O‘zbekiston U-17 terma jamoasi bosh murabbiyi Islom Ismoilov FIFA rasmiy saytiga bergan katta intervyusida yoshlar termasining ruhi, tayyorgarlik jarayoni va kelajak rejalari haqida to‘liq to‘xtalib o‘tdi. Unda murabbiy jamoaning Osiyo chempionatidagi zafaridan keyingi o‘zgarishlar, Jahon chempionatiga tayyorgarlik jarayoni, raqiblar tahlili va futbolchilarning psixologik holati haqida samimiy fikrlar bildirdi, deb xabar berdi fifa.com.
Ismoilov so‘zlariga ko‘ra, Osiyo chempionligi nafaqat faxr, balki katta mas’uliyat ham olib kelgan. “Bu g‘alaba jamoamizni yangi bosqichga olib chiqdi. Har bir futbolchida ishonch paydo bo‘ldi, endi biz ikki barobar ko‘p mehnat qilayapmiz. Jahon chempionatidagi asosiy vazifamiz — o‘zimizni dunyo sahnasida ko‘rsatish va O‘zbekiston futboli uchun yangi tarix yozish”, — dedi murabbiy.
Uning ta’kidlashicha, 2023 yilgi Jahon chempionatida terma jamoa chorak finalga qadar yetib borgan musobaqadan juda ko‘p saboqlar olingan. “O‘sha vaqtdagi jamoa murabbiyi bilan suhbatlar o‘tkazib, har bir o‘yinni tahlil qildik. Eng muhim xulosa — bosim ostida ham to‘g‘ri qaror qabul qilish zarurligi bo‘ldi. Shuning uchun bu safar tayyorgarlikda aynan qaror qabul qilish tezligi va o‘yin nazoratiga alohida e’tibor berdik”, — deydi Ismoilov.
Murabbiyning fikricha, Osiyo va jahon darajalaridagi o‘yinlar orasidagi asosiy farq — o‘yin sur’ati va fikrlash tezligida. “Yevropa yoki Janubiy Amerika jamoalari qarshi bosimni kuchaytiradi, bu esa o‘yinchilardan juda tez fikrlashni talab qiladi. Biz mashg‘ulotlarda aynan shunga tayyorlandik — tez qaror qabul qilish, vaziyatni baholash va o‘yinni nazoratda ushlashga. Endi biz faqat moslashuvchi jamoa emas, o‘yinni boshqaruvchi jamoamiz”, — dedi u.
Ismoilov tayyorgarlik jarayoni haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan terma jamoa uchun maxsus reja ishlab chiqilgan, bir qator xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlari tashkil etilgan. “Raqiblarimiz Paragvay, Irlandiya va Panama terma jamoalarining taktikasi, kuchli va zaif jihatlarini tahlil qildik. Har bir raqibga qarshi alohida strategik reja tayyorladik”, — deya ta’kidladi murabbiy.
Yosh futbolchilarning psixologik holati va jismoniy tayyorgarligi haqida so‘z yuritar ekan, Ismoilov bu yoshdagi sportchilar uchun bosimni yengish eng katta sinov ekanini qayd etdi. “Biz har kuni ular bilan psixologik mashg‘ulotlar o‘tkazamiz, jamoaviy suhbatlar tashkil etamiz. Bosimdan qo‘rqmaslik va ishonch bilan o‘ynash — bugungi kunning asosiy vazifasi. Shu bilan birga, jismoniy holatni yuqori darajada ushlab turish uchun zamonaviy dasturlar ishlab chiqilgan. Har bir o‘yinchi maydonda o‘z salohiyatini to‘liq namoyon eta olishi kerak”, — dedi u.
Intervyu yakunida Islom Ismoilov O‘zbekiston muxlislariga va yosh futbolchilarga murojaat qildi. “Bizning Osiyo chempioni bo‘lishimizda xalqning ishonchi katta rol o‘ynadi. Endi Jahon chempionatida ham shu ishonchni his qilib, faqat g‘alaba uchun kurashamiz. Yoshlarga esa shuni aytaman: imkoniyat beriladi — uni qadrlang. Iste’dod yo‘lni ko‘rsatadi, ammo maqsadga mehnat yetkazadi”, — deb so‘zini yakunladi murabbiy.
Ismoilovning bu so‘zlari ko‘plab muxlislarda yangi umid uyg‘otdi. Yosh terma jamoa endi nafaqat natija uchun, balki O‘zbekiston bayrog‘ini dunyo sahnasida baland ko‘tarish uchun kurashadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!