8 444
2017 yilning 1 aprelidan sud tomonidan jinoyat ishini qo‘shimcha tergovga qaytarish bekor qilinadi
Tergovning to‘liq emasligini sud muhokamasi jarayonida to‘ldirish mexanizmlarini joriy etish orqali 2017 yilning 1 aprelidan boshlab sud tomonidan jinoyat ishini qo‘shimcha tergov yuritishga qaytarish instituti bekor qilinadi. Bu 21 oktyabrda imzolangan "Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonda belgilangan.
Inson huquqlari sohasidagi xalqaro hujjatlar, xususan, Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt va Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish to‘g‘risidagi Evropa konvensiyasida mustahkamlangan aybsizlik prezumpsiyasi jinoyat prosessining muhim prinsipi hisoblanadi. Unga ko‘ra har bir shaxs, modomiki, sud tomonidan o‘zgacha hol isbot qilinmagan ekan, aybsiz deb e’tirof etilishi kerak. Bartaraf etilishi mumkin bo‘lmagan barcha shubhalar ayblanuvchi foydasiga talqin etilishi zarur. Jinoyatni sodir etishda isbotlanmagan ayb - isbot qilingan aybsizlikka tengdir.
Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 14-moddasi uchinchi qismi, shuningdek, Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish to‘g‘risidagi Evropa konvensiyasining 6-moddasi uchinchi qismiga muvofiq jinoyat sodir etilishida ayblanayotgan shaxsning asossiz kechiktirishsiz sudlanishga bo‘lgan huquqi o‘zida adolatning asosiy kafolatlaridan birini ifodalaydi. Sud tomonidan jinoyat ishining qo‘shimcha tergov o‘tkazish uchun qaytarilishi esa ushbu kafolatga ziddir.
Ma’lumki, surishtiruv va dastlabki tergov sudga qadar amalga oshiriladi. Bundan ish sudga kelganidan so‘ng u bo‘yicha qo‘shimcha, yangi yoxud takroriy tergov o‘tkazilishi haqida so‘z ham bo‘lishi mumkin emas, degan ma’no kelib chiqadi. Modomiki, dastlabki tergov ayblov xulosasini tasdiqlash bilan yakunlanar ekan, undan so‘ng sud muhokamasi bosqichi boshlanishi hamda jinoiy javobgarlik to‘g‘risidagi masala mazmunan hal etilishi kerak. Buning aksi esa jinoyat sudlovining asosiy prinsipial taqiqlaridan biri - shaxs sodir etgan ayni bir qilmish uchun uni takroran ayblashga yo‘l qo‘yilmasligi qoidasining qo‘pol ravishda buzilishi hisoblanadi. Ilgari qo‘yilgan ayb prosessual talablar, shuningdek, tomonlarning murojaatlari hisobga olingan holda ish bo‘yicha to‘plangan dalillar asosida sudda tasdiqlanishi, rad etilishi yoki o‘zgartirilishi mumkin.
Qo‘shimcha tergov instituti jinoyat prosessining negizi hisoblanmish ana shunday asosiy kafolatlarga (ya’ni, aybsizlik prezumpsiyasi, shaxs sodir etgan ayni bir qilmish uchun uni takroran ayblashga yo‘l qo‘yilmasligi, asossiz kechiktirishsiz sudlanish huquqi) ziddir. Qolaversa, jinoyat ishining sud tomonidan qo‘shimcha tergovga qaytarilishi odil sudlov organining haqiqiy roli hamda qamoqda saqlash va uni uzaytirish muddatlarini hisoblash masalalari o‘rtasida nomuvofiqlik paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Ushbu va boshqa salbiy holatlar jinoyat ishlarini qo‘shimcha tergov qilish uchun qaytarishning prinsipial masalalari puxta ishlab chiqilmaganligi va hal etilmaganligi natijasi bo‘lib, O‘zbekiston Jinoyat-prosessual kodeksi (JPK)da bu masalaga etarli e’tibor berilmaganidan dalolat beradi.
Sudda davlat ayblovini quvvatlovchi prokurorlar va sudlanuvchining himoyachisi tariqasida ishtirok etuvchi advokatlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar qo‘shimcha tergov instituti sud muhokamasining o‘z vaqtida o‘tkazilishiga to‘sqinlik qilib, jinoyat ishlari yurituvida sansalorlikka olib kelayotganini ko‘rsatdi. Basharti dastlabki tergov davrida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, bunda jinoyat ishini qo‘shimcha tergovga yubormasdan, balki bevosita sudning o‘zi tomonidan bartaraf etilishi, sudlanuvchining aybini tasdiqlovchi dalillar etarli bo‘lmagan hollarda esa oqlov hukmi chiqarilishi maqsadga muvofiqdir.
Yuqoridagilar va farmon talabidan kelib chiqib, O‘zbekiston Jinoyat-prosessual kodeksi va boshqa qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi kutilmoqda.
Manba: tafsilot.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar