O‘zbekistonda fevral oyi iliqroq, yomg‘ir-qor ko‘proq bo‘lishi mumkin

Gidrometeorologiya xizmati agentligi bashoratiga ko‘ra, fevral oyi yanvarga nisbatan o‘rtacha 2–3 darajaga, tog‘li hududlarda esa 1–1,5 darajaga iliqroq kelishi kutilmoqda. Ya’ni qish “ketyapman” deb turib, hali bir-ikki marta qaytib salom berishi ham mumkin.
Oyning birinchi besh kunligi nam ob-havo bilan boshlanadi. Respublika bo‘yicha asosan yomg‘ir ko‘rinishida yog‘ingarchilik kuzatilishi aytilmoqda. Shu paytda harorat ham asta-sekin ko‘tarilib, kechalari 5–10 darajagacha, kunduzi 13–18 darajagacha chiqishi mumkin. Qisqasi, havo bir oz yumshaydi, lekin yomg‘irli kayfiyat “rejimda”.
Keyingi haftalarda, oy oxirigacha harorat bir tekis turib qolmaydi:
kechalari 2–7 daraja iliqdan 0–5 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari esa 5–10 daraja iliqdan 13–18 daraja iliqqacha o‘zgarib turadi. Shuning uchun “ertalab iliq ekan” deb yengil kiyinib chiqib ketmaslik kerak — kechqurun havo tez fikrini o‘zgartirib qo‘yadi.
Bashoratda har o‘n kunlikda 2–3 kun yog‘ingarchilik bo‘lishi ehtimoli ham keltirilgan: ba’zan yomg‘ir, ba’zan qor. Demak, fevralda ob-havo “aralash pleylist” — bir kuni quruq, ertasi nam, yana bir kuni qor aralash yomg‘ir.
Qiziq tarixiy faktlar ham bor. Meteokuzatuvlar davomida fevral oyidagi maksimal harorat rekordlari 24–29 daraja issiqqa, janubda ayrim joylarda 30–32 daraja issiqqacha chiqqan. Bu rekordlar respublika hududining katta qismida 2016 va 2021 yillarda qayd etilgan.
Fevral O‘zbekistonning katta qismida yil davomida yog‘ingarchilik eng ko‘p kuzatiladigan oy sanaladi. Lekin oy har yili bir xil o‘tmaydi:
2016 yil fevrali bu asrda eng quruqlaridan bo‘lib, yog‘ingarchilik oylik me’yorning 20 foizidan ham kam bo‘lgan. Aksincha, 2010 yil fevralida ayrim hududlarda yog‘ingarchilik me’yordan 200–300 foizgacha ko‘p chiqqan.
Qor qoplami bo‘yicha esa eng uzoq davr 2008 yil fevralida kuzatilgan: markaziy hududlarda qorli kunlar 20–25 kungacha, janubiy viloyatlarda esa 8–15 kun atrofida bo‘lgan.
Xulosa oddiy: fevralda havo bir oz iliqroq bo‘lishi mumkin, lekin yog‘ingarchilik ham ko‘proq. Shuning uchun “zahira reja” tayyor: qo‘lda soyabon, poyafzal suvga chidamli, tog‘ga chiqqanlar uchun esa qishki rejimni hali o‘chirmaslik.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!