2025 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tamiz.
Uyini termit “yegan” fuqarolarga boshqa uy-joy beriladi
Termit va boshqa hasharotlardan zararlangan uy-joylar yashash uchun yaroqsiz deb topilsa aholi boshqa uy-joy bilan ta’minlanadi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 4 noyabrda kuchga kirgan qarorida ko‘zda tutilgan.
Qaror bilan termit va boshqa hasharotlardan zararlangan uy-joylarni aniqlash va yashash uchun yaroqsiz deb topish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Ma’muriy reglamentga muvofiq ushbu davlat xizmati 2025 yil 1 yanvardan boshlab tumanlar (shaharlar) hokimliklari tomonidan tuziladigan Termit va boshqa hashoratlardan zararlangan uy-joylarni aniqlash komissiyasi tomonidan Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali ko‘rsatiladi.
Ariza beruvchilar davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markaziga shaxsan borib murojaat etadi yoki davlat xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish uchun YAIDXP orqali ro‘yxatdan o‘tadi.
Ariza beruvchi Davlat xizmatlari markaziga shaxsan kelib murojaat etganda, tegishli so‘rovnoma Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan to‘ldirilib, ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangandan so‘ng 10 daqiqa mobaynida komissiyaga elektron shaklda yuboriladi. YAIDXP orqali murojaat qilinganda esa so‘rovnoma avtomatik tarzda komissiyaga yuboriladi.
Komissiya 7 ish kuni davomida so‘rovnomani ko‘rib chiqib, uy-joy joylashgan hududga chiqqan holda quyidagilarni aniqlaydi: uy-joyning termitlar va boshqa hasharotlardan zararlanganlik darajasini, texnik holatini, yashash imkoniyati mavjudligini, yaroqsiz holatga kelganligini. O‘rganish natijasida komissiya xulosasi ariza beruvchiga yuboriladi.
Bunda o‘rganish natijasida uy-joyning yaroqsiz holatga kelganligi tasdiqlansa, xabarnoma qo‘shimcha ravishda tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga uy-joyni yashashga mo‘ljallanmagan joylar toifasiga o‘tkazish hamda uy-joy fondidan chiqarish masalasini ko‘rib chiqish uchun yuboriladi.
Arizago‘yga berilgan xulosa kelgusida uni belgilangan tartibda davlat tomonidan uy-joy bilan ta’minlash uchun asos hisoblanadi.
Davlat xizmatini ko‘rsatishni rad etish uchun quyidagilar asos bo‘ladi: so‘rovnomada noto‘g‘ri yoki xato ma’lumotlar ko‘rsatilganda; ariza beruvchi tomonidan komissiyaga uy-joyni ko‘zdan kechirish uchun imkon berilmaganda yoki ko‘zdan kechirishga to‘sqinlik qilinganda; uy-joyning termitlar va boshqa hasharotlardan zararlangan bo‘lishiga qaramay, uning texnik holati yashash imkonini berganda; uy-joyda termitlar va boshqa hashoratlardan zararlanish holatlari aniqlanmaganda.
Davlat xizmatini boshqa asoslarga ko‘ra rad qilish taqiqlanadi.
Turizmning yangi turlari joriy etiladi
2024 yil 18 sentyabr kuni Hukumatning “Turizmning yangi turlarini joriy qilish hamda mamlakat turistik salohiyatidan samarali foydalanishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi.
Hujjatga asosan 2025 yil 1 yanvardan boshlab turizmning quyidagi yangi turlari joriy qilinadi:
- mahsulot ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishishni nazarda tutuvchi sanoat turizmi;
- oltin, ruda va boshqa mineral resurslar qazib oluvchi konlar, shaxtalar, faoliyat yuritmayotgan geologik obyektlarida texnologik jarayonlarni, shu jumladan, tog‘ jinslarini portlatish tadbirlarini bexatar masofadan kuzatish, mutaxassislar bilan muloqot qilish, tog‘ releflari bo‘yicha ekskursiyalarni tashkil qilishni nazarda tutuvchi geologiya turizmi;
- ilmiy-tadqiqot institutlari va laboratoriyalar, observatoriyalar hamda planetariylar, Fanlar akademiyasi va uning tizimidagi tashkilotlarga tashrif buyurish orqali fan va texnika yutuqlari bilan tanishishni nazarda tutuvchi ilmiy turizm;
- harbiy tarix va faoliyat bilan bog‘liq joylarga tashrif buyurish, yodgorliklar va tadbirlarda qatnashish, harbiy xizmatchilar hayoti va sharoitlari bilan yaqindan tanishish, hududlarda turistlarga o‘q otish bo‘yicha pulli xizmatlar tashkil qilishni nazarda tutuvchi harbiy turizm;
- mamlakatning siyosiy hayoti, davlat organlari va tashkilotlarining tarixi va faoliyatini aks ettiruvchi joylarga, xususan, hukumat bino va inshootlariga tashrif buyurishni o‘z ichiga olgan davlat-boshqaruv turizmi.
Bundan tashqari, Mudofaa vazirligining 2025 yil 1 yanvardan boshlab mahalliy va xorijiy turistlarni “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi, “Shon-sharaf”, “Qurolli Kuchlar” davlat muzeylari va hududlardagi “Vatanparvarlar” bog‘larida harbiy texnika va qurol-aslahalar bilan bevosita tanishtirish, Mudofaa vazirligining Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi Qibray sport majmuasi bazasida “Stendli otish” va o‘qotar qurollardan otishni pulli asosida yo‘lga qo‘yish xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilgan.
Sirk tomoshalarida yovvoyi hayvonlardan foydalanish taqiqlanadi
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan 2025 yil 1 yanvardan davlat va ko‘chma sirklarda (shapito) yovvoyi hayvonlarni saqlash va ulardan sirk tomoshalari uchun foydalanish taqiqlandi.
Hujjat bilan jismoniy shaxslar tomonidan yarim erkin sharoitlarda, sun’iy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlar ro‘yxati hamda ushbu ro‘yxatga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni yuridik shaxslar tomonidan saqlash tartibi tasdiqlangan.
Qarorga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan boshlab quyidagilar taqiqlanadi:
- jismoniy shaxslar tomonidan ro‘yxatga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni yarim erkin sharoitlarda, sun’iy yaratilgan yashash joylarida yoki tutqunlikda saqlash;
- davlat va ko‘chma sirklarda (shapito) yovvoyi hayvonlarni saqlash va ulardan sirk tomoshalari uchun foydalanish;
- ro‘yxatga kiritilgan yovvoyi hayvonlar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining ruxsatnomalari asosida belgilangan tartibda yuridik shaxslar tomonidan tashkil etilgan hayvonot bog‘larida va (yoki) pitomniklarda saqlanishi mumkin.
Jismoniy shaxslar, shuningdek, davlat va mobil sirklar (shapitolar) ixtiyoridagi yovvoyi hayvonlar shartnoma asosida hayvonot bog‘lari va pitomniklarga pulli yoki bepul topshirilishi mumkin. O‘zbekiston faunasiga mansub bo‘lganida, ular uchun mos bo‘lgan tabiiy yashash muhitiga, mansub bo‘lmaganda esa O‘zbekiston hududidan tashqariga chiqarib yuboriladi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya hamda mahalliy hokimliklar bilan birgalikda jismoniy shaxslar va sirklarda saqlanayotgan ro‘yxatga kiritilgan yovvoyi hayvonlarning 2026 yil 1 yanvargacha hayvonot bog‘lari yoki pitomniklarga topshirilishini ta’minlash topshirilgan.
Davlat madaniyat muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi oshiriladi
2024 yil 22 noyabr kuni prezidentning “Madaniyat va san’at, axborot-kutubxona va muzeylar sohasida faoliyat olib borayotgan xodimlar ish haqi miqdorlarini oshirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi.
Qarorga ko‘ra, davlat madaniyat muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi quyidagi miqdorlarda oshiriladi:
- 2025 yil 1 yanvardan boshlab – 20 foizga;
- 2025 yil 1 iyuldan boshlab – yana 15 foizga oshiriladi.
Hujjatda davlat madaniyat muassasalari va tashkilotlarida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarning ish samaradorligini baholash (KPI) tizimi joriy qilinishi ham belgilab qo‘yilgan.
Tadbirkorlar faoliyati tekshirilganda biznes-ombudsman xabardor etiladi
2025 yil 1 yanvardan jismoniy shaxs tomonidan tadbirkorlik faoliyatini yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan amalga oshirganlik uchun moliyaviy jarima bekor qilinadi. Bu haqda prezidentning “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida keltirib o‘tilgan.
Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan:
- jismoniy shaxs tomonidan tadbirkorlik faoliyatini yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan amalga oshirganlik uchun moliyaviy jarima bekor qilinadi;
- “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi joriy etiladi.
Elektron tizimda tadbirkorlik subyektlari faoliyatida huquqbuzarlik sodir etish xavfi past, o‘rta va yuqori darajalarga tasniflanadi.
Xavf darajasi past bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshiruvlar o‘tkazilmaydi.
2025 yil 1 yanvardan quyidagilar uchun ma’muriy javobgarlik bekor qilinadi:
- fiskal belgilarni aks ettirish tartibini buzish;
- majburiy raqamli markirovkalanishi belgilangan tovarlarni (mahsulotlarni) identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish;
- xodimlar sonini yashirish.
Farmon bilan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olish orqali biznes-ombudsmanni xabardor etish tartibi joriy etiladi. Bunda tekshiriladigan tadbirkorlik subyekti aniq bo‘lmagan holatlarda, tekshiruv boshlangandan so‘ng 24 soat ichida biznes-ombudsman xabardor etiladi.
O‘zbekistonda milliy vaqt shkalasi joriy etiladi
2025 yil 1 yanvardan boshlab, O‘zbekiston milliy vaqt shkalasi (UTC UZ) joriy etiladi va undan O‘zbekiston Respublikasining aniq vaqti sifatida foydalaniladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasida Vaqt va chastota xizmati faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida keltirib o‘tilgan.
Qarorga ko‘ra, vaqt xizmatining faoliyatini samarali tashkil etishga O‘zbekiston milliy metrologiya instituti davlat muassasasi mas’ul hisoblanadi. Metrologiya instituti Muvofiqlashtirilgan universal vaqtni (UTC) shakllantirishda ishtirok etadi va O‘zbekiston milliy vaqt shkalasini (UTC UZ) hosil qilishga vakolatli etib belgilanadi.
Aniq vaqtni Vaqt xizmatidan olish hamda uni manfaatdor davlat organlari va boshqa tashkilotlarga uzatish davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida amalga oshiriladi.
«Mehr daftari» jamg‘armalari tugatiladi
Prezidentning tegishli farmoniga muvofiq 2025 yil 1 yanvardan boshlab mehribonlik uylari va bolalar uylariga kam ta’minlangan oilalarning farzandlarini vaqtinchalik qabul qilish tartibi bekor qilinadi.
Farmonga ko‘ra 2025 yil 1 yanvardan boshlab:
- mehribonlik uylari va bolalar uylariga kam ta’minlangan oilalarning farzandlarini vaqtinchalik qabul qilish tartibi bekor qilinadi;
- yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoshlarga ta’lim olish, bandligini ta’minlash, davolanish hamda uy-joy sharoitlarini yaxshilash uchun ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi;
- tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslariga yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni farzandlikka olish istagini bildirgan nomzodlar ham qamrab olinadi;
- bosqichma-bosqich Andijon viloyati, Toshkent shahri hamda Samarqand viloyatida kichik hajmli bolalar uyi tashkil etiladi; «Mehr daftari» jamg‘armalari tugatiladi.
Elektron braslet “ishga tushadi”
Elektron brasletlar 2025 yil 1 yanvardan boshlab bosqichma-bosqich qo‘llanadi. Bu Vazirlar Mahkamasining «Uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llangan va ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan shaxslarni elektron braslet orqali masofadan turib nazorat qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarorida keltirib o‘tilgan.
Elektron braslet uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llangan yoki ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan shaxs oyog‘iga taqiladi. Shaxs oyog‘iga elektron brasletni taqish imkoniyati mavjud bo‘lmagan hollarda (suyak sinishi, boshqa jarohatlar bilan tibbiy muolaja ko‘rsatilgan va boshqalar) qo‘l qismiga taqilishiga ruxsat etiladi.
Elektron brasletni quyidagi shaxslarga qo‘llash mumkin emas:
- 18 yoshga to‘lmagan shaxslar;
- homilador ayollar;
- 3 yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollar;
- I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;
- tibbiy ko‘rsatmaga ko‘ra elektron brasletni taqish tavsiya etilmaydigan shaxslar (implant qilingan kardiostimulyator o‘rnatilgan shaxslar, yuqumli teri kasalligi (allergo kontakt dermatit, teri zamburug‘i yoki qichima kasalligi) bo‘lgan shaxslar).
Elektron braslet qo‘llanadigan shaxslar uni belgilangan vaqt ichida quvvatlab borishi, o‘zboshimchalik bilan yechmasligi hamda elektron brasletga zarar yetkazish bilan bog‘liq harakatlarni amalga oshirmasligi shart.
Tomchilab sug‘orish tizimini o‘rnatganlik uchun subsidiya ajratiladi
Bu haqda prezidentning «Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorida belgilab qo‘yilgan.
Maqsadli ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 2024 — 2027 yillarda 8,2 ming ga yer maydonida anjir, 2 ming ga yer maydonida funduk va 477 ga yer maydonida zaytunzorlarni tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Qarorga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan quyidagilarga belgilangan miqdordagi subsidiyalar ajratiladi:
- intensiv mevali bog‘ va uzumzorlarda tomchilatib sug‘orish tizimlari o‘rnatgani uchun sifat darajasini belgilovchi koeffitsiyentni qo‘llagan holda 1 gektar uchun 16 mln so‘mdan oshmagan miqdorda;
- suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash uchun suv quvurlarining o‘lchamidan (diametri) kelib chiqib, 40 ming so‘mdan 250 ming so‘mgacha;
- in-vitro usulida yaratilgan mevali payvandtagli ko‘chatlarni sotib olish xarajatlari uchun ushbu xarajatlarning 50 foizi miqdorida.
Ilg‘or xorijiy tajriba asosida meva va tok ko‘chatlarini sertifikatlashtirish tartibi ishlab chiqilib, ko‘chatlarni sertifikatlashtirish tizimi joriy qilinadi.
Boshqa o‘zgarishlar
2025 yil 1 yanvardan boshlab:
- Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi «Yer qa’ridan foydalanish markazi» davlat muassasasining Navoiy viloyati boshqarmasi tashkil etilib, faoliyati to‘liq yo‘lga qo‘yiladi;
- qishloq xo‘jaligi texnikalari yetkazib berishda amaldagi qonunchilikka muvofiq qo‘llanadigan imtiyozlar (subsidiya, soliq va bojxona imtiyozlari va moliyaviy yordamlar) faqat mahalliy ishlab chiqaruvchilar va dilerlar orqali muomalaga chiqariladigan qishloq xo‘jaligi texnikalariga nisbatan tatbiq etiladi;
- uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llangan hamda ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan shaxslarning ehtiyot chorasi va jazoni ijro etish joyida bo‘lishini real vaqt rejimida masofadan turib nazorat qilish tartibi amaliyotga bosqichma-bosqich joriy etiladi;
- davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovi miqdorlari oshiriladi;
- 2026 yil 31 dekabrga qadar huquqiy eksperiment tariqasida O‘zbekiston davlat yoshlar teatri hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatriga moliyaviy, ijodiy va tashkiliy masalalarni mustaqil hal qilish vakolati beriladi;
- xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish va mehnatni muhofaza qilishni kuchaytirish, ish beruvchilar bilan xodimlar o‘rtasidagi muvozanatli mehnat munosabatlarini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda mehnat sohasidagi nizolarni hal etishni mediatsiya usulida video-konferens-aloqa shaklida amalga oshirish tizimi joriy etiladi;
- Toshkent shahrining 12 ta tumanida fon monitoringini amalga oshirish uchun avtomatlashtirilgan kichik stansiyalarni o‘rnatish ishlari boshlanadi;
- farmatsevtika mahsulotlarining postmarketing nazorati amaliyotga joriy etiladi;
- maktabgacha ta’lim tashkilotlarining tarbiyachi-metodist lavozimi negizida amaldagi mehnatga haq to‘lash shartlarini saqlab qolgan holda maktabgacha ta’lim tashkilotining direktori o‘rinbosari lavozimi joriy etiladi. Tajriba-sinov tariqasida har bir tuman (shahar)dagi bittadan umumiy turdagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim guruhlari ochiladi. Shuningdek, qamrov darajasi past bo‘lgan davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining bo‘sh turgan yer uchastkalarida davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ruxsat etiladi;
- 2028 yil 1 yanvarga qadar umumiy ovqatlanish korxonalariga foyda solig‘i stavkasi 50 foizga kamaytiriladi;
- kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam olayotgan oilalarning rasmiy band bo‘lmagan a’zolari ishga joylashganda, o‘zini o‘zi band qilganda yoki tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yganda ushbu nafaqa va moddiy yordamni ularning muddati tugagunga qadar, biroq 6 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘lash davom ettiriladi;
- kambag‘al oilalar farzandlari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga imtiyozli asosda qabul qilinadi;
- maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish va ularga maxsus portal orqali menejerlik sertifikatini elektron shaklda berish tizimi joriy qilinadi;
- ichki ishlar organlari tomonidan tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarning reyestri yuritiladi;
- Madaniyat vazirligi tizimidagi bolalar musiqa va san’at maktablarining direktori, direktor o‘rinbosarlari, o‘qituvchi va konsertmeysterlarining ish haqi miqdorlari 10 foizga oshiriladi;
- statistika kuzatuvlarini amalga oshirish jarayoniga konsalting kompaniyalari, oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari jalb etiladi.
Elektron braslet, Madaniyatchilar, Yovvoyi hayvonlar, 1 yanvardan, Nimalar o‘zgaradi “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Qushlar uchun aqlli qafas taqdim etildi: o‘zi ovqatlantirib, o‘zi tozalaydi
Tadqiqot: atigi ming qadam yurish depressiya xavfini kamaytirishi mumkin
Vengriya bosh vaziri: Yevropa Ukrainadagi mojaroda yutqazdi
Putin uchinchi jahon urushi haqidagi savolga qanday javob berdi?
Putin MDH davlatlari rahbarlari bilan uchrashadi
Rossiya razvedkachilari askarlarni qanday asirga olishdi?
Erdo‘g‘on: “Suriyadagi kurd jangarilari yo qurollarini topshiradi, yo dafn qilinadi”
O‘zbekistonda birinchi marta suyak infarkti jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi