
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiya imperatori Naruxitoni mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv chog‘ida Mirziyoyev va imperator ikki xalqning ma’naviy yaqinligi – mentalitet, urf-odatlar hamda oilaviy qadriyatlar o‘xshashligini ta’kidladilar. Prezident, shuningdek, imperator Naruxitoga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi.
Toshkent va Tokio o‘rtasidagi madaniyat hamda ta’lim sohasidagi hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi. Joriy yil dekabr holatiga ko‘ra, 3 mingdan ortiq o‘zbekistonlik Yaponiyada amaliyot o‘tagan, 440 dan ziyod kishi Yaponiya universitetlarida stipendiyalar asosida ta’lim olgan.
2026 yilda Yaponiyada o‘zbek madaniyati va tarixiga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar tashkil etish rejalashtirilgan. Naruxito — Yaponiyaning 126-imperatori bo‘lib, u 2019 yil may oyida taxtga o‘tirgan.
Uning hukmronligi «Reyva» («Chiroyli uyg‘unlik») davri shiori ostida kechmoqda. Imperator suv yo‘llari tarixi va ekologiya, xususan suv va iqlim muammolari bo‘yicha mutaxassis sifatida tanilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.