyatni ko‘tarish xususiyati borligiga ishonishgan.
Yangi uzilgan selderey ko‘kati tarkibida askorbin kislotasi bilan birikkanda kapillyarlar — mayda qon tomirlarini qayishqoq va birmuncha mustahkam qiladigan kaliy mavjud.

Tarkibida kaliy tuzi mavjud bo‘lgan selderey yurak-qon tomirlariga foydali ta’sir ko‘rsatadi. Bu mineral tanamizdagi barcha mushaklar va asosiy mushak — yurakning me’yoriy darajada ishlashi uchun juda zarur.
Kaliy ionlari yurak qisqarish maromi mo‘’tadillashishiga yordam berib, shish va qon bosimi oshishidan ogohlantirgan holda organizmdagi suv-tuz balansini boshqaradi.

Seldereyning quritilgan bargidan tayyorlangan damlama yiringli yaralarni davolash va kesilgan joylarni bitirishda a’lo darajadagi shifobaxsh vosita sanaladi. O‘simlikning shifobaxshligi shundaki, uning barglaridagi o‘ziga xos efir moyi va fitonsidlar organizmga antiseptik ta’sir ko‘rsatish, yallig‘lanishga qarshi kurashish va yaralarni bitishga majbur etadi.
2 osh qoshiq seldereyning quritilgan bargiga 1 stakan qaynagan suv quyiladi va 2 soatga dam ediriladi. So‘ng paxtaga shimdirilib, og‘riyotgan joyga malham sifatida bosiladi.

Selderey ildizi stressga qarshi mineral magniyga boy. Asablar buzilishi azob beryaptimi? Unday bo‘lsa, seldereyning ildizmevasini yirik tishli qirg‘ichdan o‘tkazing, o‘simlik moyi qo‘shing va shoshilmasdan iste’mol qiling, ana shunda tanangizni yana ruhiy xotirjamlik chulg‘aydi. Magniy, shuningdek, hayzoldi sindromi paydo bo‘lishining oldini oladi. Tinchlantiruvchi xususiyatga ega bo‘lish bilan birga magniy qorin ostidagi og‘riq, ko‘krakda his etilgan og‘irlik va zo‘riqish, ruhiy tushkunlik, ma’yuslik, serjahllik, asabiylikni a’lo darajada bartaraf etadi.

TETIKLIK VA OZISh UChUN SELDEREY
Ko‘kat va ildizdagi efir moyi, organik kislotalar va kletchatkalar ovqat hazm qilishda muhim rol o‘ynaydi va oshqozon sharbati ishlab chiqarishni kuchaytiradi, qabziyatdan ogohlantirgan holda ichaklarni harakatga soluvchi funksiyani yaxshilaydi.
Dietologlar ortiqcha vaznga moyil insonlarga ushbu xushbo‘y ko‘katni tavsiya etadi: bu ziravor yengil peshob haydovchi, organizmdan ortiqcha tuzlarni chiqarib tashlovchi, ortiqcha vaznga sabab bo‘luvchi shishlarni bartaraf etuvchi xususiyatga ega. Selderey ko‘katidan tayyorlangan qaynatma ozish uchun tutiladigan har qanday parhezga qo‘shimcha sifatida juda yaxshi qo‘l keladi.
Mayda to‘g‘ralgan 3 osh qoshiq ko‘katga 500 ml qaynagan suv quyib, 5 daqiqa qaynatamiz. Keyin 2 soat tindirib qo‘yib, dokadan o‘tkazamiz va yarim stakandan kuniga 3 mahal ovqatdan oldin iste’mol qilamiz.

PAZANDALIKNING XUShBO‘Y SIRLARI

* Selderey bandlari etarlicha sinuvchan va yumshoq bo‘lishi kerak. O‘simlikning urug‘laydigan tili chiqib qolgan bo‘lsa, u qattiq va achchiq bo‘ladi.
* Ildizli seldereyning ildizmevasi qattig‘ini tanlang. So‘ng uning ichi chirimaganligini bilish uchun ildiz ustini yengilgina bosing.
* Selderey barglari sho‘rvada juda mazali bo‘ladi va ziravor sifatida barcha qaynatib yoki dimlab pishirilgan taomlar, qaylalar va tuzlamalarda ishlatiladi. Sho‘rvaga uni pishirish jarayoni oxirida solish kerak. Bu xushbo‘y o‘simlik go‘sht, parranda, baliq va dengiz mahsulotlaridagi oqsillarning o‘zlashtirilishini yaxshilaydi.
* Selderey ildizi — salat va go‘shtli taomlar uchun ta’mi o‘tkir qo‘shimcha. Sersuv yosh ildizmevalardan kotlet, sufle, pashtet, sho‘rva-pyure, sabzavotli ragu kabi ajoyib parhez taom chiqadi.
* Seldereyning moyda qovurilgan ildizi petrushka va pasternak qiyma solib tayyorlanadigan qalampir, pomidor, qovoqcha, do‘lmalar uchun ajoyib nachinka bo‘la oladi.

SELDEREYNING ZARARI
Selderey iste’mol qilish homiladorlikda, ayniqsa, uning uchinchi uch oyligida mumkin emas. Chunki undagi bachadon mushaklaridagi qon quyilishini stimullovchi va o‘z navbatida uning qisqarishini kuchaytiruvchi modda muddatidan oldingi tug‘ruqqa sabab bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, ko‘katni iste’mol qilgandan so‘ng organizmda homilaga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan gaz hosil bo‘ladi. Shuningdek, selderey tarkibidagi achchiq efir moyi sababli emizikli ayollarga ham tavsiya etilmaydi.

Selderey yana epilepsiyadan aziyat chekayotgan bemorlarga ham mumkin emas. Bunda salbiy ta’sir aql tomon yo‘naladi. Buyragida tosh bo‘lganlar ham imkoni boricha selderey iste’mol qilmaslikka harakat qilishi kerak. Chunki selderey toshlarni qo‘zg‘atib yuborishi va jarrohlikkacha olib borishi mumkin.
Selderey oshqozon sharbati ajralishini tezlashtirib yuborishi mumkinligi bois oshqozon kislotasi baland bo‘lgan insonlar juda ehtiyotkorlik bilan iste’mol qilishlari lozim.

Tromboflebit, varikoz, qalqonsimon bez kasalliklari, xolesistit, pankreatit, bachadondan qon ketishi va surunkali xastaliklarga uchragan keksa kishilarga ham selderey iste’mol qilish taqiqlanadi. Shu bois, har bir inson seldereyni har qanday ko‘rinishda iste’mol qilishdan oldin, albatta, shifokor bilan maslahatlashishi shart.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » “Yoshartiruvchi o‘simlik” — selderey tarkibida qanday vitaminlar bor?