date
views 48

Xorazmda 2025 yilda 7 ming xonadonli 200 ta ko‘p qavatli uy quriladi

Xorazmda 2025 yilda 7 ming xonadonli 200 ta ko‘p qavatli uy quriladi
2 may kuni Urganch tumanida prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Xorazm viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Qayd qilinishicha, viloyatda kambag‘allik darajasi 12 foiz atrofida, 45 ming fuqaro ishsiz. Shuning uchun hokimlar va o‘rinbosarlari har bir imkoniyatni loyihaga aylantirib, yangi ish o‘rinlari yaratishi, sanoat, servis, turizm, qishloq xo‘jaligi, eksport salohiyatini yanada oshirishi zarurligi aytildi.

Davlat rahbari bu sohalardagi imkoniyatlar va ularni ishga solish choralarini ko‘rsatib o‘tdi. Masalan, turizm eksporti salohiyati 10 milliard dollar bo‘lsa, shuning 2 milliard dollari aynan Xorazmga to‘g‘ri keladi. Afsuski, bu to‘liq ishga solinmayapti.

Viloyat bo‘yicha 263 ta madaniy meros obidasi mavjud. Tadbirkorlar bilan hamkorlikda ular turistik maskanga aylantirilsa, qo‘shimcha daromad va ish o‘rinlari bo‘ladi. Shuningdek, chet eldan tajribali arxeologlarni jalb qilib, tarixiy joylarni aniqlash va tiklashga mablag‘ ajratiladi.

Xorazmda 40 dan ortiq hunarmandchilik yo‘nalishlari rivojlangan bo‘lib, sayyohlar mahsulot tayyorlash jarayoniga ham qiziqadi.

Turizmda ovqatlanish joylari juda muhim. Prezident milliy taomlarni chet ellarda tanitayotgan restoratorlarni qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidladi. Xorijda o‘zbek restoranlari tashkil qilishda ro‘yxatdan o‘tish, ruxsatnoma va ish yuritish bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismi qoplab berilishi belgilandi.

Mehmon o‘rinlari va transport qatnovlarini ko‘paytirish, yangi ko‘ngilochar va tematik maskanlar barpo etish, gid va ofitsiantlar tayyorlash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Umuman, bu yil jami 200 million dollarlik 91 ta loyihani bajarish, turizm va xizmatlar sohasida 100 mingta ish o‘rni ochish vazifasi qo‘yildi. 2 million xorijiy va 10 million mahalliy sayyoh jalb qilib, turizm eksportini 700 million dollardan oshirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Iqtisodiyot sohasida ham imkoniyat ko‘p. Bu yil Xorazmda kamida 6 foiz iqtisodiy o‘sishni ta’minlab, yalpi hududiy mahsulotni 60 trillion so‘mdan oshirish ko‘zda tutilgan. 265 ming aholini band qilib, 104 ming odamni kambag‘allikdan olib chiqish mo‘ljallangan.

Masalan, xususiylashtirish dasturiga asosan 2025 yilda viloyatda 41 ta davlat binosi, 350 gektar yer uchastkasi savdoga qo‘yilayapti. Bu xizmat ko‘rsatish, turizm va ishlab chiqarish sohalari uchun katta imkoniyat.

So‘nggi sakkiz yilda Xorazmda mebel sanoati 3 karra o‘sdi. Xonqadagi 10 gektar yerda mebelchilik zonasi tashkil etildi. Bu tarmoqni yanada rivojlantirish uchun xorijdan dizayner, marketolog, injener-texnolog olib kelinadi. Umuman, bu sohaga qo‘shimcha turtki berish uchun maxsus dastur tayyorlash topshirig‘i berildi.

Hozir jahondagi murakkab sharoitda innovatsiya va investitsiya jalb qilgan davlat yutayapti. Bu borada Xorazmda ham rejalar ulkan. Jumladan, bu yil 900 million dollarlik 12 ta yirik, 480 ta hududiy loyiha ishga tushiriladi. 65 turdagi mahsulot, 5 turdagi uskuna ishlab chiqarilib, mahalliylashtirish hajmi 1,7 trillion so‘mga yetkaziladi. 1,5 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etilib, 510 million dollarlik eksport qilinadi.

Masalan, Qo‘shko‘pir tumanidagi 175 gektarda «O‘zbekiston – Xitoy texnoparki» tashkil qilinmoqda. U yerda 1 milliard dollarlik 16 ta investitsiya loyihalari bo‘ladi.

Tuproqqal’ada 10 milliard dollarlik gaz-kimyo majmuasining birinchi bosqichi boshlanadi. Unda yiliga 2 million tonna 14 turdagi yuqori qo‘shilgan qiymatli bazaviy polimer mahsulotlari ishlab chiqariladi.

Xorazmdagi 663 ta qurilish materiallari korxonasi bo‘lib, viloyatning drayver tarmoqlaridan biriga aylandi. Endi ularning mahsulotlari sotilishi moliyaviy choralar orqali qo‘llab-quvvatlanadi. Tarmoqda 100 million dollarlik yana 40 ta loyiha boshlanadi.

Slovakiya kompaniyasi tomonidan Tuproqqal’a tumanida 170 million dollar hisobidan raps o‘simligi yetishtirish va undan bioetanol ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida 60 million dollarlik 56 ta loyiha ishga tushiriladi. 3 ming 400 gektar yer qayta foydalanishga kiritiladi. 1 ming 200 gektar sanoatlashgan mevali bog‘lar tashkil qilinadi.

Avstriyaning «Bauer» kompaniyasi bilan Xorazmda 7,5 ming gektarda yomg‘irlab sug‘orishni joriy qilish rejalashtirilgan. Bunda fermerlarga shunday texnikalar tayyor o‘rnatilib, lizing asosida so‘mda yillik 2,5 foiz stavkada 10 yil muddatga beriladi.

Xorazmlik fermerlar tannarxni tushirish uchun izlanib, traktorga zamonaviy «avtopilot» o‘rnatgan. Natijada chigit to‘liq aniqlikda ekiladi, sifat oshadi. Bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlash uchun imtiyozli kredit berilishi qayd etildi.

Viloyatda ekin maydoniga suv chiqarish oson emas. Respublikadagi nasoslarning 21 foizi shu yerda joylashgan. Ularga quyosh paneli o‘rnatib, elektr xarajatini iqtisod qilish muhimligi ta’kidlandi.

Baliqchilikni rivojlantirish, sutni qayta ishlash, dalalarda qo‘shimcha mahsulotlar yetishtirish chora-tadbirlari belgilandi.

Aholi farovonligini oshirish maqsadida bunyodkorlik ishlari ham rejalashtirilgan. Jumladan, bu yil 7 ming xonadonli 200 ta ko‘p qavatli uy quriladi, 1,5 ming kilometr yo‘l va 20 ta ko‘prik ta’mirlanadi. Bu sohada 20 ming nafar aholi ish bilan ta’minlanadi.

Ijtimoiy sohalarni rivojlantirish vazifalari ham ko‘rsatib o‘tildi. Tibbiyot maskanlari va yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini ko‘paytirib, aholini sog‘lomlashtirish, texnikum va oliygoh talabalarini dual ta’limga qamrab olish, yoshlarni ish bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Yig‘ilishda belgilangan chora-tadbirlarni bajarish rejalari yuzasidan mutasaddilarning axboroti eshitildi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Xorazmda 2025 yilda 7 ming xonadonli 200 ta ko‘p qavatli uy quriladi