
Xans Flikning "Barselona"dagi faoliyati ortidan qalin soyalar tushmoqda. Klubda 18 yoshli isteʼdod egasi Lamin Yamal bilan bog'liq vaziyat tobora murakkablashmoqda.
Germaniyalik murabbiyning asosiy maqsadi jamoaviy intizomni tiklash bo'lsa-da, rahbariyatning Yamalga bergan haddan tashqari erkinligi Flikni qattiq xavotirga solmoqda. Oʻtgan mavsumdagi yorqin o‘yinlariga qaramay, Yamalning xatti-harakatlari tanqidlarga sabab bo‘lmoqda.
"Barselona"ning ichki manbalari xabar berishicha, yosh futbolchi oʻzini ortiqcha erkin tutmoqda. Jamoaning "El-Klasiko"dagi mag‘lubiyatidan keyin Yamalning Milan shahriga uchib ketgani va boshqa o‘yinchilardan farqli o‘laroq, oziq-ovqatni oʻzi olib kelmayotgani murabbiyning noroziligiga sabab boʻlgan.
Bundan tashqari, u klubning ichki qoidalariga zid ravishda elektr transport vositalaridan foydalanishni odat qilgan. Rahbariyat esa Yamalning bu kabi hatti-harakatlarini yosh isteʼdod egasi uchun stressni kamaytirishga qaratilgan deb hisoblaydi.
Xans Flik esa jamoaviy muvaffaqiyat uchun bunday yondashuvni zararli deb biladi. AS nashrining ta'kidlashicha, Flik oʻz pozitsiyasini bir necha bor rahbariyatga yetkazgan, ammo natija koʻrinmayapti.
Germaniyalik murabbiy Yamalni jamoaviy natijalar uchun zarur boʻlgan intizomga rioya qilishga chaqirmoqda, ammo rahbariyat buni qoʻllab-quvvatlashga shoshilmayapti. Flikning jamoa ichidagi noroziligi kuchaymoqda.
Lamin Yamal joriy mavsumda oʻtgan yilgi darajada yorqin oʻyin koʻrsata olmayapti, uning jarohatlari va boshqa majburiyatlari sababli jamoaga yetarli foyda keltira olmayapti. Shuningdek, yosh futbolchining shaxsiy hayoti va koʻngilochar tadbirlarga haddan tashqari koʻp eʼtibor qaratayotgani ham murabbiyni tashvishga solmoqda.
"Barselona" rahbariyati murabbiyni qoʻllab-quvvatlash va intizomni tiklash yoʻlidan borishi yoki Yamalni qoʻllab, uning erkinligini saqlab qolishi kerak. Biroq rahbariyat hozircha yosh iste'dodga koʻproq eʼtibor qaratmoqda.
Agar Flik klubni tark etsa, bu "Barselona" uchun katta yoʻqotishga aylanishi mumkin. Klubning kelajagi va jamoaviy muvaffaqiyati uchun ushbu masala tezroq hal qilinishi lozim.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar