
Prezident tibbiyot sohasi xodimlari mehnatini munosib qadrlash va ularning moddiy hamda ma’naviy holatini yaxshilash maqsadida qator amaliy choralar joriy etilishini ma’lum qildi. Yangi tizim tibbiyotdagi samaradorlikni oshirish, ilmiy-amaliy faoliyatni rag‘batlantirish va sohaga yosh kadrlarni jalb etishni ko‘zda tutadi.
Eng muhim yangiliklardan biri sifatida har yili “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni” munosabati bilan davlat tibbiyot muassasalarida faoliyat olib borayotgan barcha shifokor va hamshiralar maxsus pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Bu qadam, davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, soha fidoiylariga bo‘lgan minnatdorlik ramzi sifatida joriy etiladi.
Shuningdek, ilg‘or tajriba va yangicha yondashuvni hayotga tatbiq etgan shifokorlar ham alohida rag‘batlantiriladi. Xususan, tuman darajasida yangi davolash usulini amaliyotga joriy etgan tibbiyot xodimlariga 21 million so‘m miqdorida maxsus mukofot ajratiladi. Bu, ayni paytda, innovatsion fikr va ilmiy yondashuvni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Uzoq yillar sohaga hissa qo‘shgan mutaxassislar uchun ham qator imtiyozlar nazarda tutilgan. Davlat tibbiyot muassasasida 15-yil ish stajiga ega xodimlarga sanatoriyga bepul yo‘llanma beriladi. Shuningdek, ularning farzandi davlat oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirgan taqdirda, bir yillik kontrakt to‘lovining 30 foizi davlat hisobidan qoplanadi.
Ipoteka krediti bo‘yicha ham rag‘bat choralari belgilangan — har yili yuksak natija ko‘rsatgan 500 nafar tibbiyot xodimi uchun boshlang‘ich to‘lovning 25 foizi davlat tomonidan to‘lab beriladi.
Shu bilan birga, uch yil va undan ortiq ish tajribasiga ega tibbiyot xodimlariga zarurat tug‘ilganda yiliga bir marta yuqori texnologiyali ixtisoslashgan tibbiy yordam bepul ko‘rsatiladi. Bu nafaqat soha vakillarining sog‘lig‘ini asrash, balki ularning mehnatga layoqatini uzoq yillar saqlashga yordam beradi.
Ilmiy yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan shifokorlar uchun ham qulay imkoniyatlar yaratilmoqda — xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalar chop etishga sarflangan barcha xarajatlar davlat tomonidan to‘liq qoplab beriladi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bu chora-tadbirlar natijasida tibbiyot tizimida mehnat unumdorligi ortib, yangi innovatsiyalarni joriy etish jarayoni jadallashadi. Shu bilan birga, malakali kadrlar soni ko‘payib, shifokorlik kasbining nufuzi yanada yuksalishi kutilyapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!