Respublikada bir necha turdagi pensiyalar mavjud bo‘lib, ularni tayinlash tartiblari ham har xil. Xo‘sh, pensiya tayinlashda qonunchilikda nimalar belgilangan?
“Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti to‘g‘risida”gi qonunda davlat pensiyalarining 3 ta turi borligi belgilangan. Ular:
- yoshga doir pensiya;
- nogironlik pensiyasi;
- boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi.
Fuqaro pensiya olish huquqi paydo bo‘lganidan so‘ng istalgan paytda Davlat xizmatlari markazlariga pensiya tayinlashni so‘rab murojaat etishi mumkin. Qonunga asosan, davlat pensiyalarining turli xillarini olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga ularning o‘zlari tanlagan bitta pensiya tayinlanadi.
Yoshga doir pensiya olish huquqi
Yoshga doir pensiya olish huquqiga:
- erkaklar — 60 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda;
- ayollar — 55 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda ega bo‘ladi.
Pensiya tayinlash uchun yetarlicha ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslarga yoshga doir pensiyalar kamida 7 yil ish staji mavjud bo‘lgan taqdirda, bor stajga mutanosib miqdorda tayinlanadi.
Nogironlik pensiyalari
Sog‘lig‘ini yoki mehnat qobiliyatini yo‘qotganlik darajasiga qarab, nogironlikning uch guruhi aniqlanadi. Nogironlik pensiyalari qonunchilikda belgilangan tartibda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar deb topilganlarga, Chernobil AESdagi avariya tufayli mayib bo‘lish yoki kasallik oqibatida III guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar deb topilganlarga tayinlanadi. Mehnatda mayiblanganda yoki kasb kasalligiga uchraganda beriladigan nogironlik pensiyalari ish stajidan qatʼi nazar, tayinlanadi.
20 yoshga to‘lgunga qadar umumiy kasallik tufayli ish davrida yoki ishlash to‘xtatilganidan keyin nogironligi bo‘lgan shaxs deb topilgan fuqarolarga pensiyalar ish stajidan qatʼi nazar tayinlanadi.
Mehnatda mayiblanganda yoki kasb kasalligiga uchraganda beriladigan nogironlik pensiyasidan umumiy kasallik tufayli beriladigan nogironlik pensiyasiga o‘tkazilganda zarur staj nogironlik dastlab belgilangan vaqtdagi yoshga qarab aniqlanadi.
Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalari
Vafot etgan boquvchining qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzolari boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi olish huquqiga ega bo‘ladi. Marhumning qaramog‘ida turmagan ota-onasi va eri (xotini) ham, keyinchalik kun kechirish uchun zarur mablag‘ manbaidan mahrum bo‘lib qolsalar, pensiya olish huquqiga ega bo‘ladi.
Quyidagilar oilaning mehnatga qobiliyatsiz aʼzolari hisoblanadi:
a) bolalar, aka-ukalar, opa-singillar va nabiralar 18 yoshga to‘lmagan bo‘lsa yoki 18 yoshdan katta bo‘lsa, agar ular 18 yoshga to‘lguniga qadar nogironligi bor bola bo‘lib qolgan bo‘lsa. Bunda basharti, agar aka-ukalar, opa-singillar va nabiralarning mehnatga qobiliyatli ota-onasi bo‘lmasa;
b) ota, ona, o‘gay ota, o‘gay ona, xotin yoki er pensiya yoshiga to‘lgan yoki nogironligi bor shaxs bo‘lsa;
v) yoshidan va mehnat qobiliyatidan qatʼi nazar, ota va onadan biri yoki er (xotin) yoxud buva, buvi, aka-uka yoki opa-singil, agar u vafot etgan boquvchining bolalari, aka-ukalari, opa-singillari yoki nabiralarini, ishlovchilarga bolaga qarash uchun ish haqi saqlanmagan taʼtilda bo‘lish huquqini beradigan yoshga to‘lgunga qadar boqish bilan mashg‘ul bo‘lsa va ishlamasa;
g) buva va buvi — agar qonunga muvofiq ularni boqishi shart bo‘lgan kishilar bo‘lmasa.
Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi olish huquqiga ega bo‘lgan voyaga yetmagan farzandlar, ular farzandlikka olinsa ham bu huquqni saqlab qoladi.
Pensiyalarni hisoblash tartibi
Pensiya miqdori ish stajining muddatiga bog‘liq bo‘lib, quyidagilardan tarkib topadi:
- pensiyaning tayanch miqdoridan;
- ish staji uchun pensiyaning oshirilishidan;
- pensiyaga qo‘shiladigan ustama haqlardan.
Pensiyalarni to‘lash tartibi
Ishlamaydigan pensionerlarga pensiyalarni yashab turgan joydagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limlari to‘laydi. Ishlayotgan pensionerlarga pensiya ish joyida to‘lanadi.
Pensionerlarga pensiya ularning xohishiga ko‘ra doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joydagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limlari tomonidan pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot orqali naqd pulda yoki pensionerning xohishiga ko‘ra, pul mablag‘larini bank kartasiga naqd pulsiz o‘tkazish yo‘li bilan tijorat bankining filiali orqali to‘lanadi.
Pensiyalar miqdori
Hozirda O‘zbekistonda pensiya oluvchilarning umumiy soni 3 million 839 ming 508 nafarni tashkil qilmoqda. Joriy yilning 1-iyun holatiga ko‘ra:
- yoshga doir pensiya oluvchilar 3 million 182 ming 617 nafar;
- nogironlik pensiyasini oluvchilar 426 ming 532 nafar;
- boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini oluvchilar 230 ming 359 nafar.
Yanvar—iyun oylarida 121 ming 620 nafar fuqaroga yoshga doir pensiya, 15 ming 326 kishiga nogironlik pensiyasi, 9 ming 255 ta oilaga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlangan.
Respublikada 2023-yilning 1-aprelidan boshlab pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori oyiga 347 ming so‘m etib belgilangan. Yoshga doir eng kam pensiya miqdori esa 677 ming so‘m. Nogironlik pensiyasi, jumladan, ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi pensiyaning eng kam miqdori 747 ming so‘m hisoblanadi.