ChatGPT Health: salomatlik uchun alohida, maxfiy va aqlli maydon...

OpenAI ChatGPT ichida salomatlik va farovonlik mavzulariga maxsus yo‘naltirilgan yangi bo‘lim — ChatGPT Health’ni taqdim qildi. Ya’ni, endi “simptom nima degani?”, “tahlil javobidagi raqamlar normami?”, “shifokor qabuliga qanday tayyorlansam?” kabi savollar uchun alohida, tiniq va bir joyga jamlangan muhit paydo bo‘lmoqda.
Kompaniya aytishicha, salomatlik mavzusi ChatGPT’da eng ko‘p ko‘tariladigan yo‘nalishlardan biri: de-identifikatsiya qilingan tahlilga ko‘ra, har hafta 230 milliondan ortiq odam dunyo bo‘ylab sog‘liq va hayot tarzi haqida savol beradi. Shu ehtiyojni hisobga olgan holda, Health oddiy chatdan “bir qadam” yuqoriga chiqadi: maslahatlar mavhum umumiy gaplar emas, foydalanuvchining kontekstiga suyanishini maqsad qiladi.
Eng muhim yangilik — ma’lumotlarni ulash imkoni. Foydalanuvchi tibbiy hujjatlarini (tahlillar, qabul xulosalari, tarix) qo‘shishi, shuningdek Apple Health, Function, MyFitnessPal kabi ilovalarni bog‘lashi mumkin. Natijada bot so‘nggi ko‘rsatkichlar, uyqu-faollik, ovqatlanish odatlari yoki trendlar asosida tushuntirish berib, shifokorga beriladigan savollar ro‘yxatini tayyorlashga, analizlarni “qo‘rqmay” o‘qishga va vaqt o‘tishi bilan o‘zgarishlarni anglashga yordam qiladi.
Albatta, bu “uy sharoitidagi doktor” emas. OpenAI ochiq aytadi: ChatGPT Health tashxis qo‘ymaydi va davolamaydi — u shifokorni almashtirish uchun emas, balki insonni tibbiy suhbatga tayyor va xotirjam qilish uchun. Qisqasi, qabulga “men nima so‘rashim kerak edi?” degan pushaymonsiz borishga yordam.
Maxfiylik masalasida ham “qattiq rejim” qo‘yilgan: Health alohida maydon sifatida ishlaydi — chatlar, fayllar va ulangan ilovalar ma’lumoti boshqa muloqotlardan ajratilgan; qo‘shimcha shifrlash va izolyatsiya qo‘llanadi; eng muhimi — Health’dagi suhbatlar asosiy modellarni o‘qitish uchun ishlatilmaydi. Xotiralar ham alohida bo‘ladi va istalgan payt o‘chirish mumkin.
Loyiha “o‘zimiz yozdik — bo‘ldi” emas: OpenAI ikki yil davomida 60 davlatdan 260+ amaliyotchi shifokorlar bilan hamkorlik qilgani, ular model javoblariga yuz minglab marta fikr bildirganini qayd etadi. Bu javoblarda qachon mutaxassisga murojaat qilishni ayttirish, nozik vaziyatlarda zarar qilmaslik va oddiy tilda tushuntirish kabi nuqtalarni mustahkamlashga qaratilgan.
ChatGPT Health bosqichma-bosqich ochiladi: avval kichik guruhga beriladi, keyin esa yaqin haftalarda veb va iOS’da kengroq ommaga chiqarish rejalashtirilgan (ayrim integratsiyalar hozircha AQSHdagina, Apple Health uchun esa iOS talab qilinadi).
Yakun: salomatlik mavzusida “gugllab adashib ketish” o‘rniga, ma’lumotlaringiz bir yerda, izohlari ham sizga mos bo‘ladigan formatga o‘tyapti. Kelajakda bu bo‘lim odamlarning sog‘liqqa yondashuvini ancha ongli qiladi — faqat bir shart bilan: doktorga borishni kechiktirish uchun emas, doktorga to‘g‘ri tayyorgarlik ko‘rish uchun ishlatish.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!