12:04 / 21.01.2025
350

100 dollarlik banknotaning eskisidan voz kechilyaptimi?

100 dollarlik banknotaning eskisidan voz kechilyaptimi?
AQSh dollari dunyodagi eng keng qoʻllanadigan valyuta hisoblanadi. Eski dizayndagi dollar kupyuralarining ham amal qilish muddati belgilanmagan. Ammo ayrim mamlakatlarda ularni ishlatishda muammolar yuzaga kela boshlagan. Bu nima bilan bogʻliq?

Ijtimoiy tarmoqlarda koʻpgina mamlakatlar «eski» yuz dollarlik banknotlarni qabul qilishni bosqichma-bosqich toʻxtatayotgani haqidagi xabarlar koʻpaydi. Oʻzbekiston misolida olsak, bu ma'lumotni Markaziy bank inkor etdi. Regulyatorga koʻra, mamlakatdagi hisob-kitoblarda eski namunadagi 100 dollarlik nominalidagi banknotlarning qonuniy toʻlov vositasi sifatidagi maqomi oʻzgarmagan.

Ammo, odamlar orasidagi qoʻrquv va xavotir tarqalgani yoʻq. Tijorat banklariga borgan mijozlarning aksariyati bunday kupyuralarni qabul qilishni xohlamayapti. Maishiy texnika, elektronika, telefon sotadigan doʻkondorlar (Oʻzbekistonda bu tarmoqlarda aksariyat mahsulotlar dollarda narxlangani bois valyuta bilan savdo qilish odatiy holga aylangan) ham eski dollarni qabul qilishdan bosh tortishyapti. Xoʻsh, oʻzi nima gap?

Turkiyada tarqalgan qalbaki dollarlar

2024 yilning noyabr oyi oxirida Turkiyada qalbaki dollarlar tarqalgani yuzasidan tergov boshlandi. Bunga mamlakatga 600 million dollarlik qalbaki banknotlar kontrabanda yoʻli bilan olib kirilgani asos sifatida keltirilgan. Natijada ayirboshlash shoxobchalari va banklar eski namunadagi 50 va 100 dollarlik kupyuralar bilan operatsiyalarni vaqtincha toʻxtatdi.

Mutaxassislarning aytishicha, Turkiyaga qalbaki dollarlarning asosiy qismi Suriya, Eron va Bolqon hududlaridan olib kelingan. Qalbaki valyuta bilan bogʻliq birinchi operatsiya Suriya bilan chegaradosh Gaziantep shahrida amalga oshirilgan. Qalbaki dollarlar Antaliya, Izmir, Istanbul, Anqara kabi turistik shaharlarda ham aniqlangan.

Markaziy Osiyodagi vaziyat

Dekabr oyining oʻrtalariga kelib qozogʻistonliklar banklarda eski namunadagi dollar kupyuralari komissiya evaziga qabul qilina boshlagani yuzasidan e'tiroz bildira boshlashdi.

Qirgʻizistonda ham “oq” dollar bilan bogʻliq muammoli vaziyatlar yuzaga kelgan. Ta'kidlanishicha, mijozlar banklardan bu turdagi eski banknotlarni olishdan bosh tortayotgani tufayli kassalarda katta miqdorda eski dollar toʻplanib qolgan.

Ushbu voqealar fonida Oʻzbekistonda ham 1996 yil va undan oldin emissiya qilingan dollar ayrim banklar tomonidan shikastlangan banknot sifatida tavsiflanib, ularni qabul qilishda qoʻshimcha komissiya undirilishi oydinlashdi.

Markaziy bank axborot xizmatining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, shikastlangan yoki muomalaga yaroqsiz banknotalarni xorijiy emitent banklarda almashtirish jarayonida bank transport xarajatlari, korrespondent bank yoki xorijiy bankning komissiyasini qoplash majburiyatiga ega. Shu sababdan komissiya olinadi va uning miqdorini har bir bank mustaqil belgilaydi.

Eski dollarning aniq amal qilish muddati bormi?

RBKning yozishicha, yangi va eski namunadagi banknotlar oʻrtasida hech qanday farq yoʻq va ularning amal qilish muddati koʻrsatilmagan. Amerika qonunlariga koʻra, 1914 yildan beri chiqarilgan barcha federal zaxira kupyuralari teng qiymatga ega. Eski pullar yaroqsiz holatga kelgan taqdirda ham, ularni AQSh banklari yoki FZT orqali yangisiga almashtirish mumkin.

AQSh dollari dunyodagi eng keng qoʻllanadigan valyuta hisoblangani uchun ham muntazam ravishda yangilanib, boshqacha dizayn va xavfsizlik elementlari bilan boyitiladi. Bu – valyutani soxtalashtirishga qarshi kurashning bir koʻrinishidir.

Masalan, eng koʻp ishlatiladigan 100 dollarlik banknot 1862 yilda birinchi marta muomalaga chiqarilgan va bir necha marta yangilangan. Xususan, 1996 yildan 2006 yilgacha “oq” dollar, 2004 yildan boshlab esa “koʻk” dollar chiqa boshlagan. Banknotning soʻnggi dizayni 2013 yilda tasdiqlangan boʻlib, eski namunadagilaridan himoya ipchasi, siyohdon tasviri va boʻrtma naqsh kiritilgani bilan ajralib turadi.

Eski namunadagi dollardan foydalanish rasman taqiqlangan mamlakatlar bormi?

Qonun bilan rasman taqiqlanmagan boʻlsa-da, sayohatchilar ayrim mamlakatlardagi doʻkonlar va ayirboshlash shoxobchalarida eski dizayndagi Amerika valyutasini qabul qilmaslik holatlariga duch kelganini qayd etgan.

Xususan, turistik davlatlar hisoblanuvchi Turkiya, Marokash, Tailand, Yaponiya, Vetnam, Seyshel orollari, Misr, Shri-Lanka, JAR, Pokiston, Keniya, Hindiston, Tanzaniya kabi davlatlarda shu kabi holatlar kuzatilgan.

Bu “oq” banknotlarni soxtalashtirish nisbatan osonligi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Shu sababdan ham sayohatga ketayotganlardan imkon qadar yangi dizayndagi “koʻk” kupyuralarni olib yurish tavsiya etiladi.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston