date

Xususiy klinikalarga yangi imkoniyat: tibbiy uskunalarni bojxonasiz olib kirish muddati uzaytirildi

Xususiy klinikalarga yangi imkoniyat: tibbiy uskunalarni bojxonasiz olib kirish muddati uzaytirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan yig‘ilishda sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi qarorlar qabul qilindi. Unga ko‘ra, tibbiy uskunalar, jihozlar va tez yordam mashinalarini olib kirish uchun berilgan bojxona imtiyozlari yana 3 yilga uzaytiriladi.

So‘nggi sakkiz yil ichida O‘zbekistonda xususiy klinika va laboratoriyalar soni uch barobarga oshib, 9 mingdan oshdi. Ulardagi shifo o‘rinlari esa 57 mingdan ortiqni tashkil etadi. Bugungi kunda mamlakat bo‘yicha tibbiy xizmatlarning 30 foizi aynan xususiy sektor tomonidan ko‘rsatilmoqda.

Davlat rahbari bu natijalarni ijobiy baholab, xususiy tibbiyot sohasida ilg‘or tashabbuslar paydo bo‘layotganini ta’kidladi. Shuningdek, hukumat xususiy sheriklikni kengaytirish bo‘yicha barcha takliflarni ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.

Xususiy klinikalarda xizmat narxlari respublika tibbiyot markazlariga qaraganda arzonroq ekani qayd etildi. Shu bois, endilikda tibbiy sug‘urta mablag‘larini bemor tanlagan, xizmatlari arzon va sifatli bo‘lgan xususiy klinikalarga yo‘naltirish tartibi joriy etiladi.

Yig‘ilishda, shuningdek, umumiy ovqatlanish korxonalariga berilgan QQS qaytarish imtiyozi xususiy tibbiyot muassasalariga ham tatbiq etilishi ma’lum qilindi.

Katta loyihalarga ham moliyaviy yordam ko‘zda tutilgan: zamonaviy ko‘p tarmoqli klinikalarni tashkil etish va jihozlash uchun tadbirkorlarga 200 million dollarlik imtiyozli resurs ajratiladi. Ushbu mablag‘lar 7 yil muddatga, 3 yil imtiyozli davr bilan va 17 foiz stavkada taqdim etiladi.

Bu chora-tadbirlar xususiy tibbiyotning rivojiga turtki bo‘lishi, aholiga sifatli va arzon tibbiy xizmatlarni yanada kengroq taqdim etishga imkon yaratishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Agar kod o‘qilmasa, yangilash uchun rasmga bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Xususiy klinikalarga yangi imkoniyat: tibbiy uskunalarni bojxonasiz olib kirish muddati uzaytirildi