date 15:28 / 06.04.2025
views 11 274

Go‘sht narxining oshishi: bunga qaysi omillar ta’sir qilmoqda?

Go‘sht narxining oshishi: bunga qaysi omillar ta’sir qilmoqda?
Fevral oyi oxiridan boshlab avval poytaxtda, keyin butun O‘zbekiston bo‘ylab go‘sht narxining oshishi yuz berdi. Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, birgina mart oyida qo‘y go‘shti 9,1 foizga, mol go‘shti 8,8 foizga qimmatlagan. Xo‘sh, bunga nima sabab bo‘lmoqda?

Dunyo bo‘ylab 1 kg mol go‘shtining o‘rtacha narxi 6 dollarni tashkil etadi. Ayni paytda O‘zbekistondagi o‘rtacha narxlar esa 8-11 dollar atrofida. Kun.uz muxbiri suhbatlashgan mahalliy qassoblarning so‘zlariga ko‘ra, yaqin kunlarda narxlar yana oshishi mumkin.

Oxirgi yillarda go‘sht narxining qimmatlashishiga bir nechta omillar majmuasi ta’sir qilayotgan bo‘lishi mumkin.

Birinchidan, chorva mollarini oziqlantirish uchun ajratilgan yer maydonlari qoramollar soniga mutanosib emas. Oldin mavjud bo‘lgan yaylovlarning o‘rni ekinzorga aylanishi bilan nomutanosiblik kengayib boryapti. Ya’ni fermer chorvachilikni kengaytirishni istasa ham, buning uchun unda yetarli yer maydoni mavjud emas.

Yaylov chorvachiligida go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqarishga qilinadigan xarajatlar qoramolchilikdagiga nisbatan ancha kam bo‘lib, mahsulot ishlab chiqarish tannarxning pastligi tufayli go‘sht narxini muvozanatlovchi asosiy omil hisoblanadi. Iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi sababli yaylovlarning qisqarishi tabiiy ravishda kuchayib boryapti. Shuningdek, buta va yarim buta o‘simliklarini o‘tin va boshqa xo‘jalik ehtiyojlari uchun chopib olish ham yaylovlar inqirozi va cho‘llanish jarayonini tezlashtirgan.

O‘z navbatida, yaylovlarning qisqarishi mavjud zaxiralardan ko‘proq foydalanishni taqozo etadi. Buning oqibatida o‘simliklarning normal o‘sib rivojlanishi va urug‘ hosil qilishi, tuproqqa urug‘larning to‘kilishi kabi muhim tabiiy jarayonlar sekinlashadi.

Ya’ni hozirgi narxlar oshishini barqarorlashtirish, bozordagi taklifni oshirish uchun birinchi navbatda mazkur ko‘p yillik tizimli muammoni hal qilish kerak bo‘ladi. Cho‘l yaylovlarining hajmi va hosildorligini oshirmay turib, ularda boqilayotgan chorva hayvonlari bosh sonini ko‘paytirishning iloji yo‘q. Masalan, ayrim mamlakatlarda yaylovlar holatini yaxshilash uchun har yili bir yillik o‘simlik urug‘larini sepish yo‘lga qo‘yilgan.

Ikkinchidan, go‘shtning katta qismi odamlar tomonidan xonadonlarda yetishtiriladi. Bunda qo‘shimcha daromad olish maqsadida yosh qoramol chorvadordan sotib olinadi va semirtirib sotiladi. Shrot va kunjara kabi mahsulotlar narxining tez o‘zgaruvchanligi, yem-hashak uchun yer maydonlarining yetarli emasligi, makkajo‘xori kabi ekinlarni ekishga qo‘yilgan norasmiy cheklovlar chorva uchun oziq-ovqat narxlarini qimmatlashtiryapti.

Natijada umumiy narx oshishidan iste’molchilar aziyat chekyapti. Umuman, go‘shtga paxta yoki g‘alla kabi birinchi navbatdagi strategik mahsulot sifatida qaralmaydi.

Uchinchidan, 2025 yilda global miqyosda ham go‘sht narxining o‘sishi kuzatilyapti. Masalan, BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining (FAO) mol go‘shti narxlari indeksi mart oyida 132 punktdan oshgan. Bu – oxirgi 33 oydagi eng baland ko‘rsatkich.

Narx qimmatlashishi qo‘shni respublikalarda ham kuzatilyapti. Jumladan, mart oyida Qozog‘istonda mol go‘shti narxi 3,5 foizga, qo‘y go‘shti narxi esa 3,4 foizga oshgan. Qirg‘izistonda esa go‘sht mahsulotlarining inflyatsiyasi 3 foiz bo‘lgan.

Go‘sht qanchaga qimmatlashdi?

Go‘sht narxining qimmatlashishi respublikaning turli hududlariga har xil ta’sir qilgan. Masalan, Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida mol go‘shti 95 ming so‘mdan 110 ming so‘mga, qo‘y go‘shti esa 110 ming so‘mdan 120 ming so‘mga oshgan. Namangan viloyatining Chortoq dehqon bozorida lahm mol go‘shtining bahosi 110 ming so‘mdan 130 ming so‘mgacha, Farg‘ona shahrida esa 120 ming so‘mdan 150 ming so‘mgacha ko‘tarilgan. Toshkent sharidagi savdo rastalarida esa 120-125 ming so‘m oralig‘ida sotilgan lahm mol go‘shtining narxi 140-150 ming so‘mga yetdi.

Go‘sht – so‘nggi yillarda eng ko‘p qimmatlagan mahsulotlardan biri. 2010 yilning oxirida bir kilo go‘sht 9 ming so‘m, 2011 yil yakunida 15 ming so‘m, 2014 yilning o‘rtalarida esa 26 ming so‘mdan taklif qilingan. Bu ko‘rsatkich keyingi yillarda quyidagicha o‘zgardi:

2016 — 35 000 so‘m;
2017 — 38 000 so‘m;
2018 — 46 000 so‘m;
2020 — 60 000 so‘m;
2021 — 70 000 so‘m;
2022 — 90 000 so‘m;
2024 — 120 000 so‘m;
2025 — 140 000 so‘m.

Statistika qo‘mitasining rasmiy raqamlariga qaraydigan bo‘lsak, suyakli mol go‘shti narxining oshishi keyingi yillarda quyidagicha bo‘lgan:

2017 yil – 35,9 foiz (umumiy inflyatsiya – 14,4 foiz);
2018 yil – 26,9 foiz (umumiy inflyatsiya – 14,3 foiz);
2019 yil – 26,6 foiz (umumiy inflyatsiya – 15,2 foiz);
2020 yil – 21,1 foiz (umumiy inflyatsiya – 11,1 foiz);
2021 yil – 10,4 foiz (umumiy inflyatsiya – 9,98 foiz);
2022 yil – 9,8 foiz (umumiy inflyatsiya – 12,3 foiz);
2023 yil – 9,3 foiz (umumiy inflyatsiya – 8,8 foiz);
2024 yil – 35,9 foiz (umumiy inflyatsiya – 14,4 foiz).

Go‘sht yetishtirish va import

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda O‘zbekistonda 2,9 mln tonna go‘sht (tirik vaznda) yetishtirilgan. Bu ko‘rsatkich 2023 yilga nisbatan 3,9 foizga ko‘p. O‘z navbatida go‘sht yetishtirish 2023 yilda 2,8 mln tonnani, 2022 yilda esa 2,7 mln tonnani tashkil etgan. Ya’ni aholi iste’mol qiladigan go‘shtning asosiy qismi mamlakat ichkarisida yetishtiriladi.

Shu bilan birga, yildan yilga import hajmi ham oshib boryapti. Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda O‘zbekistonga 510 mln dollarlik go‘sht va go‘sht mahsulotlari import qilingan. Shundan 366 mln dollarlik mahsulot (qariyb 94 ming tonna) qoramol go‘shti hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu 2023 yilga nisbatan miqdor jihatdan 57 foizga, qiymat jihatdan esa 51 foizga oshgan. Shuningdek, o‘tgan yilda 119 mln dollarlik tirik hayvonlar importi amalga oshirilgan.

2025 yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekistonga 108, 5 mln dollarlik (o‘sish +85 foiz) 26,6 ming tonna (+ 76 foiz) qoramol go‘shti olib kirilgan. Bunda 1 kg go‘shtning o‘rtacha bahosi 4,08 dollarni tashkil etgan. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 3,88 dollarga teng bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda go‘sht importi uchun bojxona bojining nol stavkasi qo‘llanadi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, mol yoki qo‘y go‘shti narxining oshishi odamlarning moliyaviy holatiga sezilarli darajada ta’sir qiladi. Ayniqsa, aholining ijtimoiy zaif qatlamlari – pensiya oluvchilar, kam daromadli oilalar va ishsizlar bundan eng ko‘p zarar ko‘radi.

Go‘sht sog‘lom ovqatlanishning ajralmas qismi, ammo uning qimmatligi kundalik ratsionda ushbu mahsulot ulushini kamaytirib, inson salomatligi uchun muhim bo‘lgan moddalar yetishmovchiligiga sabab bo‘ladi.

Doston Ahrorov
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Go‘sht narxining oshishi: bunga qaysi omillar ta’sir qilmoqda?