2025 yil O‘zbekistonda eng iliq yillardan biri bo‘lgani ma’lum bo‘ldi

O‘zgidromet ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil O‘zbekistonda kuzatuvlar tarixidagi eng iliq yillar qatoridan joy oldi: u 2016 va 2023 yillar bilan bir qatorda tilga olinmoqda.
Hisobotda ta’kidlanishicha, yilning deyarli butun davrida havo harorati me’yoriy ko‘rsatkichlardan 1–2°C yuqori bo‘lgan. Aprel va may oylarida esa issiqlik yanada keskinlashib, o‘rtacha qiymatlar odatdagidan 4,5°C gacha yuqori qayd etilgan.
Yog‘ingarchilik ham kam bo‘lgan: yil davomida yomg‘ir va qor miqdori me’yordan qariyb ikki barobar past tushgan. Qurg‘oqchilik eng ko‘p aprel oyidan noyabrgacha bo‘lgan davrda sezilgan.
Vaziyat faqat dekabrda o‘zgargan — Toshkent va unga qo‘shni hududlarda sezilarli miqdorda yog‘ingarchilik kuzatilgan. Poytaxt uchun bu dekabr so‘nggi 25 yildagi eng yomg‘irli va eng qorli oy sifatida qayd etilgan.
Oy oxirida tog‘li hududlarda qor qoplami 85 sm gacha yetgani sabab Kamchiq dovoni va Chimyon atrofida qor ko‘chkilari tez-tez kuzatilgan. Dekabr o‘rtalaridagi bir haftalik sovuq to‘lqinga qaramay, oy yakuniy hisobda baribir me’yordan iliqroq bo‘lgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!